Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kun o‘rtasidagi o‘g‘rilik. Luvr haqida siz bilmagan faktlar! (oxirgi qism)

Kun o‘rtasidagi o‘g‘rilik. Luvr haqida siz bilmagan faktlar! (oxirgi qism)

Xabaringiz bor, bir necha kun ilgari Luvr tarixi va undagi o‘g‘irlangan san’at asarlar qanday shakllantirilgani haqida ma’lumotlar taqdim etgan edik. Quyida uning oxirgi qismini e’tiboringizga havola qilamiz.

«Qo‘zichoqqa hurmat»

Avvalgi maqolada yo‘qolgan noyob asarlarni qidirish va tiklash bilan shug‘ullangan «monument erkaklar» guruhi haqida to‘xtalgan edik. Ushbu guruh a’zolari tarixchilar, o‘qituvchilar, kuratorlar va arxitektorlardan iborat bo‘lgan.

Siz suratdan ko‘rib turgan Jan van Eykning «Qo‘zichoqqa hurmat» panelli asar Belgiyada ma’lum muddat saqlangan edi. «Monument erkaklari» guruhining sa’y-harakatlari bilan u ortga qaytarilgan.

16 ming buyumlar qaytarilmadi

Natsistlar mag‘lub bo‘lgach, Fransiya hukumati tomonidan 45 mingga yaqin noyob buyumlar muzey fondiga qaytarib berildi.

Biroq, hukumat yana 16 ming dona buyumlarni qaytarmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular urushdan keyingi xarajatlar uchun sotib yuborilgan.

Jarayon sekin kechmoqda

MNRga san’at asarlarining o‘z egalariga qaytarish vazifasi yuklatilgan. Ammo, 1951-yildan 2018-yilgacha yuzlab asarlarning faqatgina 51 donasi qaytarildi. Fransiya san’at asarlarini qaytarishga urinayotgan bo‘lsa-da, hali hanuz qaytarilishi kerak bo‘lgan 2000 ga yaqin nodir asarlar mavjud. Jumladan Luvrda 300 ta.

Maxsus ko‘rgazma xonasi

Natsistlar tomonidan talon-toroj qilingan san’at asarlarini o‘z egalariga qaytarish uchun Luvrda maxsus ko‘rgazma xonasi tashkil etilgan. U yerda haqiqiy egalarini kutayotgan yuzlab asarlar mavjud.

Qabr bosqinchilari

Ma’lumki, Misr shohlari vodiysidagi qabrlar ham talon-toroj qilingan. O‘g‘irlangan aksariyat narsalar Luvrda ham borligi aniqlandi. Masalan, 2009 yil Luvrda namoyish etilgan freskalarning bir qismi 1980 yil Misr shohlari vodiysidagi qabrlardan o‘g‘rincha olib ketilganligi ma’lum bo‘lgan. Misr Luvr ma’muriyatidan ularni qaytarib berishni talab qildi.

Fransiya esa, buyumlarning o‘g‘irlanganligini bilmaslik da’vosi bilan buni rad etgan.

Mona Liza o‘g‘irlandi

Luvr ma’muriyati natsistlardan san’atni yashirishda mavaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, 1911 yilda ular unchalik omadli bo‘lishmagan. O‘sha yili Luvr g‘aroyib o‘g‘rilikni boshdan kechirdi. Ya’ni, Mona Liza g‘oyib bo‘ldi.

Aniqlashtirilishicha, muzey xodimi Vinkenzo Perugjia naq kunning o‘rtasida rasmni o‘g‘irlab ketgan. Rasmni qaytarish uchun esa, 2 yil kerak bo‘ldi.

Yana bir «xonim» ham g‘oyib bo‘ldi

1990 yilda Luvr ma’muriyati o‘zidagi Misr zargarlik buyumlari o‘g‘rilanganligini aniqladi. Atigi ming dollarga baholangan ushbu o‘g‘rilik, bir hafta ichidagi ikkinchi hodisa bo‘lgan.

Birinchi o‘g‘rilik Avgustin Renoirning portreti bo‘lib, u ramkasidan g‘oyib bo‘lgandi.

1,3 million dollarlik manzara

Kunduzgi vaqt ichida yana bir rasm o‘z ramkasidan kesib olinganligi oydinlashdi. Yuqorida ko‘rsatilgan manzara 1980 yillardan beri yo‘qolgan beshinchi noyob surat edi.

E’tiborlisi, mazkur rasm hajm jihatidan u qadar ham katta bo‘lmasa-da, 1,3 million dollarga baholangan. Ma’lumotlarga qaraganda avvalgi to‘rtta rasm topilgan va muzeyga qaytarilgan.

95 foiz rasmlar arxivda

Bugungi kunda, Luvr o‘zida yetti yarim mingdan ortiq noyob rasmlarni jamlagan. Lekin, ularning qariyb 95 foizi arxivda saqlanmoqda. Odatda, Luvr ham boshqa muzeylar kabi san’at to‘plamining atigi 5 foizini namoyish etadi, xolos.

Luvr Abu Dabi muzeyi

Luvr kolleksiyasi shu qadar kattaki, fransuzlar 2007 yil Abu Dabida ikkinchi darajali Luvr qurilishini ma’qullashdi. O‘n yil o‘tgach, Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari yangi muzeyni ochishdi.

Luvr Abu Dabi 260,000 kvadrat futni egallaydi. Bu ko‘rsatkich bilan u Arabiston yarim orolining eng katta muzeyidir.

Luvr nomi uchun to‘lov

Abu Dabi o‘zidagi muzeyga Luvr nomini olish uchun Fransiyadagi asl muzeyga to‘lov to‘laydi. Ya’ni, 30 yil davomida Luvr nomining «ijarasi» Abu Dabiga 525 million dollarga tushgan.

Shuningdek, Fransiyaga 300 ta san’at asarini ssudalash, boshqarish va maxsus ko‘rgazmalar o‘tkazish uchun yana 747 million dollar xarajat qilingan.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring