Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Madaniy merosimiz vayron qilinmoqda!» — Qashqadaryodagi vandalizm holati haqida

«Madaniy merosimiz vayron qilinmoqda!» — Qashqadaryodagi vandalizm holati haqida

Yakkabog‘da madaniy meros ob’yektlari bo‘lgan tepaliklarning ahvoli.

Ota-bobolarimizdan bizga meros qolgan, siz va bizni yelkasida onaday katta qilgan tuproq, bizni ulg‘aytirgan xalq va Vatan barchamiz uchun bebaho! Uning har qirich yerida tarix yashirin.

Keyingi yillarda madaniy merosimizga munosabat ijobiy tomonga o‘zgarayotgani kishini quvontiradi. Ammo hanuz madaniy meros sohasida boshqaruvning optimal yechimini topa olganimiz yo‘q. Shuning oqibatida sho‘rolar davrining oxirlarida qariyb 12000 deb ro‘yxatga olingan madaniy meros ob’yektlari hozirgi kunda 9000 yaqin qoldi.

Bu bo‘sh yerlarni o‘zlashtirish, qadimiy tepaliklarni vayron qilish, fermerlarning bir parcha yer va manfaat uchun madaniy merosga bepisandligi natijasida yuz bermoqda! Keyingi 30 yil ichida jamoa xo‘jaliklari, tumanlar, maktablardagi ko‘plab muzeylar talon-toroj qilindi va yo‘q bo‘lib ketdi. Yuzlab tepaliklar garchi ular arxeologiya ob’yekti bo‘lsa-da surib tashlandi!

Biz bu kunlar ortda qoldi, deb turgan paytimizda ayni shu kunlarda ham vandalizm davom etmoqda. Kuni kecha biz Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida bo‘lib, bu holga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik.

Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, Yakkabog‘ tumanida ayni paytda 142 ta madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan. Ulardan 40 tasi me’moriy obidalar, qolganlari ziyoratgohlar, qadamjolar, arxeologiya ob’yektlaridir. Yaqin vaqtgacha tumandagi 220 gektar yer tabiiy va madaniy meros ob’yektlari hududi sifatida alohida nazoratda edi. Ammo ulardan 120 gektari tuman zaxirasiga o‘tkazildi. Bu yerlar afsuski fermerlarga va xususiy shaxslarga bo‘lib berilmoqda. Ulardan ko‘plari madaniy meros ob’yektlari hududlaridir.

Yakkabog‘ markazidagi qadimiy 12 chashma bo‘yi, Sandaltepa, Kindiktepa, Shlyapatepa kabi o‘nlab tepaliklar vayron etilib, g‘isht zavodlari uchun xom-ashyo, tadbirkor uchun inshooot qurilishi, fermerlar uchun ekin maydonlariga aylantirilmoqda.

Eng yomoni, bu holga hokimiyat organlari, soha mas’ullari beparvo qarab turibdilar. Ayniqsa, tumandagi «Qatag‘on kelajagi» MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar kishini g‘azabga keltiradi. Ular qadimiy tepaliklarni g‘isht zavodi uchun xom-ashyoga aylantirganlar.

Vujudga kelgan vaziyatda Yakkabog‘ tumanidagi «Qatag‘on kelajagi»  MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan vandalizmni zudlik bilan to‘xtatishga, deputatlar, jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, bu tashkilotning tabiatga va ma’naviyatga yetkazgan zararini aniqlash, uning va bu tepaliklarni buzishga izn bergan mas’ul shaxslarning faoliyatiga huquqiy baho berishni, tuman yoki viloyat kengashida vaziyatni muhokama qilib, bundan buyon Yakkabog‘ hamda boshqa tumanlarda bu kabi vandalizmning amalga oshirilishi oldini oladigan qat’iy choralar ko‘rishni taklif qilamiz.

Sho‘rolar davrida Oliy Sovet prezidiumining raisi «Tarixiy va madaniy yodgorliklarni saqlash» jamiyatining faxriy raisi hisoblanardi. Biror tarixiy yoki madaniy meros ob’yektiga xavf solinsa, darhol eng yuksak darajada uni to‘xtatish choralari ko‘rilar edi. Hozir yangi tizim bo‘yicha madaniy meros ob’yektlari viloyat va tuman madaniy meros boshqarma va bo‘limlari ixtiyoriga o‘tmoqda. Hali bu tizim tugal ishga tushmadi va uning vakolati ba’zida tez chora ko‘rishga ojizlik qilmoqda. Biz ham merosimiz tez va yuksak darajada himoya qilinadigan tizimni yaratishimiz kerak. Bo‘lmasa kelajak oldida ajdodlarimiz merosini nafaqat asrolmagan, balki vayron va yo‘q qilgan avlod sifatida yuzimiz shuvit bo‘ladi!

Suratlarda: bugungi kunda Yakkabog‘da madaniy meros ob’yektlari bo‘lgan tepaliklarning ahvoli.

Amirqul Karimov,
Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamoat fondi raisi

Manba: facebook.com

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring