Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milliy o‘ziga xoslik bilan manmanlik orasida juda katta farq bor — Zulfiqor Musoqov o‘zbek kinosidagi kamchiliklar xususida (video)

Milliy o‘ziga xoslik bilan manmanlik orasida juda katta farq bor — Zulfiqor Musoqov o‘zbek kinosidagi kamchiliklar xususida (video)

Foto: Xabar.uz

Xabar.uz jurnalisti taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan intervyu o‘tkazdi. Unda ijodkor kinodagi kamchiliklar, yangi rejalari va boshqa fikrlari bilan bo‘lishdi. 

Kinoda o‘z imzosiga ega bo‘lish menimcha juda qiyin, bu tushuncha davlatlarning umumkino sanoatini nazarda tutishi ham mumkin, masalan Hindiston, Eron, hattoki so‘nggi vaqtlarda e’tibor berish mumkin, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning ham o‘z stilistikasi shakllandi. Bu savolni sizga berishimga sabab, o‘zbek kino sanoatida o‘zining yaqqol imzosiga ega rejissyor sifatida ko‘pchilik sizni biladi. Bu stilistika, imzo qanday shakllanadi va hozirda “O‘zbekkino”da o‘sha “imzo” shakllanib ulgurdimi?

– O‘z ijodim haqida gapirishni nokamtarlik, deb hisoblayman. To‘g‘risini aytsam, o‘z imzoimga egamanmi, yo‘qmi, buni ham bilmayman. Bir do‘stim aytgan edi, har bir milliy kinoning imzosini rejissyorlar yaratadi. U rejissyor qanchalik shakllanib ulgurdi, buni faqat vaqt ko‘rsatadi.

Serial olishda ham tajribaga egasiz. Balki kuzatayotgandirsiz, balki yo‘q, lekin so‘nggi vaqtlarda televideniye yoppasiga serial va telenovella olishni boshladi, niyat yaxshi, odob-axloq vajida olinayapti, deyish mumkin. Lekin ushbu seriallardan razillikning har qanday ko‘rinishini topsa bo‘ladi. Bu borada umumiy fikringiz qiziq va bu kabi bir martalik seriallarni qanday tartibga solish mumkin?

– Bu bo‘yicha bir necha marotaba o‘z fikrimni bildirganman. Men o‘zim shaxsan televideniyedan yiroq odamman, u yerdagi seriallardan xabarim yo‘q, ammo nazarimda “bizning mahallaga kirmanglar” degan yozilmagan qonunlar bordek. Ssenariy yozish professionallarga berilmaydi, berilsa ham, qalam haqqi shunchalik kamki, odam hayron qoladi. Buning uchun yangi kuchlar kerak, yangi yechimlar kerak, aks holda zarar keltiradi. Serialga avval boshdan professional ssenarist qo‘l urishi kerak va professional rejissyor yondashuvi muhim. Bularni tartibga solish bo‘yicha esa hech narsa deya olmayman.

Qaysidir bir intervyuda Eron kino sanoati muxlisiman degandingiz, aynan qaysi jihatlari bilan muvaffaqiyatga erishgan, deb hisoblaysiz?

– Eron kinomatografiyasining eng katta yutug‘i, oddiylikda, xalq hayotini ko‘rsatib berishida, ular oddiy xalq tashvishlari va yumushlarini aks ettirish orqali butun dunyoga o‘z madaniyatini ko‘rsata olishdi.

Milliy kino deganda bir qancha sayoz fikrlarni eshitaman, mentalitet “posbon”lari ko‘payib qolgandek. O‘sha “Abdullajon” filmini olaylik, vaqtida “Sen o‘zbek madaniyatini sezmaysan” degan ayblovlar ham qo‘yilgan. Vaholank, mana 30 yilki xalqimiz yaxshi ko‘rib tomosha qilib kelyapti. Milliy o‘ziga xoslik bilan manmanlik orasida juda katta farq bor! Milliy g‘urur deymiz, bu degani boshqa millatni kamsitish yoki o‘zini qolganlardan yuqori tutish degani emas-ku. Har bir millat g‘ururlanaversa, ahvol nima bo‘ladi? Butun dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga qarang.

Tendensiyalar xususida gaplashsak, oxirgi vaqtlarda sun’iy intellekt paydo bo‘lishi juda ko‘p sohalarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Xususan, matn va ssenariylar yozish, video yaratish va xattoki mulfilmlarni yaratishda ham. Bu borada sizning prognozlaringiz qanday? O‘zi umuman Zulfiqor Musoqov tendensiyalarga qayday qaraydi. An’anaga rioya qilish muhimmi yoki tendensiya oqimida suzish?

– Ochig‘i, sun’iy intellekt meni xavotirga soladi. Lekin ishonchim komilki, hech qaysi sun’iy intellekt kino sanoatida insonning yuzi, ko‘zi, fikrlarini ifoda eta olmaydi.

Zulfiqor Musoqov qanday yangiliklar kutsak bo‘ladi?

– Yangi film ustida ish boshladik, hozircha ishchi nomi “Fudziyama haqida tushlar”. Ayollarning dardi, fuqarolarning yumushlari haqida shiddatli bir film bo‘ladi. O‘zgacha yo‘nalish, umuman, boshqa janrda suratga olingan. Yangi yilgacha suratga olishni yakunlash niyatidamiz.

Intervyuni to‘liq shaklini Xabar.uzning YouTube kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin!

Mahfuza Ro‘yidinova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring