Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan media mahsulotlar taqdimoti o‘tkazildi

Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan media mahsulotlar taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsatsiyasining media-xollida tegishli vazirlik va idoralar vakillari, assotsiatsiyaga a’zo teleradiokanallar xodimlari ishtirokida «O‘zbekiston mustaqilligi 30 yilligi – nodavlat elektron media nigohida» mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi rahbari o‘rinbosari - Matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqalar davlatimiz rahbari tomonidan milliy jurnalistikamiz rivojiga qaratilayotgan e’tibor, xususan Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigidan kelib chiqadigan vazifalar, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ijodiy ishlar xususida so‘z yuritdilar.

— Hukumatimiz tomonidan ommaviy axborot vositalariga, ularning xodimlariga, jurnalist va blogerlarga hech qachon bugungidek e’tibor, g‘amxo‘rlik bo‘lmagan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, — Soha vakillari emin-erkin ishlashi, ochiq-oshkora ijod qilishi uchun barcha sharoitlar, qonuniy asoslar yaratib berilmoqda va bundan keyin ham sohaga e’tibor ortib boraveradi. Bu albatta, jurnalistlar, blogerlar zimmasiga o‘ziga yarasha katta mas’uliyat yuklaydi. O‘z ishiga yangicha yondashishni, yangicha fikrlashni talab etadi.

Konferensiyada ta’kidlanganidek, Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari qatorida O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi vakillari, nodavlat teleradiokanallaridan sakkiz nafar xodimlar ham davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandilar. So‘zga chiqqanlar bu yuksak e’tibor va e’tirof uchun chuqur minnatdorlik bildirishdi.

Assotsiatsiya a’zolarining umumiy yig‘ilishida qabul qilingan «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» media dasturida ham nodavlat telekanallar faoliyatini rivojlantirish, ularning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, jurnalistlarimizning bilimi va malakasini oshirish, ayniqsa, yosh media mutaxassislarni tayyorlash, rag‘batlantirish singari masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, mazkur hujjatda jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari negizida joylarda nodavlat telekanallar bilan hamkorlikda media-studiyalar hamda konvergent tahririyatlar tashkil etish ham o‘z aksini topgan.

— Juda tezkor zamonda, axborot zamonida yashayapmiz, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi rahbari o‘rinbosari — Matbuot kotibi Sherzod Asadov, — Davlatimiz rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan uchrashuvida yosh avlod hayoti bilan bog‘liq ko‘plab masalalar qatorida yosh tadbirkorlar faoliyatiga to‘xtalib, «bunday o‘g‘il qizlarimiz- zamonamizning yosh qaxramonlaridir. Ularning dastlabki, ammo umidbaxsh yutuqlari haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatuvlar, maqola va suhbatlar tashkil etib amalga oshirayotgan ibratli ishlarini keng jamoatchilik, avvalo tengdoshlari o‘rtasida targ‘ib qilish ayni muddao bo‘ladi», — deb alohida ta’kidladilar. Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga a’zo barcha telekanallar ham hurmatli Prezidentimizning bu topshiriqlarini bajarishda jonbozlik ko‘rsatishlari zarur.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi media-maydoni – «Media-xoll O‘zEOAVMA» ham foydalanishga topshirildi. Kelgusida ushbu media-xollda turli vazirliklar va idoralar rahbarlari ishtirokida ochiq muloqotlar, tok-shoular, debatlar, uchrashuvlar o‘tkaziladi, yangi-yangi loyihalar amalga oshiriladi.

— Barchamizga yaxshi ma’lum, bugun xalqimiz Mustaqilligimizning 30 yilligiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda, — dedi O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov. — Xususan, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsatsiyasi ham shu ulug‘ sana munasabati bilan «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» milliy media dasturini tayyorlab qabul qildi. Media dasturdagi har bir loyiha mamlakatimiz, mehnatkash xalqimiz hayotining muhim qirralarini chuqur yoritishga xizmat qiladi. Hozirda mazkur Media dasturda ko‘zda tutilgan loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ishonchim komil, O‘zEOAVMAga a’zo telekanallar jamoasi uni amalga oshirishda faol qatnashadi. Bugungi Yangi O‘zbekistonga yangicha nigoh bilan qarab, yurtimizda barcha sohalarda jadal kechayotgan islohotlardan, yorqin o‘zgarishlardan, yangilanishlardan mamnun, hayotidan rozi oddiy insonlar, bugunning qahramonlarini, ayniqsa ko‘proq yoshlar qiyofasini teleekranlarimizda, radiokanallarimizda talab darajasida yoritib beradilar.

Konferensiyada «Yangi O‘zbekiston. Yangi Nigoh» media dasturini amalga oshirish uchun vazirlik va idoralar bilan ularning faoliyatini keng yortishi,zamonaviy media mahsulotlar tayyorlash yuzasidan shartnomalar tuzilayotganli alohida ta’kidlandi.

Anjumanda assotsiatsiyaga a’zo tederadiokanallarning ijodkor vakillari mustaqilligimizning 30 yilligiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan ma’lumotlar berib, taqdimotlar o‘tkazishdi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan «JASLAR TV» telekanali va «NUKUS FM» radiosi direktori Mnayim Paluanova, «GOLD UZ» telekanali bosh muharriri Ahror Ziyodov, «JIZZAX TV» telekanali ta’sischisi Baxtiyor Eshonqulov, «Sobir Media» MChJ 8-TV telekanali ta’sischisi Sobir Ahmedov, «TTV To‘rtko‘l» telekanali direktori G‘ulomjon Eshniyozov va boshqalar bugungi kunda O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsatsiyasi markaziy va hududiy nodavlat telerodiokanallarni o‘z atrofida birlashtirgan ta’sirchan va keng qamrovli tashkilot sifatida mamlakatimiz media maydonida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lganligi, yurtimizda kechayotgan yangilanishlar va o‘zgarishlarni markazida bo‘lib, Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘zida mujassam etgan sifatli media mahsulotlar tayyorlab, efirga uzatayotganligi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Tadbir so‘ngida O‘zEOAVMAga a’zo teleradiokanallarga umumiy qiymati 1 miliard so‘mdan ziyod bo‘lgan zarur texnikalar, asbob-uskunalar, kompyuter jamlanmalari tantanali ravishda topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring