Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tkir Hoshimovning quvonchi va qayg‘ulari: 24 may — adib vafot etgan kun

O‘tkir Hoshimovning quvonchi va qayg‘ulari: 24 may — adib vafot etgan kun

«Bu uyda O‘zbekiston Xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov yashab, ijod qilgan (1941 2013)» deya yozilgan va ustoz barelefi o‘rnatilgan uyning qo‘ng‘irog‘ini bosar ekanman, barmoqlarim bilinar-bilinmas titrar edi. Bu, ehtimol, yoshligimizda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan kitob­larini talashib, tunlarni tonglarga ulab o‘qib, bizni goh yig‘latib, goh quvontirgan asarlar muallifining xonadonida bo‘lish baxtiga shukronalik, ich-ichimdan ustozga hurmat-ehtirom, muhabbat tufaylidir... 

Xalq maorifi a’lochisi, I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibasi, kichik jussali, ochiq chehrali, farishtamonand, kamsuqumgina O‘lmasxon aya Hoshimova darvozani ochib, ustozning ijodxonasi tomon boshladilar.

Ustozning ijodxonasi mo‘’jazgina, kitoblarga to‘la javonlar, yozuv stoli va adibning siymosi aks etgan portret... Xuddi ishga ketganu, qaytadigan vaqti bo‘lib qolganday saranjom-sarishta.

O‘lmasxon aya yon-atrofga ishora qilgancha:

– Mana shu xona ularning asarlari tug‘ilgan ijodxonalari... O‘zlari kabi oddiy va kamtargina... – deydilar mehr va sog‘inchga to‘la horg‘inlik bilan.

Men sog‘inch haqida savol bermoqchi bo‘laman-u, yuragim betlamaydi. 

Aya yoshlik yillarini eslar ekan, chehralarida ajib bir nur balqiydi go‘yo.

– U kishi oliygohning jurnalis­tika, men esa filologiya fakultetida tahsil olganmiz. 3-kursda tanishganmiz. Ko‘ngil yaqinligi tufayli bo‘lsa kerak, bir-birimizni yaxshi tushunar edik. 1969 yilda to‘yimiz bo‘lganida u kishi «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlar, men esa aspiranturada o‘qir edim. Mumtoz adabiyotga ixlosim balandligi bois ilmiy ish qilish niyatida edim.

Meni universitetda ishga olib qolishdi. Talabalarga adabiyot nazariyasi va chet el adabiyotidan saboq berardim. Qaynonam rahmatli juda keksayib qolganlari uchun ilmiy ishimni to‘xtatishga qaror qilganman.

– Yangi oila... Unga ko‘nikib ketguncha muammolar bo‘lgandir?

– Biz oddiy va kamtarona hayot kechirganmiz. Ammo mehr-muhabbatli... Adib oddiy va ziyoli oilada voyaga yetganlar. Bobolari, otasi ziyoli, o‘qimishli odamlar bo‘lishgan, savdo-sotiq, dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Ularning bobolari «Abulqosim madrasasi»ni qurdirgan, o‘sha davrdagi shahar va muzofotning eng etiborli kishisi Abulqosim eshon bo‘lgan. Otasi Ataulla Hoshimov ishchi bo‘lib, xiyla tajang, kamgap, haqparast inson bo‘lganlar. Qaynonam Hakima aya mehnatkash, sodda, kamtar, xalq og‘zaki ijodini yaxshi biladigan, laparlarni do‘ndirib aytadigan ayol edilar. U kishi shu qadar mehribon va kamtar edilar-ki, biron marta dilimni og‘ritmaganlar, desam ishonavering. Mahalla-ko‘y u kishini «poshsho oyi» deb chaqirsa, qaynonam meni erkalab «poshsho kelin» deb chaqirardilar. Ulardan juda minnatdorman. Menga ko‘p narsa o‘rgatganlar: muomala madaniyati, uy yumushlari, bola tarbiyasi... Qaynonam, onam va buvimlar meni oilada chidamli, sabr-qanoatli bo‘lishga, odamlarga mehribon bo‘lishga o‘rgatishgan.

Men «Do‘mbrobod» qishlog‘idagi shunday oilaga kelin bo‘lib tushganimdan haligacha faxrlanaman. Bu qishloqning odamlari ham, men kelin bo‘lib tushgan xonadon kishilari ham juda mehribon va ajoyib insonlar. Qish­loq haqida keyinchalik adibning o‘zlari: «Men poytaxtning qoq biqinidagi qishloqda tug‘ildim... Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak», deb yozgan edilar.

– Ustozning hech kimga o‘xshamagan, o‘ziga xos xislatlari haqida gapirsangiz.

– Juda adolatparvar inson edilar. Nohaqlikni ko‘rsalar «yonib» ketardilar. Bu xislatlari asarlarida ham aks etgan. Shu bilan birga, kamsuqum, juda xokisor inson bo‘lganlar. Shu qadar kamtar edilar-ki, hech qachon biron bir joyda o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmaganlar, ta’magirlik degan illat ularga begona edi. Oddiy yashashni, oddiylikni yaxshi ko‘rar edilar. Hashamatli hayotga intilmaganlar va dabdabani yomon ko‘rardilar. Bu xarakter menda ham bor. Men ham dabdabani yoqtirmayman va zeb-ziynatga umuman qiziqmaganman. Bu bizning o‘xshash tomonlarimiz.

Shu bilan birga, u kishi o‘ta samimiy, qalbi toza, xushfe’l, shinavanda, odamoxun inson bo‘lganliklari uchun bo‘lsa kerak, do‘stlari, shogirdlari ko‘p edi. Yosh ijodkorlarni qo‘llashga intilar, ustozlarini hurmat qilar, ular bilan aka-ukadek yaqin munosabatda bo‘lar edilar. Bu «Shumliklar»ga kirgan hangomalarda ham aks etgan.

Juda tirishqoq va mehnatkash edilar. Ijod jarayonida o‘zlarini ayamas, o‘zlariga nisbatan o‘ta shafqatsiz edilar. Ijodxonalariga kirib, bir asarni yoza boshlasalar, kechayu-kunduz bosh ko‘tarmay ishlar edilar. Ayniqsa, asarni tugatganlaridan keyin har bir satrni qayta ko‘rib chiqishga katta e’tibor qaratar edilar. Birorta so‘z tak­ror ishlatilmasligi kerak edi.

Bir gal Abxaziyaning Pitsunda shahriga bordik, Yozuvchilar ijodiy uyi tomonidan ajratilgan xonaga joylashdik. Men bolalarni dengiz bo‘yiga olib boraman, u kishi xonadan chiqmay ishga sho‘ng‘iydilar. Oradan 10 kuncha vaqt o‘tdi. Bir kuni xonaga qaytsak, yozgan 100 betcha narsasini yirtib tashlayaptilar. Qo‘lyozmaning bir qismini qo‘llaridan bazo‘r olib qoldim. Qarasam, sarlavhasi «Ertaga kuz». O‘qisam, binoyidek yozilgan. 

«Bo‘lmaydi! Sig‘mayapti! Xom!» dedilar.

Oradan ikki yil o‘tgach, «Ikki eshik orasi» yozib tugatilgach, nima xom va nima sig‘mayotganini angladim. «Ikki eshik orasi»dek salmoqli, falsafiy, psixologik roman avvalgi uslubga ham, qolip(kompozitsiya)ga ham sig‘ishi mumkin emas edi... Bu roman minglab o‘zbek xonadonlariga yetib bordi, deyarli uch yuz ming nusxada o‘n marta nashr qilindi, boshqa tillarga tarjima qilindi.

Adib hayotda nimaga-ki erishgan bo‘lsalar, hammasiga o‘z bilimi, iqtidori, mehnati bilan erishganlar. O‘z ustilarida ishlashdan charchamas edilar. Ana shu mehnatkashliklari bilan o‘zlariga yo‘l ochardilar. U kishining Alloh bergan tug‘ma iste’dodlari bor edi. Asarlarida ham ilohiylik bor. Ana shu narsa asarlarini umrboqiy qilgan bo‘lsa kerak. Negaki, qay bir asarini qaysi zamon yoki qaysi vaqtda o‘qisangiz ham hozirgina yozilganday, bugungi voqealarni o‘z ichiga olganday bo‘laveradi.

– Ustozning hayotda yoqtirgan va yoqtirmaganlari...

– Yolg‘onni, ikkiyuzlamachilikni, laganbardorlikni yomon ko‘rardilar. Bunday insonlar bilan sira murosa qila olmas edilar.

To‘g‘riso‘z, haqiqatgo‘y, insonparvar odamlar bilan muloqotda bo‘lishni yaxshi ko‘rardilar, suhbatdoshini jon qulog‘i bilan tinglardilar, uning dardu-iztirobini, baxtu-baxtsizligini yurakdan his qila olardilar. Balki shuning uchun ham asarlari xalqchildir, shu bois kitobxonlar qalbidan joy olgandir.

Adibda ichki bir nur, ziyo bor edi. Bu tuyg‘u uning butun vujudiyu, chehrasida ufurib turardi. Qo‘llaridan kitob tushmas, mutolaa jonu-dili edi.

– Oilada qanday tartib-intizomga rioya qilinardi?

– Oilamizda ota mavqei nihoyatda baland tutilgan. Bu menga rahmatli qaynonamdan o‘tgan. Ular qaynotamni juda hurmat qilganlar. Farzandlariga otang kelayaptilar, desalar, bolalarining hammasi jimlik va tartib-intizomni saqlab, ota hurmatini joyi­­ga qo‘yishgan. Nafaqat farzandlarim, balki nevaralarim ham ularga o‘xshashini orzu qilaman. Men ham bolalarimga: «Adang ishlayaptilar», desam, shu so‘zning o‘zi kifoya edi. Hovlimiz shu qadar tinch va sokin bo‘lib qolardi-ki, hatto pashsha uchsa eshitilardi. Bolalarimiz ham juda sezgir, odobli, intizomli bo‘lib, otasini juda yaxshi ko‘rib, hurmat qilganliklari uchun ularning ijod jarayonlariga xalaqit bermaslikka harakat qilishardi.

Adib oilaboshi sifatida juda zukko edilar. Har kuni bir bora xonadonimizga razm solib, nima kamchilik­lar borligini anglar va ro‘zg‘or kam-ko‘stini shu kuniyoq butlab qo‘yish harakatida bo‘lardilar.

– Onalariga, sizga munosabatlari haqida ham to‘xtalsangiz.

– U kishi onasiga ham, menga ham juda mehribon edilar. Umuman, barcha ayollarning hurmatini joyiga qo‘yardilar. Adib onasini shu qadar yaxshi ko‘rib e’zozlar edilar-ki, buni «Dunyo­ning ishlari»ni o‘qigan har bir kitobxon his qilishi mumkin. Nashrdan chiqqan har bir kitobini birinchi bo‘lib, «Mening birinchi ustozimga!» degan dastxat bilan onalariga berar edilar. Qaynonam ham bunday ehtiromga yuz karra loyiq ayol edilar. Sodda, mehnatkash, samimiy, jonkuyar, xoksor....

Vaqt o‘tib angladim-ki, mehr mehrni yetaklab kelar ekan. Qaynonam­ning mehri o‘g‘illariga, menga o‘tdi, bizning mehr-muhabbatimiz esa zurriyodlarimizga yuqdi. Shu bois xonadonimiz mehr shu’lasi bilan charog‘on. Qaynona-qaynotamga havasim keladi. Bilasizmi, nima uchun? Mening turmush o‘rtog‘imday olijanob farzand tarbiyalaganlari uchun!

– Inson qanchalik mukammal bo‘lmasin, oilada bir-birini tushunmaslik holatlari bo‘lib turadi, shunday emasmi?

– Tushunmovchilik bo‘lgan holatlarda biz arqonni uzun tashlab qo‘yardik. U kishi tashqariga, ochiq havoga chiqib bir aylanib kelardilar, men esa ishimni jimgina qilib yuraverardim. Kelish­lari bilan ilgarigiday gaplashib ketaverar edilar. Ikkalamiz ham gina va kek saqlamaganmiz.

– Bolalar tarbiyasida ko‘proq nimalarga e’tibor qaratar edilar?

– «Oilani muqadas bilmaganlar uchun muqaddas narsaning o‘zi yo‘q», deb yozgan edilar o‘z bitiklarida adib. Yana Farrux va Yulduz haqida: «Mening ikkita eng qimmatli «asarim» bor. Biri o‘g‘lim, biri qizim», deb ko‘p bora tak­rorlar edilar. Ota sifatida o‘zi farzandlariga o‘rnak ko‘rsatish orqali tarbiya berardilar. Mehribon bo‘lish bilan birga kerak paytida talabchan ham edilar. Biroq hech qachon bolalarni urishganini, hatto ovozlarini baland ko‘targanlarini ko‘rmaganman ham, eshitmaganman ham. Bolalar otasining dilidagi fikrini nigohlaridan bilib olishardi: qarashlarining o‘ziyoq ularni tinchitardi. Ular biron nojo‘ya ish qilib qo‘yishsa, koyish, urishish o‘rniga ibratli bir ertak yoki hikoya aytib berardilar. Kerakli o‘rinlarda bolalar o‘z xatolarini to‘g‘ri anglashlari uchun ta’kid ohangi kuchliroq bo‘lardi. Shu yo‘sin ular nima yaxshi-yu, nima yomonligini, nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘riligini anglashga o‘rgatilar edi. Mabodo o‘rtog‘i bilan arazlashib qolganini sezsalar, nasihat qilardilar: «Yaxshilab o‘ylab ko‘r, qilgan ishing to‘g‘ri bo‘lsa o‘rtog‘ingga tushuntir, noto‘g‘ri bo‘lsa, kechirim so‘ra».

Farzandlariga oilaparvar, sabr-qanoatli, odamlarga mehrli bo‘lishni, ularning qalb iztiroblarini his qilishni, muhtojga yordam qo‘lini cho‘zishni, haromdan hazar qilishni uqtirardilar. Shuning uchun ham ular o‘z bilimi, harakat va intilishlari bilan o‘qish, ishlash va halol yashashga o‘rgandi. Chunki ota: «...obro‘ qozonishning eng halol yo‘li – mehnat va kamtarlik», degan fikrlarni ularning ongiga singdirgan edi.

Bir gapni ko‘p takrorlardilar: «Ota uchun bola javobgar emas. Ammo bola uchun ota javobgar. Ota bolani dunyoga keltiradi va tarbiyalaydi». Darhaqiqat, oila tinchligi, totuvligi, avvalo, kattalarga bog‘liq. Ota aqlli, ona oqila, saranjom-sarishta, pazanda bo‘lsa, oila mustahkam bo‘ladi.

Nevaralari yonida bo‘lganda o‘zlari ham bolaga aylanib qolar, bolalarning beg‘ubor qiyqirig‘iyu, adibning samimiy kulgilari hovlini tutar edi. Ularga ertak aytib berishni qoyillatardilar: «Ali bolam, bali bolam, eshiging­­ni och...», «...chori chambar, biri anbar, oyog‘ingni tort...», «...o‘ng qo‘limdan tortgina, chap qo‘limdan tort...» kabi hikoyalarini nevaralarimiz haligacha eslab o‘tirishadi.

– Adibning ijod jarayonlari qanday kechar edi?

– Ijod murakkab jarayon. Biror bir asar tug‘ilishidan oldin adib o‘ychan bo‘lib qolar, bu holati oylab davom etishi mumkin edi. Chunki asar, avvalo, miyada yozilardi. Menimcha, yozuvchi yozilayotgan voqealar ichida yashar, qahramon qismatiga sherik bo‘lib, quvonsa quvonar, aziyat cheksa siqilardi. Asar yozilib bo‘lgach, turmush o‘rtog‘imning vujudidagi horg‘inlikni his qilib, yuragim ezilardi. Ko‘zlaridagi mamnunlik esa ishidan qoniqish hissi ekanligini ko‘rib quvonardim. Shunda ijodkor qismati juda og‘ir va mashaqqatli jarayon ekanligini anglardim. Adibning: «Ijod – o‘ta murakkab, mas’uliyatli, olis va mashaqqatli yo‘l. Ijod jarayonida qandaydir ilohiylik bor. Haqiqiy ijodkor Alloh ko‘ngliga solganidagina qo‘liga qalam oladi. Chinakam badiiy asar yozilmaydi, tug‘iladi», degan gap­larida jon bor. Asar qanchalik ravon o‘qilsa, biling-ki, u ming mashaqqat bilan yozilgan bo‘ladi. Shuning uchun ham adib kitobxonlar qalbiga asarlari tilining xalqchilligi, insonlar taqdirining haqqoniy tasviri orqali kirib bordi va xalq mehrini qozondi. Adibning o‘zi aytganidek: «Kitobxon mehrini yalinib ham, zo‘ravonlik qilib ham, sotib olib bo‘lmaydi».

Xalq o‘zining dardini tushunadigan, qalbiga yaqin bo‘lgan ijodkorni sevadi. Bunday baxtga erishish juda mushkul. Adibga ana shunday saodat nasib etganidan baxtiyorman.

– Asarlarining birinchi o‘quvchilari kimlar edi?

– Qirq yil davomida yozuvchining yaratgan asarlari qanday tug‘ilganiga guvohman. Adib yangi asar yozish paytida xayolchan, biroz tajang bo‘lib qolardilar. Ijodxonalariga kirib ketib, kechayu-kunduz butun borliqni unutib yozar edilar. Asar bitmaguncha hech kimga ko‘rsatmas edilar. Agar yozganidan ko‘ngli to‘lsa, chehralari ochilib, qo‘lyozmani bizga berardilar. Shu tariqa farzandlar bilan birga qo‘lyozmani birinchi bo‘lib o‘qish baxtiga musharraf bo‘lardik. Asar haqidagi fikrlarimizni og‘rinmay inobatga olardilar. So‘ng deyarli barcha asarlari Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim G‘ofurov, Abdug‘ofur Rasulov, Nosir Fozilov, To‘lqin Rasulov kabi ustozlar va do‘stlari, hamkasblarining nazaridan o‘tkazilardi.

– Siz uzoq yillar pedagog sifatida faoliyat yuritgansiz. Oila yumushlari, kundalik tashvishlar, buning ustiga ijodkorning injiqliklari sizni charchatmaganmi?

– Inson bir-birini tushunsa, yashash juda zavqli bo‘ladi. Biz bir-birimizni yaxshi tushunardik. Bolalar uy saranjomligiga qarashar, men oila a’zolarimning kiyim-boshiyu osh-ovqatini tayyorlardim. Ishqilib, hammasiga ulgurardik. 47 yil bo‘lg‘usi pedagoglarga «Jahon adabiyoti», «Notiqlik san’ati» kabi fanlardan saboq berganman. Bugungi kunda shogirdlarimning ham sochlariga oq tushgan, ta’lim darg‘alariga aylanishgan. Mamlakatimizning barcha viloyatlarida shogirdlarim bor. Bayramlarda, yaxshi kunlarda yo‘qlab, kelib turishadi. «Meni tanidingizmi ustoz?» deyishadi. Qarab turib: «Sen Diloromsan, sen Saidasan, sen Husnorasan», deyman. Ko‘zlaridan taniyman ularni.

– Asar yozilishidagi quvonch va iztiroblar haqida ham gapirib bersangiz.

– Asarni yozib tugatganlarida, ular nashrdan chiqqanida ko‘zlari quvonch­­ga to‘lganini ko‘rardim. Agar asar fojiali tugasa... 

1980 yilda qaynonam olamdan o‘tdilar. Bu kishi juda qattiq qayg‘uga botdilar. Buni ko‘rgan adabiyotshunos-olimlar adibni «Sijjak»ka dam olishga olib ketishdi. O‘shanda: «O‘tkirxon, siz bu iztiroblaringizni qog‘ozga tushiring. Sizda bunga iqtidor bor-ku», deb maslahat berishibdi. «Dunyoning ishlari» asarining eng oxirgi boblari bo‘lgan «Iltijo» bilan «Oq marmar, qora marmar»ning yozilishiga shu maslahat turtki bo‘lgan. Bu asarning barcha boblarini ona – Posh­­sho oyim siymosi birlashtirib turadi, bu adib tomonidan o‘z onalari bilan birga barcha o‘zbek onalariga qo‘yilgan haykaldir.

Yozuvchining yig‘laganiga uch marta guvoh bo‘lganman. Birinchisi, qaynonam olamdan o‘tganlarida, ikinchisi, «Oq marmar, qora marmar»ni yozib tugatganlarida. Uchinchisi, «Ikki eshik orasi» romanini yozayotganlarida. O‘shanda ijodxonalariga kirsam, ko‘zlari to‘la yosh, yig‘lab o‘tiribdilar. Menga qaradilar-da: «Munavvarni o‘ldirib qo‘ydim», deb chiqib ketdilar. Qarasam, qo‘lyozmalariga ham ko‘z yoshlari tomchilabdi... Ana shunday, ijodkorning quvonchiyu qayg‘usi hamisha birga yuradi.

«Tushda kechgan umrlar»da Rustam afg‘on urushidan qaytib kelib, o‘zini o‘ldirganida ham juda qattiq iztirob chekkanlar.

– Ustozning ushalmagan orzu-armonlari bormidi?

– Adib shoira Nodirabegim hayoti haqida tarixiy roman yozishga kirishgan edilar. Afsus, tugata olmadilar. «Ayasi, shu romanni yozishga ulgurolmay qoldim, hali qilolmagan, qilishim kerak bo‘lgan qancha ishlarim bor edi», dedilar. Endi bularning hammasi armon... 

«Daftar hoshiyasidagi bitiklar»dagi har bir fikr bir asar bo‘lishga arziydi: «Mehr», «Umr»... Qani edi iqtidorli bir ijodkor ishini davom ettirsa-yu, shu bitiklarni katta asarga aylantirsa...

– Hayotdan olgan saboqlaringiz...

– Men 81 yil yashab shuni angladimki, hayot – kurash, hayot – o‘qimoq, hayot – bardosh, hayot – sabr – toqat, hayot-iroda, hayot – matonat, hayot – kechira olish kuchidir!

Bir muammo paydo bo‘ldimi – aybni o‘zingdan izlashing kerak: qayerda xato qildim, deb o‘zingga savol berib, albatta javobini topishing lozim.

Hayot – oqar daryo, umr suv misoli shoshib o‘tib ketadi. Ezgulik, yaxshi ishlar qilishga ulgurib qolish kerak. Men shunga intilaman. Kitob o‘qiyman, krossvord yechib aqlimni charxlab, xotiramni mustahkamlayman.

Tongda uyg‘onganingda oyoq-qo‘ling­ning butligi, joning sog‘ligi, oilang­ning tinchligi, yeyishga bir burda noning borligi – mana shu BAXT!

Agar umrimni qayta yashash imkoni tug‘ilsa, yana shu hayotimni tanlardim. Men hayotimdan roziman.

Farzandlarim Farrux iqtisodchi, qizim Yulduz otasining kasbini tanladi – telejurnalist. Farruxda tashabbuskorlik, qat’iyatlilik, mehribonlik, Yulduzda aql-zakovatlilik, haqiqatparvarlik, kurashchanlik, ijodkorlikni ko‘raman. Nevaralarimning har birida bobosining bir xislatini ko‘raman. Xalq sevgan adibning hayoti farzandlari, nevaralari hayotida davom etayotganligini ko‘rib, Yaratganga shukrona aytaman.

Men turmush o‘rtog‘imdan hurmat ko‘rdim, mehr ko‘rdim, bundan ortiq yana nima kerak menga! Hech nima! Asl baxt ham shu!

2019 yili 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami tadbiriga meni ham taklif qilishdi. Shu yerda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bir guruh ilm-fan, adabiyot namoyandalarining rafiqalarini «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlash haqidagi farmoni o‘qib eshittirildi. Ular orasida men ham bor edim. To‘g‘risi, kutmagan edim, juda hayratlandim, ko‘zlarimga yosh qalqidi. Quvonch yoshlari edi bu! Nahotki, yozuvchining rafiqasi bo‘la turib, shunday buyuk e’tirofga sazovor bo‘lsam? Axir asrlar davomida hech bir zamonda yoki makonda, hech qaysi mamlakatda ijodkorning rafiqasiga bunday hurmat ko‘rsatilmagan. Bunday ehtirom uchun Yurtboshimizdan bir umr minnatdorman. Ko‘ksimga orden qadalgan onlar men uchun hayotimning eng nurli, quvonchli, unutilmas lahzalari bo‘lib qoladi!..

Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi.
Adolat» gazetasidan)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring