Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganuvchilar soni qancha? Yaponiya elchisi savolga oydinlik kiritdi

O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganuvchilar soni qancha? Yaponiya elchisi savolga oydinlik kiritdi

Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama notiqlik san’ati tanlovi g‘olibi bilan.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama mamlakatimizda yapon tilini o‘rganuvchilar soni yildan yilga oshib borayotganini qayd etdi. Samarqand davlat chet tillar institutida o‘tkazilgan yapon tili notiqlik san’ati bo‘yicha an’anaviy tanlovda so‘zlagan diplomat bu borada pedagog va o‘qituvchilarning xizmati katta ekanini urg‘uladi.

«O‘ttiz yil avval, O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan Sharqshunoslik institutida yapon tili o‘qitila boshlagan edi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda O‘zbekistondagi 19 ta o‘quv muassasasida 3800 kishi yapon tilini o‘rganmoqda. So‘nggi yillarda ular soni oshib borayotgani, xususan, talabalarning yapon tilini bilish darajasi yuksalayotgani Yaponiya elchisi sifatida meni quvontiradi», –  dedi Yoshinori Fujiyama.

Elchi o‘ttizinchi marotaba o‘tkazilayotgan yapon tili notiqlik san’ati tanlovi aynan ikki mamlakat diplomatik munosabatlarining o‘ttiz yilligiga to‘g‘ri kelgani ramziy ma’no kasb etishini ta’kidladi.

Yaponiya elchixonasi, O‘zbekistondagi yapon tili o‘qituvchilari jamiyati hamda boshqa hamkorlar tomonidan o‘tkazilgan ijodiy-intellektual bellashuvda mamlakatimizdagi turli oliy o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan 24 nafar talaba qatnashdi. Shartga ko‘ra, nomzodlar yapon tilida erkin mavzu bo‘yicha 5 daqiqa so‘zladi, keyin esa hakamlarning savollariga javob berdi. Hakamlar hay’ati yosh bilimdonlarning so‘z boyligi, notiqlik mahorati, shuningdek, fikrlarning originallar va mag‘zi to‘qligiga e’tibor qaratdi.

Tanlov yakunida Javohir Shahobov (Samarqand davlat chet tillar instituti) birinchi, Hasan Ma’murjonov (Toshkentdagi O‘zbek–Yapon markazi) ikkinchi, Firuz Asliyev (Samarqand davlat chet tillar instituti) uchinchi hamda Bekzod Xo‘jayev (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) to‘rtinchi o‘rinni oldi.

G‘olib MDH mamlakatlari o‘rtasidagi yapon tili notiqlik san’ati tanlovida qatnashadi. Dastlabki to‘rt o‘rinni egallagan bilimdonlar esa joriy yil may oyida Qozog‘istonda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo tanlovida ishtirok etadi.

Yurtimizda yapon tili notiqlik san’ati bo‘yicha tanlov har yili tashkil etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda yapon tili ta’limini yanada rivojlantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashuvni chuqurlashtirishdan iboratdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring