«O‘zbekkino» Imom Buxoriy haqidagi film rejissyori Rustam Sa’diyev ekanini inkor etdi

Imom Buxoriy yodgorlik muajmuasi
«O‘zbekkino» milliy agentligi hadis ilmining sultoni, buyuk alloma Imom Buxoriy haqidagi film suratga olinishi haqidagi xabarlarga tuzatish kiritdi.
«O‘zbekkino» MA tomonidan xalqimizning boy va qadimiy tarixi, ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosi hamda bugungi zamondoshlarimiz hayotini aks ettirishga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar yaratish bo‘yicha dastlabki harakatlar boshlanganini ma’lum qilamiz.
Agentlikning yaqin 3 yillik rejasiga muvofiq, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Termiziylar sulolasi, Imom Moturidiy, Abu Mu’in Nasafiy, Bahouddin Naqshband kabi mutafakkir va aziz-avliyolar, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi davlat arboblari, shoir va adiblar, Ibrat, Abdulla Avloniy va Cho‘lpon kabi ma’rifatparvar bobolarimizning hayot va ijod yo‘li haqida badiiy, badiiy-publisistik kinoasarlarni yaratish belgilab olingan.
Hozirda ushbu filmlar, shu jumladan Imom Buxoriy filmi uchun yozilgan adabiy ssenariylar mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. Yakunda aynan qaysi mualliflar ssenariylari asosida filmlar suratga olinishi va ular qaysi ijodkorlarga ishonib topshirilishi faqatgina Agentlik Badiiy kengashi ko‘rigidan so‘ng ma’lum bo‘lishini eslatib o‘tmoqchimiz.
Shunday ekan, Imom Buxoriy haqidagi filmning muallifi va rejissyori haqida hozirdanoq xulosa chiqarishga shoshilmaslikni tavsiya qilamiz. O‘zbek milliy kinosiga doir har qanday ma’lumotlarni olish uchun Agentlik axborot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi xabarda.
Izoh: Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt oldin «Xabar.uz» axborot tahliliy portalida mustaqil ijodkorlar tomonidan Imom Buxoriy hayotiga oid film suratga olish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ishchi nomi «Dunyo imomi» bo‘lgan badiiy film yuqoridagi tuzatishga aloqador emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter