Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Poyezdda: jingalaksoch Shahriyor Baxtiyorov bilan kutilmagan suhbat

Poyezdda: jingalaksoch Shahriyor Baxtiyorov bilan kutilmagan suhbat

Foto: Xabar.uz

Shimoliy vokzaldaman, «Afrosiyob» poyezdida safarga ketmoqchiman. Yuklarimni nazoratdan o‘tkazayotsam o‘zining yumorli chiqishlari bilan nom qozongan Bobur Mansurov jamoasida rollari bilan tanilgan model, aktyor, bloger jingalaksoch Shahriyor Baxtiyorovni uchratib qoldim. To‘rt yoshlar chamasidagi qizchasini o‘zi yuradigan jomadonga o‘tqazib olgancha nazorat kassasiga yaqinlashdi. Buni qarang-ki,  joyimiz ham yonma-yon ekan.

Bobur Mansurov jamoasidan boshqa deyarli hech qaysi vaynerni kuzatmayman. Boshida ushbu jamoa o‘ylab topayotgan g‘oyalar, mavzular va jamoadagi aktyorlarning xarizmalari, aktyorlik mahoratini kuzatib, oddiy havaskor vaynerlar emasligini anglab yetgan edim. Keyin 2022-yil tahririyatimiz Bobur Mansurov bilan uyushtirgan suhbat orqali bildimki, jamoadagi barcha yigitlar Madaniyat va san’at institutini bitirgan ekan... Shahriyor bilan shunchaki suhbatlashib ketdik.

– Qishloqqa ketyapmiz, ota-onamnikiga dedi, qayerga degan savolimga Shahriyor va suhbatimiz o‘z-o‘zidan qizib ketdi.

– Sizlarni hatto qo‘shni mamlakatlarda ham kuzatishadi, «kayfiyatim yo‘q edi, shu bollarning turishining o‘zi kulgu uyg‘otadi odamda», «hamma vaynerlar orasida nomer bir vaynerlar», «g‘oya qayerdan keladi sizlarga o‘zi», deb yozishadi muxlislaringiz, ya’ni sizlarni juda ko‘pchilik juda intiqlik bilan kutishadi va tomosha qilishadi...

– Ba’zida ishonasizmi bir xillarga har kuni oddiy turmushimizda uchraydigan odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatlarini olib chiqishimiz yoqmaydi. Aytaylik, ovqatlanishga borib pul to‘lashdan qochadigan do‘st, o‘g‘li bilan keliniga yashashga bermaydigan xudbin qaynona, farzandini Rossiyaga jo‘natib yillab kelini va o‘g‘lini oila bo‘lib yashashiga qo‘ymaydigan, pulni, orzu havasni birinchi o‘ringa qo‘ygan ota-onalar yoki bilimsiz shifokor, bularning barchasi jamiyatimizda bor... G‘oyani qayerdan topishimizga kelsak, oddiy odamlar orasida yuramiz, kuzatamiz, chapani, soddalik ortiga yashiringan o‘ziga xos xarakter, illatlarni topamiz.

– Ya’ni, izohlarni o‘qiganimda (masalan ziqna, pul to‘lashdan qochadigan, qizg‘anchiq, xasis, ko‘rolmaydigan rollar) bir-ikki muxlislar nimani targ‘ib qilyapsanlar, senlar shunaqa past, ziqna, ichi qora bo‘lsang kerak deyishadi?

– Biz ziqna, ayyor, firibgar, anqov, laqma, maddoh, o‘g‘ri-muttahamlarning roliga kirishish orqali boshqalarga oyna tutamiz...

–  YouTube, Facebook va Instagramda  tomoshabin, muxlislar qoldirayotgan izohlarni ham o‘qib chiqaman. Juda ko‘pchilik yuqorida aytganimdek chiqishlaringizni intiqlik bilan kutishayotganini yozishadi. Lekin asosan Facebookda ko‘pchilik tanqid qiladi, sizlarni reklamaga ko‘p urg‘u berayotganlikda ayblaydi... 

  – Avval YouTubeda ko‘rishlardan  yaxshi daromad olardik, keyin monetizatsiya, ya’ni pul to‘lash tizimi o‘zgargandan keyin bir videomizga 40 dollarga yaqin oladigan bo‘ldik. Bu katta jamoa uchun juda kam pul, ya’ni reklamadan boshqa daromadimiz yo‘q.

– Lekin reklamani mavzuga «yedirib» yuborishni ham birinchi bo‘lib sizlar yo‘lga qo‘ydilaringiz. Va hozir boshqalar ham shu yo‘ldan ketayotgani kuzatdim.

– To‘g‘ri, bundoq olib qaraganda, televizordagidek shartta tomoshaning o‘rtasida reklama qo‘yib yubormayapmiz. Shu darajada reklamani mavzuga yaqinlashtiryapmizki, hatto uning reklamaligi ham bilinmaydi, tomosha qilayotgan odamni chalg‘itmaydi ham.

– Dehqon bo‘lsa dehqonning kiyimi, o‘g‘rining kiyimi alohida, hokim, ichuvchi, daydi bomj, rus buvisi, rus qo‘shni, hattoki hovlida kiyiladigan rezina shippak — kiyimlarni qayerdan topasizlar-a?

– Biz kiyimlarni Yangioboddan, eski narsalar sotiladan bozorlardan topamiz. Yanada tabiiy chiqishi uchun... Hattoki bir-ikki chiqishlarimizdan keyin bizni atrofimizdagi rus qo‘shnilarimiz ham tomosha qiladigan bo‘lishdi...

– Ayniqsa rus buvisi rolingiz juda tabiiy chiqqan. Ya’ni shu yerdayam Bobur Mansurov manfaat uchun qo‘shnisi rus buvisiga qarayotgani...

   

– Ha bu bo‘lgan voqea asosida ishlangan, eski stol-stul, eskiroq uy o‘sha mavzuga mos muhit yaratishni ham o‘ylaymiz, garchi vaqtimiz juda qisqa bo‘lsa-da...

– Muxlislaringiz orasida sizni alohida alqaydiganlari bor va doimo sherigingiz Bobur Mansurovdan makaron kalla deb tanbeh eshitganingizdek ba’zilar anavi sariq bola, makaron kalla, vermishel kalla rolini qoyillatadi-da deyishadi — bu yorliqlar sizni xafa qilmaydimi?

– Agar men salga xafa bo‘lib qolsam rolim qanday qilib tabiiy chiqishi mumkin. Keyin bu yorliqlar o‘ta samimiy va beg‘araz deb bilaman.

– Bilasizmi, bir paytlar miniatyuralar teatri bo‘lardi, taniqli, sevimli aktyorimiz Ergash Karimov, Husan Sharipovlar rollarini qoyilmaqom ijro etgan. Rollari orqali hayotimizdagi kamchiliklarni olib chiqardi. Lekin negadir aktyorlar yuzlariga beo‘xshov burun qo‘ysayam, xuddi shunday ig‘vogar qo‘shni, molparast ayol, yulg‘ich bog‘cha mudirasi, ichuvchi, tekinxo‘rni ko‘rsatsa ham odamlar ularni bachkanalikda ayblamasdi...

– Ha, ustozlarimiz bizdan ko‘ra ancha mukammal asarlar yaratishgan. Biz ham mavzu topishga harakat qilyapmiz, har bir obrazning o‘z xarakterini ochishga urinyapmiz, ammo zamon tezlashgan, har kuni bitta vayn olishimiz mumkin, balki shuning uchun ba’zida tanqid qilishar ba’zida tan olishimiz kerak bachkanalik qilamiz, oxirida qo‘pollik qilib qo‘yamiz. Ammo vaynlarimiz orasida ijtimoiy mavzular ham bor, kelgusida ishimizga jiddiy kirishib TVbop mavzular qilish niyatimiz ham yo‘q emas...

Shu payt Shahriyorning qizalog‘i ayiqchasini ko‘tarib kelib qoldi. U qizini tizzasiga olib uxlatmoqchi bo‘ldi. Men yana savol berdim:   

– Ayiqchasini juda yaxshi ko‘radi, shekilli-a?

– Ha, opa, uyda o‘yinchog‘i ko‘p, buni qarang, qanaqa eskirib ketgan, lekin shu yonida ayiqchasi bo‘lmasa hatto uxlamaydi...

– Sir bo‘lmasa, nega poyezdda ketyapsizlar?

– Mashinada 5-6 soatlik yo‘l, avvalo xavfsizlik yuzasidan, keyin esa tez yetib boramiz.

Biz manzilga yetib keldik... Shahriyor ketayotganda menga telefon raqamini qoldirdi, «opa qanday takliflar, tanqidlar yoki savollaringiz bo‘lsa yana javob berishga tayyorman», dedi. Men ham kelgusida ushbu jamoa bilan jiddiyroq suhbat qilishimni ko‘nglimga tugib u bilan xayrlashdim...

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring