Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramazon oyida saharlikka zaytun, dovul chalish, zambarak otish odatlari, arzonlashtirilgan mahsulotlar

Ramazon oyida saharlikka zaytun, dovul chalish, zambarak otish odatlari, arzonlashtirilgan mahsulotlar

Har bir musulmon o‘lkasida Ramazon oyiga xos urf-odatlar mavjud. Hamyurtimiz Sitora Alixonzoda Facebook sahifasida ushbu oy bilan bog‘liq Turkiyadagi ba’zi urf-odatlarni yozib qoldirdi:

Dovul chalish

Ramazon oyi kirishi bilan dovulchilar mahalla ko‘chalarini kezib, (dovul chalib) odamlarni saharlikka uyg‘otadi. Jumladan, bu yil birgina Istanbul ahlini saharlikka uyg‘otish maqsadida 3400 dovulchi safarbar etilgan. Tarixda – texnika rivojlanmagan, soat, telefon kashf etilmagan paytda bu ishga mas’ul kishilar biriktirilgan ekan. Ular millat uxlab qolib, saharlik vaqtini o‘tkazib yubormasligi uchun odamlarni dovul ovozi bilan uyg‘otishgan. Dovulchilarga oy oxirida odamlardan ehson tarzida xizmat haqi yig‘ib berilgan.

Bugungi kunda turklar orasida bu an’anani uyquning «beliga tepadigan» – «sachma-sapan» odat deb biladiganlar ham kam emas. Shunga qaramay, ularning aksariyati Usmoniylar zamonidan beri mavjud bo‘lgan bu an’anani imkon qadar uzoq asrlar davomida saqlab qolish va davom ettirish niyatida.

Zambarak otish

Sulton Mustafo III davrida paydo bo‘lgan, shom namozi yaqinlashgani, ya’ni iftor vaqti kelganini bildirish maqsadida zambarak (o‘q) otish ham Turkiyaning ba’zi tuman va viloyatlarida saqlanib kelinmoqda.

«Ramazan pidesi»

Mazasi va ko‘rinishi o‘zbeklarning chapati noniga o‘xshab ketadigan «pide»lar Turkiyada asosan Ramazon oyida ko‘p sotiladi va iste’mol qilinadi. Xuddi bizning nisholda singari, «ramazan pidesi» bu yerda Ramazon oyi ramzlaridan biri sanaladi.

Gullech

Turkiyada Ramazon «sofra»sining «olmazsa olmaz»laridan biri bu aynan Gullech shirinligidir. Sut va shakardan tayyorlanadigan, usti pista mag‘zi va meva bilan bezatiladigan bu pishiriq turk oilalarida iftor dasturxonlarining ko‘rki sanaladi.

Iftorda zaytun

Iftorlikda xurmo bilan og‘iz ochish bir sunnat ekanidan xabarim bor edi-da, lekin zaytun bilan ham og‘iz ochilishini aynan Turkiyaga kelib ko‘rdim. Odatda, turklar zaytunni «kahvalti», ya’ni nonushta vaqtida tanovul qilishadi.

Ayollar tarovehda

Turkiyadagi jome’larning barchasida ayollar uchun alohida bo‘linma mavjud, xotin-qizlar ham istagan vaqt jome’ga borib (kirib) namoz o‘qisa bo‘ladi. Ramazon oyida esa ayollar taroveh namozini ham jome’da ayollar jamoati bilan birga o‘qishi mumkin...

Xo‘sh, boshqa musulmon mamlakatlarining ramazon oyi bilan bog‘liq urf-odatlari qanday? IRNA nashri tadqiqotchisi Ramazon oyida ushbu marosim va urf-odatlarning ayrimlarini turli musulmon mamlakatlarida o‘rgangan.

Afg‘oniston

Ramazonning birinchi kuni hukumat tomonidan rasmiy bayram deb e’lon qilinadi va musulmonlar shu oyda maxsus marosimlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishadi. Afg‘oniston madaniyatida ro‘za alohida o‘rin tutadi, masjidlarda, muqaddas ibodat joylarida ibodat, va’zlarga keng o‘rin beriladi. Qur’oni Karimni o‘qish afg‘on xalqi muqaddas oyda alohida e’tibor beradigan eng muhim an’analardan biridir. Shuningdek, kambag‘allarni oziq-ovqat bilan ta’minlash va ularga yordam berish odat tusiga kiradi va mamlakatdagi aksariyat masjidlar tunda iftorlik tashkil qilishadi. Afg‘onistonda Erondagidek odamlar iftorlikda maxsus mahsulotlardan foydalanadilar, yuqori ozuqaviy qiymatga ega xurmo va maxsus afg‘on tuzlangan bodringlari iste’moli juda keng tarqalgan.

Hindiston

Hindistonda masjidlar va diniy joylar Muqaddas Ramazon oyi oldidan rang-barang matolar bilan bezatiladi. Bozorlar go‘yoki xos ranglarga bo‘yaladi va boshqa millat, elatlar uchun Muqaddas Ramazon oyi uchun maxsus buyumlar taklif etiladi.

Hindiston musulmonlari odatda suhbatni tuz, qaynoq suv va xurmo bilan boshlaydilar, so‘ngra guruch va non, pishirilgan yasmiq, halim va xarrisni qalampir, ziravorlar bilan iste’mol qiladilar.  Iftor va saharlikda go‘sht va guruchdan iborat «Gonji» deb nomlangan maxsus ovqatni iste’mol qilishadi. Bu mamlakatda Ramazonning maxsus ichimliklari limon sharbati va suv bilan aralashtirilgan sut bo‘lib, hindularning fikriga ko‘ra, tungi ibodat uchun ro‘za tutishda quvvatni oshiradi. Hindistonda «saharxavanlar» muhim o‘rin tutadi, bomdod namozidan oldin ular odamlarni uyg‘otadilar.

Birlashgan Arab Amirliklari

Muqaddas Ramazon oyi BAAda Shobon oyining ikkinchi yarmidan boshlab nishonlanadi. Bolalar uchun maxsus kashtali kiyim kiyish ushbu oyning eng muhim an’analaridan biridir. Yerga yoyilgan gilamlarda jamoaviy iftor tashkil etiladi. Iftorlik paytida guruch, sambuse, xurmo, shirinliklar, holva, sut, pishloq va mevalar eng muhim ovqatlardan biridir. Tongda odamlarni uyg‘otadigan maxsus xizmatchilar ham bor.

Ummonda Ramazon an’analari

Ummonda qarindoshlarni ziyorat qilish bu oyning maxsus marosimlaridan biri bo‘lib, unda mehmonlar har kuni bir-birining uyida tunab qolishadi. Ular tongda go‘sht, guruch, choy va qahva kabi maxsus taomlarni iste’mol qiladilar. Ummon bolalari «Gornagshave» deb nomlangan o‘yin davomida ko‘chalarda kezib, bir uydan ikkinchisiga o‘tib yurishadi va xonadon egalaridan shirinliklar so‘rashadi.

Albaniya

Baraban chalish Albaniyaning Muqaddas Ramazon oyini nishonlashda eng muhim an’analaridan biridir. Tobora ko‘proq musulmonlar birlashadigan bu oyda, hatto nasroniylar ham diniy birodarlari bilan birgalikda ba’zan ro‘za tutishadi va ibodat qilishadi. Ramazon oyida yana bir o‘ziga xos an’ana masjidlarda Qur’on o‘qishdir.

Bahrayn

Bahraynda Muqaddas Ramazon oyi boshlanishi bilan odamlar va bolalar qo‘shni uylarga diniy qo‘shiqlar kuylash va shirinliklar olish uchun ota-bobolarining an’anaviy liboslarini kiyishadi. Iftorlik uchun maxsus shirinliklar tayyorlanadi. Bu oyda Bahraynda diniy marosimlar keng tarqalgan.

Pokiston

Ushbu oyda Pokistondagi masjidlar ayniqsa gavjum bo‘ladi. Namozdan keyin iftorlikda xurmo, go‘sht va guruch beriladi, oyning oxirgi o‘n kunligida ular ham masjidga saharlikka kelishadi, u yerda shirinliklar va holva yeyishadi.

Pokistondagi iftor marosimlari mamlakatdagi eng go‘zal Ramazon an’anasi hisoblanadi. Islomoboddagi odamlar iftordan bir necha soat oldin yig‘ilib, barcha kerakli narsalarni tayyorlaydilar, bozorlar va do‘konlar gavjum bo‘ladi. Bundan tashqari, bayram paytida pokistonliklar muhtojlarni unutmaydilar va Ramazon oyini xayriya, hamkorlik oyiga aylantiradilar. Ishbilarmonlar kambag‘al va kam ta’minlanganlarga shu oyda daromad olishlari uchun yordam berishga hissa qo‘shadilar – asosiy mahsulotlar, sabzavot, go‘sht va boshqa buyumlar narxini pasaytirishadi.

Ramazon oyida hukumat tashkilotlari xizmatchilari ish faoliyati yengillashtiriladi – ishga kechroq borib, bir soat oldin uylariga ketishadi.

Tailand

Tailand xalqi ham alohida an’analarga ega. Bu mamlakatning ro‘zadorlari iftorni suv va xurmo bilan boshlashadi. Tailandliklar orasida an’anaviy shirinliklar ham bu oyning asosiy taomi hisobalandi. Mamlakat masjidlarida diniy va’zgo‘ylar turli guruhlarni tashkil qilib odamlarga dars berishadi. 19, 21 va 23-muqaddas oy kechalaridan tashqari, mamlakat xalqi 27-Ramazon kechasini qudrat kechasi sifatida nishonlaydi. Qur’on o‘qish, kambag‘allarga xayriya qilish va iftorda oziq-ovqat tarqatish Tailand xalqining urf-odatlaridan biridir.

Suriya

Suriyaning barcha hududlarida Rajab va Shobon oylarida hayot tunda qaynaydi, ya’ni odamlar toat-ibodatda bo‘lishadi. Saharlikda «baraban chalish» marosimi odamlarni uyg‘otish va tayyorgarlik ko‘rish uchun eng muhim amallardir. Go‘sht, guruch, baliq, sabzavotlar, kaboblar, salatlar, pishloq, murabbo, zaytun moyi va tuxum bu oyning eng muhim taomlari sanaladi.

Suriyada musulmonlar to‘planishadi va ibodat jamoaviy bomdod namozi shaklida o‘tkaziladi. Yarim tunda azondan oldin Qur’on tilovati ham bu mamlakatda o‘tkaziladigan marosim. «O‘nta oziq-ovqat» deb nomlangan birinchi o‘n kunlikda muhtojlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga e’tibor qaratiladi. Oyning ikkinchi qismi «o‘nta kiyim» deb nomlanadi – ular hayitni nishonlashga kiyim sotib olishadi va kambag‘allarga yordam berishadi. Oxirgi o‘n kunlik esa «o‘nta shirinlik», bozorlarda mashhur shirinliklarni sotib olish va sotish vaqti.

Saudiya Arabistoni

Ramazon oyida Saudiya Arabistonida maxsus urf-odatlar, shu jumladan, turmush tarzini o‘zgartirish, bu ular uchun ilohiy oyning belgisidir. Minglab musulmonlar muqaddas Ramazon oyida ro‘za tutish va ibodat qilish marosimlarini o‘tkazadilar. Arab qahvasi, xurmo, qiyma go‘sht va baliq Ramazonda eng muhim taomlardan biridir.

Qatar

Ramazon oyi Shobon oyining o‘rtalarida Qatarda maxsus marosim bilan boshlanadi. Ushbu oyni nishonlash xalqning urf-odatlari va ijtimoiy madaniyati bilan ajralib turadi, oziq-ovqat do‘konlarida Ramazon uchun maxsus chegirmalar o‘tkaziladi.

Quvayt

Muqaddas Ramazon oyi boshlanganidan beri kuvaytliklar masjidlarni elektr va sham bilan yoritiladigan gullar, ko‘plab chiroqlar bilan bezashadi. Quritilgan yong‘oq mag‘izlari, quritilgan anjir, atirgul barglari va yong‘oq pastasi Ramazondagi eng muhim ozuqa qatoriga kiradi. Iftorlik dasturxoni shohonaligi oziq-ovqat bozoriga talabni kuchaytiradi, odamlar iftorlik va saharlik uchun har xil oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradilar.

Malayziya

Malayziyada buddistlar, hindular va nasroniylar kabi ko‘plab irqlar va turli din vakillari, Muqaddas Ramazon oyiga alohida hurmat bilan qarashadi. Hatto musulmon bo‘lmaganlarni vatandoshlar bilan ro‘za tutishga undashadi. Muqaddas Ramazon oyining birinchi kechasida ko‘chalarni yoritish – odamlarning quvonchini shu tarzda ifoda etish an’anasi mavjud.

Ramazon oyida iste’mol mahsulotlariga mol go‘shti, qo‘zichoq, tovuq va baliq kiradi, ular turli shakllarda iste’mol qilinadi. Turli shakl va rangdagi shirinliklar, holva, «Kabab», «Shaverma» va «Kataf » bu oyning o‘ziga xos taomlaridandir.

Malayziyadagi aksariyat musulmonlar masjidlarda ibodatda bo‘lishadi va u yerda oilalari bilan iftor qilishadi. Masjidlarda Ramazonning mashhur taomi qo‘zichoq yoki tovuqli guruch, ba’zan esa turli xil sabzavotlar muhtojlar orasida bepul tarqatiladi.

Indoneziya

Bu mamlakatda odamlar Ramazon oyini oy boshlanishidan bir necha kun oldin kutib olishadi, ro‘za tutish va sajda qilishga astoydil kirishishadi. Muqaddas Ramazon oyi Indoneziya musulmonlari uchun bayram va quvonch oyidir. Tungi hayot, o‘yin-kulgi, o‘yinlar va turli xil oshxonalar bu oy Indoneziya madaniyatining bir qismiga aylanadi. Bu mamlakatda Ramazon kirib kelishi bilan ko‘pchilik ertalabgacha masjidda xizmat qilishadi va shu bilan ayyomning boshlanishini belgilaydilar.

Indoneziyaning eng mashhur oshxonasi – «Ebgam» hamisha gavjum bo‘ladi. Ularning sevimli taomlariga dengiz mahsulotlari, guruch va sabzavotlar kiradi. Tovuq kabobi iftorlik uchun eng yaxshi taom. Indoneziyada musulmonlar tomonidan Ramazon bayramini nishonlashning oxiri-Iyd Al-Fitr. Shu kuni bir oy ro‘za tutgan odamlar yangi rang-barang kiyimlarini kiyib, diniy marosimlarni o‘tkazadilar.

Misr

Ramazonda barcha misrliklar, musulmonlar, musulmon bo‘lmaganlar muqaddas oyning marosimlarini nishonlaydilar.

Misrning barcha shaharlari elektr energiyasi bilan ta’minlangan bo‘lsa-da moylampalar ishlatiladi, sababi shu taxlit Ramazon oyi shukuhini his qilishadi. Bu oyda ushbu chiroqlarning bozori chaqqon bo‘lib, odamlar ulardan uylar va xiyobonlarni bezashda foydalanadilar. Bu oyda misrlik bolalar ushbu chiroqlar yog‘dusida mashhur madhiyalar va she’rlarni o‘qiydilar.

Misr musulmonlari iftordan keyin kafe va chodirlarda, tungi marosimlar, ibodatlar va musobaqalar uchun yig‘ilishadi.

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring