Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Savitskiy muzeyiga Tigran Mkrtichev direktor bo‘ldi

Savitskiy muzeyiga Tigran Mkrtichev direktor bo‘ldi

I.Savitskiy nomidagi Nukus muzeyi direktori lavozimiga e’lon qilingan tanlovda g‘olib bo‘lgan Tigran Mkrtichev o‘z vazifasiga 2021-yil 2-yanvardan kirishadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, tanlov O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan. Uning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston va Qoraqalpog‘istondan 6 nafar nomzod o‘tdi. Ikkinchi yakuniy bosqichda nomzodlar o‘zlarining taqdimotlarini ekspertlar kengashiga taqdim etdi va Nukus shahridagi muzeyda suhbatdan o‘tdi. Tanlov yakunida Moskvadagi Rerixlar muzeyi (Sharq xalqlari davlat san’at muzeyining filiali) direktori Tigran Mkrtichev g‘olib, deb topildi.

Savitskiy muzeyining yangi rahbari O‘zbekistonda ta’lim olgan – Toshkent davlat universiteti Markaziy Osiyo arxeologiyasi bo‘limi bitiruvchisi.

T.Mkrtichev 1994-yildan 2008-yilga qadar Buxoro, Samarqand, Termiz va boshqa shaharlarida o‘tkazilgan bir qator arxeologik ekspeditsiyalarning rahbari bo‘lgan.

Tigran Mkrtichev direktorlik faoliyatini I.V.Savitskiy muzeyi kolleksiyasini o‘rganish bo‘yicha Xalqaro kengashni tuzishdan, shuningdek taniqli rassomlar, siyosatchilar va biznes vakillarini o‘z ichiga olgan xalqaro homiylik kengashini yaratishdan boshlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring