Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Senga hech narsaning keragi yo‘q, na oltinu kumush, na boylik»

«Senga hech narsaning keragi yo‘q, na oltinu kumush, na boylik»

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi O‘lmas Umarbekovning rafiqasi, filologiya fanlari nomzodi Zuhra Umarbekova bilan suhbat.

Insonnning ismi taqdiriga daxl qiladi, deyishadi. Ehtimol. Lekin bir narsa aniq, respublika Televideniye va radioeshittirish davlat qo‘mitasida bosh muharrir, «O‘zbekfilm» kinostudiyasi direktori, O‘zbekiston Madaniyat ishlari vaziri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari kabi mas’uliyatli vazifalarda ishlagan, mamlakat ravnaqiga, sanat yuksalishiga, adabiyot rivojiga munosib hissa qo‘shgan inson O‘lmas Umarbekovning ma’naviyat jabhasida nomi o‘lmasligiga, asarlari abadiyatida ham ana shunday daxldorlik bor.

 

Adib «Sevgim-sevgilim», «Kimning tashvishi yo‘q», «Urush farzandi», «Yoz yomg‘iri», «Oq qaldirg‘och» kabi bir qancha qissalar, «Odam bo‘lish qiyin», «Fotima va Zuhra» singari romanlar, «Yoshlik dengizi», «Komissiya», «Qiyomat qarz» nomli sahna asarlari, «Ikki soldat qissasi», «Sevgi afsonasi», «Asosiy kun», «Changalzordagi ov» kabi kinossenariylar hamda boshqa ko‘plab asarlar muallifi sifatida tanilgan.

Adib nomi bilan ataluvchi ko‘chaning 7-xonadoniga qadam qo‘yi­shingiz bilan vujudingizni ajib tuyg‘ular chulg‘ab oladi. Suhbat davomida jufti halolining yodi bilan yashayotgan 87 yoshli Zuhra opaning xotiralari qalbdan tilga ko‘chdi.

– Adib bilan go‘zal qo‘sh kabutar kabi munosib juftlik bo‘lgan ekansizlar. Birga yashab o‘tgan umringiz havas qilgulik...

– Men umr yo‘llarimiz, hayotimiz, kechmishimiz haqida ko‘p o‘ylayman. Agar qayta yashash yoki tanlash imkoni berilsa, men faqat shu hayot yo‘limni tanlardim. Boshqacha hayotni tasavvur ham qilolmayman. Chunki biz juda yaxshi yashadik, bir-birimizni gapirmasdan turib, so‘zsiz tushunar edik. Men undan deyarli hech narsa talab qilmas edim. Uning o‘zi ham senga hech narsaning keragi yo‘q, na oltinu kumush, na boylik, derdilar. Mening haqiqiy boyligim O‘lmas akaning o‘zi edi.

Biz universitetda birga o‘qidik. Men rus filologiyasi, O‘lmas aka o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olganmiz. U juda xushsurat, aqlli, jiddiy yigit edi. Bu taqdir bo‘lsa kerak — ikkalamizning bir-birimizga mehrimiz tushdi. 1956-yilda to‘yimiz bo‘ldi. Oddiy, juda chiroyli to‘y bo‘lgan edi. Men ziyoli, madaniyatli oilaga kelin bo‘lganimdan baxtiyor edim. Negaki, men — yetim qizning mukammal oilaga kelin bo‘lishim kutilmagan baxt edi.

Onam tug‘ilganimdan keyin vafot etgan ekan, uni hatto ko‘rmaganman, eslolmayman ham. Urush boshlanganida endigina 5 yoshli qizaloq edim. 8 yoshga yetganimda otam ham kasal bo‘lib, hayot bilan vidolashdi. Biz — ikki opam va akam bilan chirqillab qolaverdik. Urush payti, yo‘qchilik, ocharchilik, odamlar bir burda nonga zor pallalar edi. Yaxshi odamlarning borligi, qarindosh-urug‘­larimizning mehr-oqibatliligiga, Yaratganga ming shukr aytaman. Bizni xor-zor qilishmadi, ammam biz bilan yashadi. Quvonch­­li kunlar bo‘ldi, deyolmayman, lekin tarbiyalab, kamolga yetkazib, hammamizni o‘qitishdi. Ishchilar shaharchasida ikki qavatli chiroyli uyimiz bor edi. Shunday sharoitda O‘lmas aka bilan turmush qurdik. O‘zimning ota-onam bo‘lmasa ham qaynona-qaynotam borligidan quvonardim. Ular g‘amxo‘r, mehribon odamlar edi. Shuning uchun ham men yanada baxtiyor edim.

Qaynotam Rahimbek aka ehtiromga loyiq inson edi. Uni mahallamizdagilar hurmat qilib otini aytishmas, Bek aka deyishardi. To‘yimizdan keyin u kishi olamdan o‘tdi. Oyim biz bilan birga uzoq yashadi, farzandli bo‘lganimizni ko‘rdi. 

Hayot ekan, yaqinlarimdan bir-bir ajraldim. Bugun yoshi ulug‘lardan qayin­singlim Mavjudaning borligiga shukr qilaman. U ham akasiga o‘xshab juda aqlli va qat’iyatli ayol, matematika fanlari nomzodi. O‘lmas akaning jigari — mening ham dilga yaqinim.

– Yozuvchining ularga, ya’ni qarindosh-urug‘lariga munosabati qanday edi?

– Ular uning dunyo ichidagi dunyosi edi. Har biri uchun qayg‘urar, tashvishlarini qilar, farzandlik, aka-ukalik, qarindoshlik haqlarini yuksak maqomda bajarar edi. Qalbi mehrga to‘la inson edi. Adam o‘tganlaridan keyin singillariga otalik mas’uliyatini zimmasiga oldi va uni ado etdi. Singlisi Mavjuda hali-hanuzgacha «Akamning bizning tashvishimizdan boshqa ishi yo‘qday edi, nazarimda, shuncha asarlarni yozishga qachon vaqt topdi ekan, deb o‘ylayman», deya xotirlaydi.

Yozuvchi Said Ahmad «Kiprikda qolgan tong» qissasida O‘lmas Umarbekov haqida topib va ayni haqiqatni aytgan: «Insonni badnom qiladigan har qanday ishlardan o‘zini tiya olgan, bu dunyoga pok kelib, pok ketgan, nurdek tiniq hayot kechirgan, Alloh dargohiga farishta bo‘lib yo‘l olgan do‘s­tim, ukam, jigarim, qadrdonim, xotirasi hech qachon yodimdan chiqmaydigan sevikli yozuvchim O‘lmas Umarbekovga bag‘ishladim ushbu qissani»... O‘lmas akaga bundan ortiq baho va ta’rif bo‘lmasa kerak. 

U juda oqko‘ngil, rahmdil edi. Bir misol aytib beraman: har kuni g‘arib, kambag‘al, yupungina kiyingan, yoshi katta sutchi ayol ko‘chamizga kelib, sut, qatiq sotardi. Eri vafot etganligi uchun to‘rt nafar bolasini o‘zi boqishi kerak edi. Shu ayolga bolalarining nufuzli oliygohlarga kirib ilm olishlariga ko‘maklashdi. Odamlarga yaxshilik qilib rohatlanar edi. Asarlari chop etilsa, mahallaning bolalariga tarqatib yuborar edi. Gohida bir kitobiyam qolmas edi. Ba’zida nega hammasini berib yubordingiz, o‘zimizga qoldirmadingiz-ku, deb norozilik qilsam, «Shu yoshlar o‘qishi uchun yozdim-da, men hammasini yoddan bilaman-ku, mana, bu yerimda turibdi», deb, boshini ko‘rsatib, miyig‘ida jilmayib qo‘yardi. Bir kuni bir kishi eshik qoqdi: «Yo‘lda ketayotgan ikki bolaning gapini eshitib qoldim. Ular mana shu uyda kitob rosa ko‘p, deb sizlarning uyni ko‘rsatishdi», dedi. U ham kitob olish istagida kelgan ekan.

Eshitishimcha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘lmas Umarbekovning kitob­larini qayta nashr etish rejalashtirilayotgan ekan. Bu xabarni eshitib, boshim osmonga yetdi.

– Adib nimalardan hazar qilar edi?

– Yolg‘on so‘zdan! Yolg‘onni shu qadar yomon ko‘rar ediki, yolg‘on gapirgan odamni, aldaganni hech qachon kechirmasdi. Achchiq bo‘lsa ham, dilingni jarohatlasa ham to‘g‘risini gapirish, haqiqatni aytish kerak, derdi. Hatto yolg‘on gapirgani uchun kechirmagan yaqinlari bor...

– Biron narsadan ranjigan, ruhiy tushkunlikka tushgan paytlarini eslaysizmi?

– Sobiq sovet tuzumi davrida yozuvchi bo‘lish og‘ir edi. Negaki, yo‘q narsani, inson ruhiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan yangiliklarni, o‘zbek xalqiga majburiy singdirilayotgan mafkurani ko‘klarga ko‘tarib maqtash talab qilinardi. Mana shu ishni qilish, ya’ni, o‘z prinsipiga qarshi borish majburiyati, xalqning nochor hayotini ko‘klarga ko‘tarib maqtash vazifasi turar edi yozuvchilarning oldida. Bu vazifa adib ruhini ham, dilini ham o‘z zalvori bilan ezar edi.

Ba’zida mashinaga siqquncha do‘stlarini olib, «Do‘rmon»ga ketardik. Osh ustida hazil-mutoyiba avjiga chiqardi. Ularning suhbatlashib, chaqchaqlashib yarim tungacha, ba’zida tongga qadar o‘tirishgani — bugun olis, ammo shirin xotira bo‘lib ko‘z o‘ngimda aks etadi. Shu xotiralar bo‘lmaganida men bugungacha yashay olmasmidim balki...

U do‘stlarini, odamlarni yaxshi ko‘rardi. Ularsiz o‘tgan kuni ma’nisizdek edi. Ochiq, oqko‘ngil, tartib-intizomli, haqiqatparvar insonlar bilan o‘tirsa rohatlanardi, ulardan ilhom va kuch olardi. Ammo... keyinchalik Alloh unga dard berdi. Shu dard tufayli odamlar bilan uchrashishni xohlamay qoldi. «Mening kasalligimni ko‘rib, do‘stlarimning yuragi ezilishini istamayman», derdi.

– Yuqori lavozimlarda faoliyat olib borgan chog‘ida uning do‘stlari yoki hayotga qarashlari o‘zgargandir?

– O‘lmas aka unday odam emas edi. Do‘st-yorlari ham o‘sha-o‘sha, xarakterlari ham. Aksincha, u mansab va mansabdorlar haqida gapirsangiz kular edi. Mansabni vazifa sifatida qabul qilar, qani endi hech qanday vazifam bo‘lmasa-yu faqat ijod qilsam, der edi.

Lekin yozuvchining yozayotgan asari kayfiyatiga ta’sir qilishi bor gap. U ijod jarayonida qahramoni hayotida yashardi. «Fotima va Zuhra» asarini yozayotgan edi. Bir kuni ijodxonasidan yugurib chiqdi. Ko‘rinishlari bir ahvolda. Sababini so‘rasam, yuragim dosh berolmayapti, deb asardagi voqea­lar rivoji haqida hayajon bilan gapirib berdi. Ba’zida qo‘lyozmalarining eng ta’sirli joylarini menga o‘qib berardi.

– Oilada, ayniqsa, yosh oilada kelishmovchiliklar ko‘pincha rashk tufayli kelib chiqadi. Sizlarda bu muammolar qanday bartaraf etilgan? 

– Men juda jiddiy, o‘z o‘rnimni biladigan ayol edim. Uning rashk qilishiga sabab bo‘ladigan xatti-harakatlar qilmasdim. U juda kelishgan, xushsurat yigit bo‘lgani uchun, to‘g‘risini aytsam, men ko‘proq rashk qilardim. Chunki uning ko‘ng­lini olish harakatidagi ayollar ko‘p bo‘lardi. Qanchalik rashkim kelsa ham o‘ziga sezdirmas, qizg‘anganimni bildirmas va ich-ichimdan shu dugonalarimning uyimizdan tezroq ketish­larini istar, ikkinchi marta uyimizga kelish­lariga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilardim.

– Eng baxtiyor paytlaringiz haqida o‘ylaganda nimalarni eslaysiz?

– Hammasi O‘lmas aka bilan bog‘liq. U bilan tanishgan talabalik vaqtlarim, u bilan turmush qurgan pallalar — hayotimning eng go‘zal onlari edi. Umidaning tug‘ilishi, bu — bir tarix. Ko‘pchilik o‘shanda uni o‘g‘il bola degan, men esa qiz tug‘ilishini xohlaganman. Tug‘ilganidan keyin O‘lmas akaning quvonchlari... Umidani juda yaxshi ko‘rardi. Umida uning jonu jahoni edi. Davolanish jarayonlarida ham ko‘proq Umidani o‘ylar, uni sog‘inar edi. Davolovchi professor menga: «Barakalla, siz doimo O‘lmas akaning yonida bo‘ldingiz, unga yaxshi qarab, ruhiy tetiklik baxsh etdingiz. Shu tufayli O‘lmas aka kasallikni yengib, tuzala boshladi», deganida shunchalar quvonganmanki, o‘zimni dunyodagi eng baxtiyor ayoldek his etganman. Tuzalib ketish­lariga qattiq ishonganman o‘shanda. Toshkentga qaytganimizda esa Umidani opichlab ko‘targanlarini ko‘rib, bir quvonchimga o‘n quvonch qo‘shilgan. Eng baxtli kunlarim shular bo‘lsa kerak. Bu holat kinolentaday hamisha ko‘z oldimda gavdalanaveradi.

– Umidaga bag‘ishlangan «Qizimga maktub­lar» asarida «...Mening senga otalik mehrim haqqi uni (onangni) asra, ranjitma, o‘ksitma, yakkalatib qo‘yma... oying yaxshi ayol, ko‘ngli ochiq ayol. Kimdir unga ozor yetkazishiga yo‘l qo‘yma. Himoya qilishga o‘rgan. Yolg‘izlatib qo‘yma», degan so‘zlarining o‘ziyoq yozuvchining sizga bo‘lgan muhabbati nechog‘lik buyuk ekanligini namoyon etadi. Bu asar qizingiz Umidaning hayotida qanday ahamiyatga ega bo‘ldi?

– Bilasizmi, bu asar nafaqat Umidani, balki ko‘plab yoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi, ularning hayotida ijobiy ta’sirga ega bo‘ldi. Uzoq yillargacha kitobxonlar shu kitobni so‘rab uyga kelishdi. Umida ham otasi kabi haqiqatparvar, to‘g‘riso‘z, rostgo‘y bo‘lib kamol top­­di. Otasi «Qizimga maktub­lar»da vasiyat qilgani kabi ilmli, mehnatkash qiz bo‘ldi. Iqtisod yo‘nalishida Angliyaning nufuzli universitetida tahsil oldi.

Bugungi kunda turmush o‘rtog‘i ham, o‘zi ham Angliyada bank sohasida ishlashadi. Ikki nafar qizning onasi. Nevaram Annushka 1-sinfda, Sofiya 7-sinfda o‘qishadi. Aytganday, nevaram Sofiya juda iqtidorli. Barcha test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib, yuqori ball bilan Angliyadagi eng nufuzli maktab­­ga qabul qilindi.

– Umidaning Angliyadagi uyida «Qizimga maktublar» kitobi bormi?

– Albatta, bor.

– Undagi ota nasihatlariga rioya qiladimi?

– Shunga intiladi. Men bilan doi­miy aloqada bo‘ladi, olisdan bo‘lsa ham yordamini ayamaydi, har yili meni ko‘rishga kelib turadi. Bu yil ham may oyini intizorlik bilan kutayapman. Chunki may oyida yolg‘izim, Umida keladi.

U mening ham Angliyada yashashimni istaydi. Bir necha bor ular bilan birga yashadim ham. Ammo men har qanday mamlakatda uzoq turolmayman, o‘z yurtimni sog‘inaman. Bu yerda O‘lmas akaning qabrini ziyorat qilaman, changini artaman... Uni yolg‘iz qoldira olmayman. O‘z Vatanim, o‘z hovlimni yaxshi ko‘raman. Bu yerda O‘lmas akaning ruhi bor! Biz u bilan juda chiroyli yashadik, agar hayot bo‘lganida bundan ham chiroyliroq yashagan bo‘lardik.

– Yurtboshimiz sevimli adibimiz O‘lmas Umarbekovni vafotidan keyin «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirladi va uni sizga topshirdi. Inson mehnati qadr topgan yurtda yashayapmiz. Shunday emasmi?

– Men bir narsaga quvonaman, bizning O‘zbekistonimiz, o‘zbekistonliklarning peshonasi porloq — davlatimizga odamiyligi ulug‘, inson qadrini hamma narsadan ustun qo‘yadigan Prezidentlar nasib qilayapti. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ham juda olijanob inson edi, O‘lmas aka dardga yo‘liqqanlarida ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaganlar, hatto yo‘qlab borganlar.

Adib dunyodan o‘tganidan deyarli chorak asr vaqt o‘tgach, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham yozuvchining mehnatini yana bir bor e’tirof etdi: «Men O‘lmas akani yaxshi tanirdim, u ajoyib inson edi», — dedi va «Fidokorona mehnatlari uchun» ordeni bilan taqdirladi. O‘sha lahzalarda yuragimda ikki tuyg‘u bor edi: birinchisi, adibning o‘zi tirik bo‘lsa-yu, mehnatining e’tirofidan rohatlansa, ikkinchisi, hatto o‘tganlarning ham mehnati ulug‘lanadigan yurtda yashayotganimizga behisob shukronalar edi!

Adib xonadonidan qaytar ekanman, uning rafiqasiga atalgan qalb so‘zlari, minnatdorligi qulog‘im ostida bu fidoyi, sadoqatli AYoLga ehtirom sifatida jaranglayverdi: «Zuhra, sevgilim, yakkayu yagonam! Sabr-toqatingga, mehringga, aql-farosatingga balli! Yaxshi ham hayotda senga duch keldim. Mehribon do‘stim, maslahatgo‘yim, tayanchim! Har doim meni, mening tinchligim, obro‘yim, farog‘atimni o‘ylading. Endi hech ikkilanmasdan, sidqidildan aytishim mumkinki, sen butun hayotingni menga bag‘ishlading. Quvonchlarimdan quvonding, qayg‘ularimdan qayg‘urding, men uchun mendan ko‘proq azob chekding. Betob kunlarim butun vujuding, mehring, diling bilan menga malham bo‘lding! Mana, hozir ham yonimdasan. Imkoni bo‘lsa, mening dardimni shunday sug‘urib olsang-u o‘zingning ichingga solsang! Yo‘q, jonim, sening sog‘ yurganing mening baxtim, quvonchim. Hali qizimizni uzatasan, nevara ko‘rasan. Xudo menga yana qancha umr bergan bo‘lsa, yonimda bo‘lasan. Sensiz menga bu hayot qorong‘i...»

Saodat Matyoqub qizi suhbatlashdi.
«Adolat» gazetasidan

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring