Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yuzlab sharqshunos olimlar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llashdi

Yuzlab sharqshunos olimlar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llashdi

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining (WOSCU) Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi» VII Xalqaro kongressi ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qabul qilindi.

Xususan, hujjatda shunday deyiladi:

«Sizning boshchiligingizda joriy qilinayotgan ko‘p qirrali islohotlar, jumladan, mamlakatning ochiqligi va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tufayli O‘zbekiston madaniy merosini qayta tiklash va ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish imkoni yaratildi. Biz Sizning aynan ta’lim, mamlakatning madaniy merosini o‘rganish va asrash davlatni barqaror taraqqiy ettirish, ma’rifatli kelajakni qurishning kafolati ekanligi borasidagi qarashlaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu tufayli «O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi» mavzusi Kongressning asosiy g‘oyasi bo‘lib kelayotgani bejiz emas» .

Olimlar mamlakatimiz madaniy merosini saqlash va ommalashtirish zarurligini alohida ta’kidladilar.

«Madaniy meros Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida mamlakat faol foydalanayotgan eng muhim boylikdir. Aynan u millatning madaniy kodini asrab-avaylash va uni avloddan avlodga yetkazish kafolati hisoblanadi», deya ta’kidlaganlar Kongress ishtirokchilari.

Murojaatda qayd etilishicha, «O‘zbekiston madaniy merosi» turkumining 70 jildi, maxsus va ommabop nashrlar, «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumining 16 jildi, qadimiy qo‘lyozma yodgorliklar faksimile nusxalari va ko‘plab boshqa nashrlarni chop etish Butunjahon jamiyatining keyingi yillardagi faoliyati samarasi bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida ilk bor 50 dan ortiq xorijiy to‘plamlardagi O‘zbekistonning 100 nafar tarixiy shaxslariga oid 200 dan ortiq miniatyuralar bir nashrda jamlab chop etildi. Bularning barchasi bevosita Sizning shaxsan ko‘rsatgan e’tiboringiz va mamlakat hukumatining doimiy yordami tufayli amalga oshirildi».

Shuningdek, olimlar o‘z murojaatida istiqbolga mo‘ljallangan rejalari haqida ham ma’lumot berdilar.

«Butunjahon jamiyati kelgusida «Sharq miniatyurasida O‘zbekiston tarixiy shaxslari» loyihasini davom ettirish, O‘zbekiston musiqiy merosining «Oltin fondi»ni yaratish, ko‘p tilli video-lektoriy tashkil qilish, hujjatli va ilmiy-ommabop filmlarni tayyorlash va taqdim etish, milliy mintaqaviy muzeylar to‘plamlarini nashr qilish va boshqa ko‘plab ishlarni rejalashtirgan. O‘zbekiston me’moriy va arxeologiya yodgorliklari kataloglarini chop etish jahon ilm-fani uchun dolzarb, deb hisoblaymiz va bu borada hukumat yordamidan umidvormiz», deyiladi murojaatda.

VII Xalqaro kongress ishtirokchilari Butunjahon jamiyati loyihalarining qo‘llab-quvvatlanayotganligi, madaniyat va tarix sohasidagi oliy darajali tadbirlarning tashkil etilayotganligi uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand sayyohlik markazidan hayratda ekanliklarini qayd etganlar.

«Biz jahon ilmiy hamjamiyati uchun nihoyatda muhim bo‘lgan forumlar, kongresslar va ko‘rgazmalarni o‘tkazish uchun keng imkoniyat yaratganingiz uchun Sizga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Shu kunlarda biz Sizning tashabbusingiz bilan yaratilgan betakror Samarqand sayyohlik markazi va ko‘hna Samarqandning jozibali «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik bog‘i bilan katta hayajon ila tanishmoqdamiz», – deya yakunlanadi Kongress ishtirokchilarining murojaati.

Murojaat O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning «O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi» VII Xalqaro kongressining yakuniy yig‘ilishida ishtirokchilarning umumiy ovoz berishi bilan qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring