Taniqli aktyor profilaktik reyd payti mast holatda qo‘lga tushdi

2018-yil 25-yanvar kuni «Profilaktika kuni» munosabati bilan Toshkent shahar IIBB YHXB shaxsiy tarkibi tomondan 11 ta tumanning 22 ta mahallasida profilaktik reyd o‘tkazildi. Mazkur tadbirning o‘tkazilishiga 186 nafar xodim jalb qilindi.
Ularning asosiy e’tibori jinoyatchilikning va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, mahallalarda qarovsiz qoldirilgan transport vositalarini aniqlab, ularni avtoturargohlarga joylashtirish, avtoustaxonalarni tekshirib, ularda noqonuniy avtomobil ta’mirlash holatlarini aniqlashga qaratildi.
Toshkent shahar IIBBning xabar berishicha, o‘tkazilgan reydlar jarayonida yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan 3022 ta qoidabuzarlik aniqlandi.
Shulardan mast holatda transport vositasini boshqarish 19 ta bo‘lib, ularning ichida taniqli aktyor Bosid Rahmatov (1984-yilda tug‘ilgan) ham borligi e’tiborga molik. Bu aktyor «Telba» va shu kabi bir qator filmlar orqali yaxshi tanish.
Shuningdek, transport vositalarini hujjatsiz boshqarish – 21 ta, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga rioya qilmaslik – 94 ta, harakat davomida uyali telefondan foydalanish – 44 ta, odam tashish qoidalarini buzish – 307 ta, tezlikni belgilangan me’yordan oshirish – 188 ta, bo‘ysunmaslik – 5, xavfsizlik kamarini taqish qoidalariga bo‘ysunmaslik – 1260 ta, jami 88 ta transport vositasi jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, 25-yanvar kuni Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha shahardagi 116 ta o‘rta ta’lim maktabi va 114 ta maktabgacha ta’lim muassasasida uchrashuv va suhbatlar o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter