Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli tarjimon filantroplar haqida qonun qabul qilishni taklif etdi

Taniqli tarjimon filantroplar haqida qonun qabul qilishni taklif etdi

O‘zbekistonda adabiyot va san’atni, turli ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan filantroplar, biznesmenlar hamda donor tashkilotlarga imtiyozlar berilishiga doir qonun qabul qilinishi zarur. Bu haqda taniqli shoir va tarjimon, Butunjahon she’riyat harakatining mamlakatimizdagi koordinatori A’zam Obid tomonidan O‘zbekiston Prezidenti hamda tegishli vazirliklarga yo‘llangan murojaatda so‘z boradi.

Yozuvchilar uyushmasining xalqaro adabiy aloqalar sohasidagi faoliyatidan qoniqmasligini ma’lum qilgan ijodkor adabiyot va san’at ilg‘or mamlakatlardagi kabi davlatdan mustaqil rivojlanishi maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaydi.

«O‘zbekiston badiiy ijod va san’at sohasida boy, rang-barang va katta merosga ega bo‘lgani bilan, bu merosning katta qismidan xalqimiz mutlaqo bexabar, dunyo hamjamiyati uning hatto bir foizidan ham voqif emas», – deb yozadi A’zam Obid.

Muallif bu sirada Xalqaro ijodiy rezidensiya/turizm dasturi, Xalqaro ijod uyi, Xalqaro she’riyat festivali, Xalqaro yozuvchilar anjumani kabi muhim loyiha va dasturlar haligacha yo‘lga qo‘yilmagani, O‘zbekistondagi birorta shahar YuNESKOning adabiyot yoki san’at shaharlari ro‘yxatiga kirmaganiga e’tibor qaratadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda adabiy agentlik, adabiy agent, mualliflik huquqiga amal qilish nimaligini haligacha ko‘pchilik bilmaydi; o‘zbek ijodkorlarining aksari xorijiy tillarni o‘rganmagan, ularga dunyoga chiqish yo‘llari, asarlarini xorijda nashr etish, xalqaro dasturlarda qatnashish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi tashkilot yo mexanizm yo‘q.

«O‘zbekistonning chet ellarda adabiyot, san’at, madaniyat hamda xilma-xil urf-odat va qadriyatlarimizni targ‘ib qiladigan, tanishtiradigan (masalan, Gyote institutiga o‘xshagan) yirik institutlari mavjud emas. Haligacha millat adabiyotining eng taniqli vakillari, loaqal Alisher Navoiy asarlarining bir foizi ham jahon tillariga, xususan, dunyoda eng keng tarqalgan ingliz tiliga tarjima qilinmagan», – deb yozadi muallif kuyunchaklik bilan.

Zamonaviy o‘zbek yozuvchi-shoir va dramaturglari xalqaro doiralarga chiqish haqida kam qayg‘urishini qayd etgan A’zam Obid yosh qalamkashlarga til o‘rgatish, yetuk ijodkorlarni chet ellarga ijodiy sayohatlarga yuborish, xorijlik ijodkorlarni mamlakatga olib kelib, tarjima va mahorat saboqlariga jalb etish muhim ekanini urg‘ulaydi.

«O‘zbekistonda markazlashtirilgan adabiy tarjimonlar uyushmasi yo‘q. Hech kim o‘zbek ijodkorlarini diplomatiya, xalqaro munosabatlar sohasiga jalb etish, ular orasidan elchilar, madaniyat ishlari attashelari yetishtirishni o‘ylamayapti. Yosh ijodkorlarni tarbiyalashni maqsad qilgan poytaxt va viloyatlardagi ijod maktablari yana o‘sha Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikni orzu qilib o‘smoqda, xolos. Hamma sohalarda «chet el tajribasini o‘rganayotganimiz» bir pallada Yozuvchilar uyushmasi ijodiy sohada eng yaxshi va eng kerakli chet el tajribalarini o‘zimizga olib kira bilmayotir», – deydi taniqli tarjimon.

Joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonda «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro adabiyot festivali o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo so‘nggi kunlarda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi, festival direktori Sofi Ibbotson Yozuvchilar uyushmasining kutilmagan munosabati ortidan ushbu tadbirni o‘tkazish savol ostida qolganini ma’lum qildi.

«Iltimos, O‘zbekistonda adabiyot va san’at mustaqilligi uchun yo‘l ochib bering! Zero, aziz Vatanimiz imijini erkin va mustaqil adabiy loyihalar, shaffof NNT va jamoat tashkilotlari ko‘tara oladi, yuzini yorug‘ qila biladi. «Buyuk ipak yo‘li» festivali jamoasiga esa O‘zbekistonga chin dildan yordam berishni istagani uchun faqat rahmat aytmoq kerak. Bu yil festivalning O‘zbekistonda o‘tkazilmasligidan ular hech narsa yutqizmaydi. Yutqizadigan biz, siz – hammamiz! Festival esa qo‘shni va boshqa Buyuk ipak yo‘li mamlakatlarida davom etaveradi», – deb yozadi muallif.

A’zam Obid o‘nlab mumtoz va zamonaviy o‘zbek ijodkorlari asarlarini ingliz tiliga tarjima qilib chop ettirgan. O‘zbek she’riyati va nasridan qilgan tarjimalari Buyuk Britaniya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, AQShda kitob holida hamda bosma nashrlarda bosilgan. U O‘zbekistonda ilk bor «Xalqaro yozuvchi va rassom rezidensiyada» ijodiy turizm loyihasiga ham asos solgan.

UzLAB (Uzbekistan’s Literature and Art Bridge) dasturi doirasida yurtimizga dunyoning o‘nlab o‘lkalaridan yozuvchi, shoir, rassom, tarjimonlar tashrif buyurdi. Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha maxsus moliya manbalari va homiylik mablag‘larisiz, ko‘ngillilarning himmati evaziga amalga oshirilmoqda.

Avvalroq adabiyot fidoyisi A.Obid xalqaro dastur doirasida Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan ijodkorlar – O‘rxon Pomuq, Herta Myuller va Mo Yanni yurtimizga taklif qilgani haqida xabar bergan edik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring