Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘lqin Tojiyev o‘z hayotidan mamnunmi?

To‘lqin Tojiyev o‘z hayotidan mamnunmi?

O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek dublyajining oltin ovozi, ardoqli va kamtar aktyor To‘lqin Tojiyev yaqinda o‘zining 87 yoshini kutib oldi. Bu inson – san’atimiz tarixi va durdonasi. To‘lqin akani kamtar deganimiz bejiz emas – u o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni, ohangjamalikni yoqtirmaydi. Tavallud kunini ham oila davrasida o‘tkazib qo‘ya qoladi. Bizga kelgan bir nechta videolavhalarda To‘lqin Tojiyev o‘zining dil so‘zlarini shunday bayon etgan.

– Spektakl, rol – boshqa narsa yo‘q, – deydi san’atni ulug‘ kasb hisoblagan To‘lqin aka.

Bu hayotda har kimning ham armonlari bo‘ladi. Xo‘sh, To‘lqin Tojiyev o‘z hayotidan mamnunmi?

Aktyor uzoq o‘ylanib, o‘tgan kunlarini tahlil qilib shunday javob beradi: – Bir tomondan mamnunman, bir tomondan... xato ishlar ko‘p, – keyin esa maftunkor ovozda she’r o‘qiydi:

Kuldi bu dunyo,

Sen yo‘ldan adashding.

Kuldi bu dunyo,

Yarashib, tortishib o‘tding dunyodan.

Qah-qah urganicha qoldi bu dunyo.

To‘lqin Tojiyev teatr va kinoda ko‘plab rollar ijro etgan. Uning sevimli roli qaysi?

– Hammasi yaxshi, – deydi To‘lqin aka. – Eng yaxshi ko‘rganim esa – Yago!

Aktyor qaysi hamkasbini xush ko‘radi?

– Behzod Muhammadkarimovni, – deydi To‘lqin aka. – Yana bittasi Matchonov.

Uning aytishicha, Behzod Muhammadkarimov va Matyoqub Matchonov o‘z rolini vijdonan o‘ynaydi, judayam odamshavanda. Ular ham To‘lqin akani qadrlashadi, hurmat qilishadi. «Sizning ovozingiz billurdek toza», deyishadi.

O‘zbek dublyajida o‘chmas iz qoldirgan To‘lqin Tojiyev yana she’r aytadi:

Ey gul, gulingiz, tarovatingiz buncha tiniq,

Bog‘ ichra ajib latofatingiz buncha tiniq.

Ildiz o‘z gulin ko‘rmas, jonidan suv bersa ham,

Oftob oyni ko‘rmagay, bir osmonda yursa ham...

Ulug‘ yoshini nishonlagan el sevgan san’atkor, o‘zbek dublyajining metri, ardoqli aktyorimiz To‘lqin Tojiyevga uzoq va barakali umr, sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Anvar Namozov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring