Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalida O‘zbekiston 6 ta film bilan qatnashmoqda

Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalida O‘zbekiston 6 ta film bilan qatnashmoqda

V Turk dunyosi hujjatli filmlar festivali mukofotiga sazovor bo‘lgan hamda yakuniy bosqichga chiqqan filmlar namoyishi 25-27-noyabr kunlari onlayn tarzda uzatiladi. Bu haqda Turkiya elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

Turkiyaning Usmoniya shahrida o‘tayotgan kinoanjumanning bir qismi koronavirus pandemiyasi sabab onlayn formatga ko‘chirildi.

Namoyish etiladigan 37 ta filmni festivalning Youtube kanali orqali tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Turkiy olamda nufuzli sanalgan madaniy tadbirda o‘zbekistonlik ijodkorlar «Hunarmandlar qadrlangan yurt», «Samarqand — qadimiy Sharq durdonasi», «Suzuk ota», «O‘zbekiston — islom sivilizatsiyasi markazi», «Shashmaqom», «UzRok» kabi hujjatli filmlar bilan qatnashadi.

Festival ishtirokchilari orasida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, Makedoniya, Bosniya va Gersegovina, Shimoliy Kipr turk respublikasi ham bor.

Turkiyaning yetakchi madaniyat va san’at muassasalari tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan festivaldan ko‘zlangan maqsad turkiy dunyo kinoijodkorlari o‘rtasidagi robitalarni mustahkamlash, hujjatli filmlar ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu ijodiy sohani rivojlantirish va kengaytirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.

O‘zbekiston va Turkiya mamlakatlari o‘rtasida ko‘plab sohalar qatori kinematografiya yo‘nalishida ham hamkorlik rivojlanmoqda. O‘tgan yili Turk dunyosi hujjatli filmlar delegatsiyasi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring