2024-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti $3,5 milliardga yetkaziladi
2024-yil uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shundan meva-sabzavot 2,5 mlrd dollarga va boshqa oziq-ovqat mahsulot eksportini 1 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Bunda meva eksportini 45 foizga, sabzavotni – 50 foizga, poliz ekinlari eksportini – 36 foizga, uzumni – 2,2 barobarga va dukkakli mahsulotlar eksportini 32 foizga ko‘paytirish uchun choralar ko‘rilmoqda.
«Asosiy e’tibor xorij bozorlaridagi talab va takliflarga ham qaratiladi. Fransiya, BAA, Saudiya Arabistoni va Yaponiyadagi meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda eksportchi korxonalarni ishtiroki ta’minlanadi va aniq buyurtmalar portfeli shakllantiriladi.
200 ming gektar maydonlarda eksportbop ekinlar joylashtiriladi va eksportga ortilishiga ko‘maklashish uchun karantin inspektorlari biriktiriladi», – deydi Agentlik rasmiysi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda 80 ta davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olingan. 2023-yilning o‘zida 12 ta davlatga 23 turdagi mahsulot eksportiga fitosanitar ruxsatlar olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter