«Uzbekistan Airways» 2025 yildan Kanadaga doimiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin
O‘zbekiston va Kanada fuqaro aviatsiyasi sohasida qator kelishuvlarga erishdi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, «ICAN – 2023» tadbiri doirasida ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari har ikki tomon aviakompaniyalari uchun birinchi va ikkinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etishga kelishib olgan.
Uchrashuvda Ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish huquqini beruvchi uchinchi va to‘rtinchi «havo erkinligi»ni o‘z ichiga olgan aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda imzolash jarayonini boshlash bo‘yicha kelishuv imzolangan.
«2025-yildan boshlab, O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalaridan «Uzbekistan Airways» AJ Kanadaga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Kanada bilan erishilgan kelishuv «Uzbekistan Airways» AJning Kanadaga parvozlarni amalga oshirishi zamin yaratadi.
Qolaversa, mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib etish hamda xorijiy sayyohlarni yurtimizga jalb qilish bo‘yicha Amerika qit’asining yana bir mamlakatini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun xizmat qiladi», deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq Toshkentdan Myunxenga muntazam reys qo‘yilgandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning yana besh hududidan Istanbulga aviaqatnovlar rejalashtirilayotgani aytilgandi.
Joriy yilda «Uzbekistan Airways» uch yillik tanaffusdan so‘ng Urumchiga reyslarni qayta tiklagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter