«Bodikamera»si ishlamaydigan YPX xodimi va haydovchi o‘rtasidagi mojaro xodim foydasiga hal bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda yuk avtomobili haydovchisi hamda yo‘l-patrul xizmati xodimi tortishuvi aks etgan videotasvir tarqalib, jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Videotasvirda tushunilishicha, haydovchi YPX xodimidan «bodikamera»si ishlamayotgani, uni ishlatib qo‘yganidan so‘ng unga hujjat taqdim qilishini aytgan. Xodim esa u faqat kamera borligi uchun javob berishini, ishlash yoki ishlamasligi uchun javobgar emasligini aytadi.
IIV JXD YHXX mazkur voqeaga rasmiy munosabat bildirib, ayni paytda haydovchiga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qiladi.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yil 26-iyun kuni soat 19:20 larda «Man» rusumli yuk avtomobili haydovchisi A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 193-kilometrida joylashgan vazn va hajm parametrlarini nazorat qiluvchi punktga kirmasdan yo‘lida davom etganligi uchun «Chinor» postida YPX katta inspektori B.Ortiqov tomonidan to‘xtash ishorasi berilganda to‘xtamasdan harakatda davom ettirgan.
YPX xodimi B.Ortiqov xizmat avtomobilida mazkur haydovchining ortidan kuzatib borgan va A-373 avtomobil yo‘lining 198-kilometrida to‘xtatib, o‘lchov punktiga nima sababdan kirmaganligini va me’yoriy hujjatlarini taqdim etishini haydovchidan so‘ragan.
Haydovchi YPX xodimida mavjud bo‘lgan bodikamera moslamasi bo‘yicha e’tirozlar bildirib, hujjatlarini taqdim etishdan bosh tortgan va xodimning qonuniy talabini bajarmasdan avtomobilni boshqarib yo‘lida davom etgan.
«Haydovchi 1995-yilda tug‘ilgan O.A.ga nisbatan MJtKning 194-moddasi tartibida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Rasmiylashtirilgan bayonnoma hamda to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda sud organlari tomonidan ko‘rib chiqiladi», – deyiladi munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter