Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir Yashnoboddagi muammoli «dom» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Bosh vazir Yashnoboddagi muammoli «dom» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Bugun, 5 avgust kuni Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan Bosh vazir Abdulla Aripov Yashnobod tumanida «Aziya Invest Favorit» MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni fuqarolarga sotilishi yuzasidan kelib chiqqan nizoli vaziyat qatnashchilarini qabul qildi.

Bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatovning ma’lum qilishicha, uchrashuvda mazkur masalani o‘rganish va hal etish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi tomonidan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda 2 ta holat bo‘yicha ham jabrlangan fuqarolarning muammolarini hal etish yuzasidan tayyorlagan takliflarini o‘qib eshittirmoqda.

Uchrashuvda jabrlangan fuqarolarning muammolarini hal etish yuzasidan Hukumat komissiyasi tomonidan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda 2 ta holat bo‘yicha quyidagi takliflar bildirildi:

Birinchi holat bo‘yicha:

«Aziya Invest Favorit» MChJ tomonidan 1 ming 106 nafar fuqaro bilan umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr bo‘lgan xonadonni sotish bo‘yicha shartnomalar imzolangan va fuqarolar tomonidan 163,4 mlrd so‘m naqd pul to‘langan.

Bugungi kunga qadar 1 ming 106 nafar fuqarodan 1 ming 60 nafari Bosh prokuraturaning tergov guruhi tomonidan jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinib, shartnoma va to‘lov kvitansiyalarining haqqoniyligi o‘rganilgan. Qolgan 46 nafar fuqaro hali tergovchilarga kelib uchrashmagan (so‘roq qilinmagan). 1 ming 106 nafar fuqarodan 321 tasi (29 foiz) shartnomada ko‘rsatilgan summani 100 foizini, 202 nafar (18 foiz) 70 foizdan yuqori qismini, 298 nafar (27 foiz) fuqaro 50 foizdan – 70 foizgacha qismini, 228 nafar (21 foiz) fuqaro 30 foizdan – 50 foizgacha bo‘lgan qismini, 51 nafar (5 foiz) fuqaro 30 foizgacha bo‘lgan qismini to‘lagan. 6 nafar fuqaro umuman pul to‘lamagan.

Muammoni hal qilish yuzasidan takliflar:

I variant:

1. Loyiha ishlari – topshiriqqa muvofiq muammoni hal qilish uchun Bektemir tumani “Iyk ota” massividan 11,4 getkar bo‘sh yer maydoni tanlandi va 1-bosqichda ushbu yer maydonining 4,4 gektariga umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr bo‘lgan 1 ming 104 xonadonli 16 ta 9 va 12 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish bo‘yicha loyiha taklifi tayyorlandi.

2. Infratuzilma bilan ta’minlash – quriladigan uy-joylarning tannarxini arzonlashtirish maqsadida massivning muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi va obodonlashtirish ishlarini respublika budjetidan amalga oshirish taklif etiladi.

Shuningdek, massiv hududida mahalliy budjetdan ajratilayotgan 29 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 990 o‘rinli umumta’lim maktabi joriy yilda foydlanishga topshiriladi.

Bundan tashqari ushub massivda bog‘cha ham quriladi.

3. Qurilish ishlari – mazkur hududda ko‘p qavatli uylarni qurish uchun sohadagi yirik pudrat tashkilotlarining takliflar qabul qilindi.

Ular orasidan «O‘zshahar qurilish invest» kompaniyasi, «Yangi zamon» MChJ, «Gold step invest» MChJlar tanlab olindi.

Ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, ekspertizadan o‘tkazish ishlari joriy yil 1 oktyabrga qadar yakunlanadi.

Qurilish ishlari loyiha ishlari bilan parallel ravishda olib borishga ruxsat berilsa joriy yil 10 avgustdan boshlab yuboriladi va uylar 2024 yil yakuniga qadar to‘liq foydalanishga topshiriladi.

Hukumat komissiyasiga jabrlangan fuqarolarga qurib beriladigan uy-joylarning 1 metr kvadrati narxi 6 million so‘mdan oshmasligi topshirildi.

4. Qurib bitkazilgan uy-joylarni jabrlangan fuqarolarga taqsimlash:

– avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga asosan 100 foiz pulini to‘lagan (320 nafar) fuqarolarga beg‘araz beriladi;

– shartnomaga asosan belgilangan mablag‘ni bir qismini to‘lagan fuqarolarga ham uy beriladi, lekin shartnomadagi xonadon maydonining to‘lanmagan qismiga har bir kv metr maydon uchun qo‘shimcha tarzda to‘lov qilishadi;

– jabrlanuvchi fuqarolar tomonidan avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga asosan sotib olingan xonadonning umumiy kvadrat metri o‘zgargan taqdirda, uning oshgan qismi bo‘yicha har bir kvadrat metrga qurilish tannarxida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi.

Pulini qaytarib olish istagida bo‘lgan fuqarolarga to‘lagan pul mablag‘lari tergov-sud jarayonlari yakunlangandan keyin pudrat tashkilotining davlat foydasiga tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarni sotish evaziga tushgan mablag‘lar hisobidan qaytarib beriladi (tergov va sud jarayonlari muayyan vaqt olishi mumkin).

II variant:

1. Loyiha ishlari – «Iyk ota» massividan 11,6 gektar bo‘sh yer maydonida 2 ta bosqichda umumiy maydoni 226 ming kv metr bo‘lgan 3 ming 120 xonadonli 34 ta 9, 12 va 16 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish bo‘yicha loyiha taklifi tayyorlandi.

2. Infratuzilma obektlari respublika budjetidan qilib beriladi (113 mlrd so‘m).

3. Qurilish ishlari – «O‘zshahar qurilish invest» kompaniyasi, «Yangi zamon» MChJ, «Gold step invest» MChJlar tomonidan quriladi.

4. Qurib bitkazilgan uy-joylarni jabrlangan fuqarolarga taqsimlash 1-variantdagi kabi amalga oshiriladi.

5. Nazorat tizimi – uy-joy loyihasi va qurilish ishlariga qurilish va kommunal xo‘jalik vazirining o‘rinbosari Adilov Davron Qobuljanovich hamda qurilish ishlarining sifatiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi rahbari Kozim Nosirovich To‘laganov mas’ul bo‘ladi.

Qurilish ishlari yakuniga yetkazilgunga qadar Hukumat komissiyasi doimiy nazorat qiladi va muammoli masalalarni hal qilib boradi.

Ikkinchi holat bo‘yicha:

Amaldagi vaziyat: Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 1404-son qarori bilan Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasi, 58-uy manzilida joylashgan «Suvsoz» DUKga qarashli hududdan 5,2 gektar yer maydoni 1 ming 120 ta xonadonli 8 ta 7 qavatli uy-joylar qurish uchun «Aziya Invest Favorit» MChJga ajratilgan.

Bugungi kunda pudrat tashkiloti ajratilgan 5,2 gektar yer maydonida 1 ming 513 ta xonadonli 8 ta 7 qavatli (mansarda bilan birgalikda) uy-joylar qurilishi olib borilib, 4 tasida (3,4,5,6-uylar) qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.

Qolgan 4 ta uyda (1,2,7,8-uylar) qurilishi tugallanmasdan qolgan. Hozirda pudrat tashkilotining boshqa mol-mulkini sotish orqali tushgan mablag‘lar hisobidan ushbu 4 ta uyda qurilish ishlari davom ettirilmoqda (o‘rtacha 90 foizga bajarilgan).

Yuzaga kelgan muammo:

– 1 ming 513 ta xonadondan 1 ming 409 tasi bo‘yicha fuqarolar bilan investitsiya shartnomalari tuzilgan bo‘lib, atigi 260 ta fuqaroga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berilgan xolos. Qolgan 1 ming 162 ta xonadon muammoli bo‘lib turibdi;

– jami 608 ta xonadon fuqarolarni xabardor qilmasdan pudrat tashkiloti rahbari X. Xatamov tomonidan o‘ziga tegishli 17 ta tadbirkorlik sub’yektiga 8 ta bankdan turli maqsadlarda ajratilgan 211 mlrd so‘m kredit mablag‘lari uchun garov ta’minoti sifatida qo‘yib yuborilgan.

Shundan, 122 ta xonadon bank balansiga olingan, 112 ta xonadon bank balansiga olinib sotib yuborilgan, qolgan 374 ta xonadon bankda garovda turibdi;

– 133 ta xonadon 2 ta shaxs (yakka tadbirkorlar va fuqarolar) nomiga shartnoma berilib, sotib yuborilgan;

– 72 ta xonadon soliq organlarida taqiqda bo‘lgani uchun kadastr rasmiylashtirilmagan;

– 459 ta xonadonda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Hukumat komissiyasi tomonidan ikkinchi holat bo‘yicha yuzaga kelgan muammoni hal qilish yuzasidan quyidagi takliflar bildirildi:

1. Soliq idoralari tomonidan xonadonlarga qo‘yilgan taqiq yechilgan 72 ta xonadonni joriy yil 1 sentyabrga qadar fuqarolar nomiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish.

2. Sud qarorlari va kelishuv bitimlariga asosan banklar balansiga o‘tkazilgan 122 ta va garovda turgan 374 ta xonadon bo‘yicha sud jaryonida qayta ko‘rib chiqib, kredit ta’minotini pudrat tashkilotiga tegishli bo‘lgan va tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga almashtirish hisobiga jami 458 ta xonadonni joriy yil 1 oktyabrga qadar fuqarolar nomiga rasmiylashtirilishini ta’minlash.

3. Bank balansiga olinib, Davlat aktivlari agentligiga o‘tkazilgan 59 ta xonadonni qaytarib, ushbu xonadonlar bo‘yicha da’voni tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga qaratish va qaytarilgan xonadonlarni joriy yil 1 oktyabrgacha pul to‘lagan fuqarolar nomiga rasmiylashtirib berish.

4. Qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan 4 ta ko‘p qavatli uyni Hukumat komissiyasi nazorati ostida qo‘shimcha mablag‘ ajratgan holda joriy yil 1 noyabrga qadar qurilish ishlarini yakunlab, foydalanishga qabul qilish.

Qurilish ishlari yakunlangandan keyin 459 ta xonadonni joriy yil 1 noyabrdan boshlab fuqarolarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish.

Bunda qurilish ishlarini yakunlash va aholini kadastr bilan bog‘liq muammolarini hal qilish uchun Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari – Hukumat komissiyasi a’zosi Rahmonov Baxtiyor hamda Yashnobod tumani hokimi Rahmonqulov Baxtiyor shaxsan mas’ul bo‘ladi. Shtab Izzat ko‘chasida qurilgan uylarning yerto‘lasida joylashgan sotuv ofisida bo‘ladi.

5. Ikkita shaxs (yakka tadbirkorlar va fuqarolar) nomiga shartnoma berilib, sotib yuborilgan 133 ta xonadon hamda tijorat banklari balansiga olinib, sotib yuborilgan 53 ta xonadonga pul to‘lagan fuqarolarga ham oldin imzolangan shartnomasi hamda to‘lov kvitansiyasi asosida xonadonlar ajratiladi.

Bunda, Izzat ko‘chasida qurilayotgan massivdagi xonadonlar yetishmagan fuqarolarga Bektemir tumanida quriladigan uy-joylardan ajratish taklif etiladi.

6. Qurilish tugallanmagan xonadonlarni sotib olishga shartnoma imzolagan fuqarolarning xonadon narxini to‘lanmagan qismini to‘lashlariga qulaylik yaratish maqsadida Izzat ko‘chasidagi massiv yaqinida tijorat banki kassasi tashkil etiladi.

7. Izzat ko‘chasida qurilgan massivga ko‘chib kelgan aholi uchun 2024 yilda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ushbu hududga yaqin masofada joylashgan 67-son maktabning bo‘sh yer maydonida 990 o‘rinli, 143-son bog‘chaning bo‘sh yer maydonida 180 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino quriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu quruvchi firmaga aldanib, to‘lov qilganlar haqida xabar berilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring