Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu yil O‘zbekistonga 10 mln xorijiy va 20 mln mahalliy sayyohlar jalb qilinadi

Bu yil O‘zbekistonga 10 mln xorijiy va 20 mln mahalliy sayyohlar jalb qilinadi

Toshkent shahrida «O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Temuriylar uyushmasi asoschisi va prezidenti (Fransiya) Frederik Bopertyui-Bressan, Konrad Adenauyer nomidagi jamg‘armaning Markaziy, Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Tomas Kunse, Butun dunyo oshpazlari federatsiyasining prezidenti, Islom dunyosi «Halol» brendi asoschisi (Ozarbayjon) Tahir Amiraslanov, Ozarbayjon sobiq madaniyat vaziri Abulfaz Garayevlar ishtirok etdi.

Dastlab, Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov so‘zga chiqib, oxirgi yillarda madaniyat va turizm sohalarida amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish hamda iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator oliy o‘quv yurtlarida talabalar uchun davlat stipendiyalari ta’sis etilganligini ma’lum qildi. Shuningdek, sohada ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida salohiyatli kadrlarni yetishtirish, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Tizimdagi ta’lim muassasalarini zarur o‘quv qo‘llanma va notalar to‘plamlari bilan ta’minlash uchun 19 nomdagi o‘quv qo‘llanma va notalar to‘plamlarini 158 ming 965 nusxada chop etildi hamda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 6 mlrd 400 mln so‘m mablag‘ ajratildi.

2023-yil yanvar-iyun oylari davomida 492 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 5 mln 260 ming aholi qamrab olindi. 2023-yil 5-oyida konsert-tomosha muassasalari tomonidan ishlab topilgan jami mablag‘lar 8 mlrd 458,8 mln so‘mni tashkil etadi. 2022 yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga oshdi.

2023-yil yanvar-iyun oylari davomida teatrlarda 6353 ta (shundan 707 tasi xayriya)spektakl seanslari o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu tomoshalarga 2 mln 432 ming (shundan 212 ming nafari xayriya tadbirlariga tashrif buyurgan tomoshabinlar) nafar tomoshabinlar tashrif buyurdi hamda ushbu tomoshalar orqali 7 mlrd 981 mln so‘m mablag‘ ishlab topildi.

25 ta xorijiy davlatlarda «O‘zbekiston madaniyati kunlari», turizm ko‘rgazmalari, 7 ta xorijiy gastrol hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi 13 nafar a’zolarining xorijda ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Madaniyat muassasalari tarmog‘ini yanada kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlash shuningdek, aholiga sifatli madaniy va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatish maqsadida qiymati 144,2 mlrd so‘m bo‘lgan 33 ta davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolandi.

2023-yil yanvar-may oylarida mamlakatga 2,6 mln nafar xorijiy turistlar tashrif buyurdi va 833,5 mln AQSh dollar miqdorida turistik xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshdi.

2023-yil 5-oyida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi doirasida 8,0 mln. nafar mahalliy sayyohlarning tashrifi amalga oshirildi.

Xorijiy sayyohlar oqimini oshirish va mamlakat turizmi salohiyati bilan tanishtirish uchun joriy yilning 11-17-may kunlari Germaniya turistik assotsiatsiyasi (Deutscher Reiseverband, DRV) 80 nafardan iborat delegatsiyasi tashrifi hududlar bo‘ylab tashkil qilindi va 16 mayda Toshkent shahrida Turizm forumi (Destination forum), B2B uchrashuvlar o‘tkazildi.

Turizm targ‘ibotini xorijda tashkil qilish yo‘nalishida Buyuk Britaniyaning BBC, AQShning CNN, Yevropaning Euronews jahon telekompaniyalari, AQShning yirik Netflix va Amadeus onlayn-striming platformalari, Xitoyning «Trip.com» onlayn-sayohat platformasi, Birlashgan Arab Amirliklarining «Holiday factory» sayyohlik kompaniyasi, «Visa Fasilitation Services Global» kompaniyasi ma’muriyati bilan turizm salohiyatini targ‘ib qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Joriy yilda mamlakatga 10 mln nafar xorijiy sayyohlar jalb qilinib, 20 mln nafar mahalliy aholining sayohatlari tashkil etiladi. Buning natijasida 2 mlrd dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti amalga oshiriladi.

Yil yakuniga qadar ziyorat turizmi yo‘nalishida Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Bangladesh, Yaponiya, Isroil, Hindiston hamda MDH davlatlaridan 1,2 mln nafar ziyoratchilar jalb qilinadi.

170 ta mehmonxona, 72 ta xostel, 48 ta boshqa toifadagi joylashtirish vositalari, jami 290 ta joylashtirish vositalari tashkil etiladi, sohada 50 ming ta ish o‘rni yaratiladi, 492 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etiladi.

Joriy yilning 16-20-oktyabr kunlari Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqand shahrida tashkil etiladi. Tadbirda 150 dan ortiq davlat turizm vazirlari, yetakchi turoperatorlar, aviakompaniyalar, investorlar, oliygohlar, OAV vakillari hamda ekspertlar ishtiroki ta’minlanadi. Bosh assambleya doirasida rejalashtirilgan investitsiya va ta’lim forumlari hamda UNWTO turizm akademiyasi rasmiy ochilish marosimi o‘tkaziladi.

Jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning qariyb barcha qit’asidan, ya’ni 60 dan ziyod mamlakatdan 450 dan ortiq davlat arboblari, siyosatchilar, yirik biznes vakillari va ekspertlar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etadilar.

«Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat» mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligining bosh maqsadi – xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashishdan iborat.

Shuningdek, tadbir davomida xorijlik mutaxassislar ham qator dolzarb mavzularda o‘z ma’ruzalarini taqdim qilishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring