Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi tarixiy yodgorliklar restavratsiyasiga ajratilgan pullar ham «yeb ketildi»

Buxorodagi tarixiy yodgorliklar restavratsiyasiga ajratilgan pullar ham «yeb ketildi»

Bosh prokuratura hamda Madaniy meros agentligi xodimlari tomonidan Buxoro shahridagi bir qator tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish va ta’mirlash ishlari yakunlari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishda, ushbu yodgorliklarda bajarilgan ish hujjatlariga soxta yozuvlar kiritish yo‘li bilan ajratilgan davlat budjeti mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi.

Jumladan:

  • «Xo‘ja Kalon» masjidida 731 mln so‘m;
  • «Xusayni» madrasasida 216 mln so‘m;
  • «Nodir Devonbegi» madrasasida 90 mln so‘m;
  • Buxoro shahri tarixiy markazi hududida joylashgan 74 ta ob’yektga manzil ko‘rsatgich belgilari o‘rnatish uchun ajratilgan 50 mln so‘m budjet mablag‘i talon-taroj qilingani aniqlangan.

Bundan tashqari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari tomonidan 2,3 mlrd so‘m budjet mablag‘i tovar-moddiy boyliklar sotib olish uchun sarflangani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, amalda mablag‘lar talon-taroj qilingan.

Hozirda Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

«Xabar.uz»ning Buxoro viloyati bo‘yicha muxbiri ushbu jinoiy ish tafsilotlariga doir savollar bilan viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shahriyorovga bog‘landi.

Shahriyorov viloyat hokimligining ushbu masalada aloqasi yo‘qligini va bunga biror fikr yoki baho berolmasligini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring