Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasining 13 nafar mansabdor shaxsi javobgarlikka tortildi

Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasining 13 nafar mansabdor shaxsi javobgarlikka tortildi

Tadbirkor faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishlar alohida nazoratda. Lekin bu ayrim mansabdor shaxslarning yodidan ko‘tarilib qolmoqda.

Vaholanki, Prezidentning 2022-yil 13-sentyabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga asosan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish haqidagi buyruq qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi, tekshirish dastur asosida amalga oshirilishi va tekshirish davomida tadbirkorlik sub’yekti rahbariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquqlar tushuntirilishi qat’iy belgilangan.

Mazkur talablarga rioya qilmagan nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslari tegishli javobgarlikka tortilishi mustahkamlangan.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishlar doimiy tahlil qilib borilmoqda.

Ana shunday tahlil natijalariga ko‘ra, Namangan viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar davomida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirishlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinmaganligi aniqlangan.

Jumladan, Namangan viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan «Standart» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) faoliyatida tekshirish o‘tkazilgan.

Buni qarangki, tekshirish «Standart» MChJ faoliyatini tekshirishga oid bo‘lmagan buyruq asosida o‘tkazilib, tekshirish dasturisiz amalga oshirilgan hamda tadbirkorga qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquqlari tushuntirilmasdan amaldagi normativ hujjatlar talablari buzilgan.

Shu kabi holatlar Namangan viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan 30 ga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishlarda ham takrorlangan.

Mazkur qonunbuzilishi holatlari yuzasidan Namangan viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasining 13 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-2-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring