Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha reytingi e’lon qilindi

Davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha reytingi e’lon qilindi

Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligi reyting baholashdan o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, ushbu reyting Prezidentning 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qaroriga ko‘ra, baholash 29 ta maxsus indikatorlar asosida «E-Anticor.uz» elektron platformasi orqali amalga oshirilgan.

Shu bilan birga reyting baholash natijalarining xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilgan.

Qayd etilishicha, baholash natijalari bo‘yicha 62 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 12 ta tashkilot faoliyati samaradorligi «yaxshi» – (81-100 ball), 30 ta tashkilot «qoniqarli» – (55-80 ball) va 20 ta tashkilot «qoniqarsiz» – (55 balldan past) toifalarga ajratildi. 

Mazkur reytingdagi dastlabki «uchtaliklar»:

  • «yaxshi»lar – Soliq qo‘mitasi (93), Ipotekabank (93) va O‘zsanoatqurilishbank (91);
  • «qoniqarli»lar – O‘zbekneftgaz (80), O‘rmon xo‘jaligi agentligi (80) va Buxoro viloyati hokimligi (77);
  • «qoniqarsiz»lar – «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ (54), Qishloqqurilishbank (50) va Xorazm viloyati hokimligi (46).

Korrupsiyaga qarshi eng sust kurashayotgan tashkilotlarning oxirgi «uchtaligi»dan esa Andijon viloyati hokimligi (18), Suv xo‘jaligi vazirligi (13) va Surxondaryo viloyati hokimligi (11) o‘rin olgan.
Aksilkorrupsiya agentligi, shuningdek, tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida qator kamchiliklar mavjudligini ta’kidlamoqda.

Jumladan, rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tashabbuskor emasligi, javobgarlik mexanizmining belgilanmaganligi hamda samarali korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘lgan.

«Reytingda «yaxshi» deb baholangan tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.

Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni minimallashtirish bo‘yicha aniq va manzilli choralar ko‘rilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilot rahbarlari shaxsiy namuna sifatida o‘rnak bo‘lgan», – deyiladi Agentlik ma’lumotida.

Shuningdek, baholash yakunlari bo‘yicha «yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtirilishi ma’lum qilindi.

O‘z navbatida «qoniqarli» deb baholangan tashkilotlarga bu boradagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritilishi, «qoniqarsiz»lariga nisbatan esa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi, ijrosi yuzasidan hisobotlar esa har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib borilishi belgilab qo‘yiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring