Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi veterinar va chorvadorlarga ham ko‘krak nishonlari beriladi

Endi veterinar va chorvadorlarga ham ko‘krak nishonlari beriladi

Joriy yil 27-sentyabrdagi Hukumatning tegishli qarori bilan «Veterinariya fidoyisi» va «Chorvachilik fidokori» ko‘krak nishonlari tasdiqlandi.

«O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan veterinariya sohasini rivojlantirish, tarmoqda veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, epizootik osoyishtalik, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar takdirlanadi.

«O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori» ko‘krak nishoni bilan esa chorvachilikni rivojlantirish, chorva mollarining naslini yaxshilash, oziqa bazasini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan shaxslar taqdirlanadi.

Qarorga ko‘ra, nomzodlar bo‘yicha takliflar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga har yili 1-iyulga qadar taqdim etiladi.

Nomzodlarga oid takliflarni ko‘rib chiqish uchun Qo‘mita raisi tomonidan 5 nafardan iborat tarkibda komissiya tashkil etiladi, ular takliflarni o‘rganib chiqishadi va 1-avgustga qadar yakuniy xulosa qabul qilishadi.

Xulosa asosida Qo‘mita raisining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.

Ko‘krak nishoni har yili 1-sentyabr - Mustaqillik bayrami arafasida topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alari beriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10-avgustda Hukumat qarori bilan «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring