Global isish 2100 yilga borib o‘nlab shaharlarni suv ostida qoldiradi
Suv toshqinlarining umumiy biosferaga ba’zi foydali tomonlari bo‘lsa-da, insoniyat uchun tabiiy ofatlarning eng halokatli turlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu minglab o‘limlar va milliardlab dollarlarga teng moddiy zarar deganidir. Global isish, dengiz sathining ko‘tarilishi hamda ichki suv toshqinlarining ko‘payishi dunyoning turli nuqtalarida odamlar hayotiga xavf solmoqda. Bu esa xuddiki, tabiat insonlarning shafqatsiz munosabatiga javoban o‘ch olayotgandek tuyuladi.
Bugungi kunda muzliklarning ortiqcha eriyotgani, asosan, inson omili, aniqrog‘i havoda karbonat angidridning ko‘paygani bilan bog‘liq.
Avtotransport vositalaridan chiqayotgan chiqindilar va boshqa issiqxona gazlari havoga ko‘tarilib, quyosh issiqligining koinotga qaytishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada harorat ko‘tariladi va muzliklar eriydi.
Olimlarning fikriga ko‘ra ,agar, hozirgi tendensiyalar davom etadigan bo‘lsa, 2100 yilga borib London, Dubay, Bangkok, Amsterdam, Gamburg, Xoshimin, Yangi Orlean va Manila kabi o‘nga yaqin shaharlarni suv bosishi mumkin. Ushbu sanab o‘tilgan shaharlar dengiz sathi ko‘tarilganda eng ko‘p jabr ko‘ruvchilar ro‘yxatining avvalida sanab o‘tilgan. Yaqin 80 yil ichida dengiz sathi bugungi kunga nisbatan 1,1 metrga yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu esa yuqoridagi shaharlarda yashovchi millionlab insonlarning hayoti xavf ostida ekanligini anglatadi.
Muzliklar dunyo ekotizimining rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bugungi kunda yirik muz qoyalarining asta-sekin erishini to‘xtatish uchun qaysidir darajalarda harakat qilinyapti. Ammo, amalga oshirilayotgan ishlar yetarli bo‘ladimi yoki yo‘qmi noma’lum. Hozir vaziyat dahshatli bo‘lib tuyulsa ham, agar insoniyat kurashdan voz kechsa, yaqin kelajakda bundan ham dahshatli falokatlarga olib kelishi mumkin.
Javohir Aliqulov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter