Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ha, lekin yo‘q!» – Energetika vazirligidan g‘alati munosabat

«Ha, lekin yo‘q!» – Energetika vazirligidan g‘alati munosabat

Bir muddat oldin Moliya va Energetika vazirliklari Matbuot xizmatlari 2025-yilga foydalanishga topshirilishi aytilgan quyosh fotoelektr stansiyalari haqida ma’lumot berib, mazkur ob’yektlarni qurish bo‘yicha tender yakunlangani va tenderda BAA, Xitoy va Fransiya kompaniyalari g‘olib deb topilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Energetika vazirligi bu haqdagi xabarni joylaganidan 2,5 soat o‘tib, investorlar (tenderda g‘olib bo‘lgan kompaniyalar)dan biriga nisbatan, guyoki ishonchsizlik bildirmoqda. Bu esa qator savollarni paydo qiladi.

Avvalo, vazirlikning «ajabtovur» munosabatini keltirib o‘tsak.

Vazirlikka ko‘ra, Namangan viloyatidagi quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqiladi. Chunki, «Namangan viloyatida 150 MVt quvvatli loyiha uchun «GD Power – Powerchina» konsorsiumi (Xitoy) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh senti (taxminan 545 so‘m)da yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi».

Shu munosabat bilan Energetika vazirligi ushbu taklifni juda qimmat deb hisoblayapti va ushbu loyiha bo‘yicha tarifni optimallashtirish yuzasidan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qilmoqda.

«Mazkur loyihani amalga oshirishda elektr energiyasi tarifini kamaytirish choralari ko‘riladi», deya va’da ham bermoqda vazirlik. 

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: 2,5 soat oldin tenderda g‘olib deb topayotganda vazirlik ular ko‘rsatayotgan tarifning qimmatligini bilmaganmi? Bilgan bo‘lsa, nega xitoylik investorga bu loyihani bermoqchi bo‘lishgan? Vazirlik taklif qilgan tarifga investor ko‘nmasa-chi?

Tender tanlovida g‘olib investorlarni aniqlashga bag‘ishlangan marosimda esa Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mazkur loyihalar haqida to‘xtalib, «bu mamlakatimizga aholi manfaatlari uchun energiya manbalari narxlarini pasaytirish»ga xizmat qilishini ta’kidlagan edi. 

Xullas, davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilishi aytilayotgan mazkur loyiha atrofida javobini kutayotgan shunday qiziq savollar bor.

Qolgan ikki investor taklif qilgan tariflar:

  • «Masdar» kompaniyasi (BAA) Buxoro viloyatida 250 MVt quvvatga ega loyihani qurish va unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir kilovatt-soati uchun 3,044 AQSh senti (taxminan 345 so‘m);
  • «Voltalia» kompaniyasi (Fransiya) kompaniyasi Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 2,888 AQSh senti (taxminan 325 so‘m).
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring