«Haj»ga jo‘natishni va’da qilib pul ishlagan firibgarlar qo‘lga tushdi
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida poytaxtning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1966 va 1968-yillarda tug‘ilgan aka-uka firibgarlik jinoyati ustia ushlandi.
Ular o‘zaro til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 nafar fuqaroning Saudiya Arabistoniga «Haj» safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Xabarda aytilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga Toshkent shahridagi sayyohlik firmasining muqaddam firibgarlik jinoyatlari uchun 2 marotaba sudlangan ijrochi direktori ham aloqador ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi sayyohlik firmasi xodimi mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroni aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, uni va onasini joriy haj mavsumida muborak safarga yuborish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qiladi. Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 7 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.
Uning mazkur noqonuniy ishni sayyohlik firmasi rahbari bilan kelishgan holda amalga oshirganligi aniqlandi.
Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi, 34 yoshli shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni 8700 AQSh dollari evaziga «Haj» ziyoratiga jo‘natishini aytib, Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning 1959-yilda tug‘ilgan onasini hoji maqomini olishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 17 400 AQSh dollari talab qiladi.
Lekin, u so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari esa Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaroni haj amallarini bajarishi uchun Saudiya Podshohligiga yuborish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter