Hokimlar Buyuk Britaniya bilim yurtida malaka oshirishlari mumkin
Davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish bo‘yicha Buyuk Britaniyaning Civil Service College bilim yurti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
«Dunyo» nashrining O‘zbekistonning Londondagi elchixonasiga tayanib ma’lum qilishicha, ushbu mavzuda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati boshchiligidagi mutaxassislarning Buyuk Britaniyadagi Civil Service College ijrochi direktori S.Leong bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralar davomida davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash hamda rahbar kadrlar uchun muntazam o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha Civil Service College vakillarining fikr-mulohazalari tinglangan.
Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov tomonidan Civil Service College bilan o‘zaro hamkorlikda tuman va viloyat hokimliklari vakillari uchun mahorat darslari, qo‘shma treninglar, o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar esa xorij tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangan.
«Onlayn uchrashuv yakunlari bo‘yicha mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida Anglashuv memorandumini rasmiylashtirishga kelishib olindi», – deyiladi «Dunyo» nashri xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter