Hududlar ishlab chiqarish sanoatining raqobat ustunligi reytingi: 2024-yil natijalari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2024-yil uchun hududlar qayta ishlash sanoatining diversifikatsiya va raqobat ustunligi reytingi yangilandi.
Ushbu reyting hududlarning ishlab chiqarish sanoati salohiyati va raqobatbardoshligini baholashga qaratilgan. 2024-yil O‘zbekistonda qayta ishlash sanoati mahsulotlarining hajmi 753,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu 2023-yildagiga nisbatan 7,7 foiz yuqori. Sohaning YaIMdagi ulushi 2023-yildagi 19,4 foizdan 2024-yilda 20,2 foizga, investitsiyalar tarkibidagi ulushi esa 28,6 foizdan 29,3 foizga ortishi iqtisodiy islohotlar va transformatsiya jarayoni natijasidir.
Reyting natijalari:
Reyting ishlab chiqarish sanoatining diversifikatsiya va lokalizatsiya ko‘rsatkichlari asosida baholanib, bunda Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) va Aniqlangan qiyosiy ustunlik (Revealed Comparative Advantage (RCA)) indeksidan foydalanildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, hududlar 3 guruhga bo‘lindi:
I guruhdan qayta ishlash sanoati yuqori darajada diversifikatsiyalashgan va raqobat ustunligiga ega bo‘lgan Toshkent sh., Farg‘ona va Namangan viloyatlari joy oldi. Ushbu hududlarning o‘ziga xos xususiyati ishlab chiqarishning diversifikatsiylashgani (HHI = 818 - 1447) hamda tarmoqlarning aksariyat qismi (o‘rtacha 30 foizdan yuqori) raqobat ustunligi bo‘yicha yetakchi o‘ringa ega ekanligidir.
II guruhga ishlab chiqarish sanoati o‘rta darajada diversifikatsiyalashgan va raqobat ustunligi o‘rtacha bo‘lgan Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari (jami hududlarning 42 foizi) kirgan. Bunda ishlab chiqarish sanoatining diversifikatsiya koeffitsiyenti o‘rtacha ko‘rsatkichga (HHI = 1525- 2431), raqobat ustunligiga ega yetakchi tarmoqlarning ulushi esa o‘rtacha 22 foizga teng bo‘lgan.
III guruhga raqobat ustunligi darajasi nisbatan past bo‘lgan hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Andijon, Navoiy viloyatlari kirdi. Ularning ishlab chiqarish sanoati diversifikatsiyalashuvi nisbatan past (HHI = 2514 - 6310), ya’ni 1-2 ta sohaga yuqori darajada bog‘liq (ishlab chiqarish sanoatidagi ulushi 60 foizdan yuqori). Shuningdek, raqobat ustunligiga ega tarmoqlar cheklangan.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (HHI 2023-yildagi 3145 dan 2024-yilda 2514 ga yaxshilangan), Andijon (4761 dan 3820 ga), Buxoro (3293 dan 2590 ga) va Surxondaryo (2886 dan 2285 ga) viloyatlarida ishlab chiqarish sanoatida diversifikatsiya darajasi sezilarli o‘zgargan. Namangan viloyati (1604 dan 1447 ga) sanoatidagi ijobiy o‘zgarishlar tufayli o‘rta darajali guruhdan yuqori darajali guruhga o‘tdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizda sanoatni rivojlantirishda joylarda mavjud salohiyat va zaxiralardan oqilona foydalanish, yangi tayanch nuqtalarini yaratish raqobat ustunligini barqarorlashtirish va hududlar o‘rtasidagi tafovutni kamaytirishda yordam beradi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, hududlar qayta ishlash sanoatining diversifikatsiya va raqobat ustunligi reytingi mamlakatimizda hududlarining sanoat salohiyati va raqobatbardoshligini baholash uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu reyting natijalari hududlarning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb qilishda foydali bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter