Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda mas’uliyat olishi kerak – Prezident

Iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda mas’uliyat olishi kerak – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Davlat rahbari bugungi kunda Andijonda havas qilsa arzigulik o‘zgarishlar bo‘layotganini qayd etdi.

«Kecha viloyatdagi ishlar bilan tanishdim, oddiy odamlar bilan gaplashdim. Ishonch bilan aytishim mumkinki, bu zaminda Yangi O‘zbekiston shukuhi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib ulgurgan.

Bu – islohotlarimizning eng katta natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi», - dedi davlat rahbari.

Andijon hamma sohada islohotlar ijrosiga astoydil kirishib, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlarni tez olib kirayotgan hududlardan biri ekani ta’kidlandi.

O‘tgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshladi, 51 ta korxona kichikdan o‘rta toifaga o‘tdi, 13 tasi yiriklashdi. Bir yilda 450 ming aholi ishli bo‘ldi.

Viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar ob’yektlar qad ko‘tardi. Buning hisobiga o‘tgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshdi.

«Lekin hayot bir joyda to‘xtab qolmaydi. Odamlar har kuni izlanib, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqayapti, oldimizga katta-katta masalalarni qo‘ymoqda», - dedi Prezident.

Shuni hisobga olib, viloyatga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi aytildi.

Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Dunyodagi bugungi iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda mas’uliyat olishi lozim», - dedi davlat rahbari. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring