Joriy yilda elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi 43 trln so‘mga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni elektrotexnika sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar va navbatdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, joriy yil birinchi chorakda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan oshgan. Qariyb 310 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, bu ko‘rsatkich 1,3 barobar o‘sgan.
Shu davrda 55 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Shundan 48 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlardir.
Taqdimotda ikkinchi chorakka va yil yakunigacha mo‘ljallangan asosiy rejalar ham aytib o‘tildi.
Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 43 trillion so‘mga yetkazish, qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 656 million dollarlik 71 ta loyihani amalga oshirib, 4 ming 600 ta ish o‘rni ochish mo‘ljallangan. Eksport miqdori 1 milliard 700 million dollarga, geografiyasi 68 ta mamlakatga yetishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida elektrotexnika sanoatida ham rivojlanish trayektoriyasini to‘g‘ri tanlab, bozor talablariga tez moslashish muhimligini ta’kidladi. Mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish, zamonaviy texnologiyalarga munosib malakali kadrlar tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga tarmoqdagi har bir korxona bilan ishlab, sanoat va logistika zanjirlarida yuzaga keladigan masalalarni hal etish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilib, yangi bozorlar topish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter