Mahalliy qatnovlarda aviachiptalar narxlari pasaytiriladi – Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasi, Prezident topshiriqlariga asosan, joriy yilning aprel oyida havo transportida yo‘lovchi tashish bozorida raqobat muhiti holatini yaxshilash, avia chipta narxlarini maqbullashtirish, avia tashish sohasida, shu jumladan ichki yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish hamda avia yoqilg‘i bilan ta’minlashda xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish va teng shartlar yaratish bo‘yicha takliflar kiritganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan avia chipta narxlarini barqarorlashtirish, ichki yo‘nalishlarga tegishli «havo erkinliklari» va boshqa rag‘batlantiruvchi mexanizmlar asosida xususiy sektorni, shu jumladan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, mahalliy tashuvchilarga teng shartlarda subsidiya berish orqali mahalliy yo‘nalishlarda aholiga kengroq ko‘lamda xizmat ko‘rsatishni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
«Joriy yilning may oyida Hukumatning tegishli qarori bilan barcha mahalliy tashuvchilarga ichki yo‘nalishlarda tashishlarning teng shartlarda subsidiya berish joriy etildi.
Shuningdek, mahalliy qatnovlarda aviachiptalarning narxlari «Uzbekistan airways» AJ va «Silk avia» aviakompaniyalari tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, pasaytirish choralari ko‘rilmoqda», – deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Raqobat qo‘mitasi mahalliy va xalqaro parvozlarni amalga oshiruvchi yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalar raqobatga yoki iste’molchilar manfaatlariga zid harakatlarni amalga oshirganida, shu jumladan sun’iy ravishda chiptalarni savdoga chiqarmaslik holatlari aniqlanganda qonunchilikka asosan chora ko‘rilishini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter