Manipulyasiya qurboniga aylanmang: ma’lumotlarni qanday «filtrlash» kerak?

Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar va axborot platformalari odamlar uchun asosiy axborot manbaiga aylandi. Lekin bu axborot oqimi ichida haqiqat bilan birga yolg‘on, tuhmat va manipulyasiya ham mavjud.
Ko‘pincha odamlar ma’lumotni filtrlamasdan qabul qilib, uni haqiqat deb hisoblaydilar. Ammo shu ma’lumot kimningdir manfaati uchun ataylab tarqatilgan bo‘lishi mumkin. Demak, manipulyasiya qurboni bo‘lmaslik uchun ma’lumotni tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirish juda muhim.
Guruh ta’siri va manipulyasiya usullari
Psixologiyada odamlarning o‘zini jamoaga moslashtirishga bo‘lgan intilishi konformizm deb ataladi. Odamlar tabiiy ravishda ko‘pchilik nimaga ishonsa, shunga moyil bo‘ladi. Bunday xususiyatni ba’zi kuchlar ommaviy fikrni boshqarish uchun qo‘llaydi.
Misol uchun 1951-yilda psixolog Solomon Ash odamlar guruh ta’siriga qanchalik tushishini tekshirish uchun tadqiqot o‘tkazgan. Unda bir kishi noto‘g‘ri fikr bildirgan odamlar orasida qolganda, aslida xato ekanini bilsa ham, ularga qo‘shilib noto‘g‘ri javob berayotgani aniqlangan. Demak, ko‘pchilik qanday fikr bildirsa, odamlar o‘sha fikrga moyillashadi.
Shu usuldan ijtimoiy tarmoqlarda ham keng foydalanishadi. Masalan, ommaviy qoralash (bulling) – kimgadir qarshi shov-shuvli kampaniya boshlanadi, odamlar ham unga qo‘shiladi.
Soxta profillar va botlar – biror shaxs yoki voqea haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish uchun feyk akkauntlardan foydalaniladi.
His-tuyg‘ularni qo‘zg‘atish – agar ma’lumot juda kuchli g‘azab, nafrat yoki qo‘rquv uyg‘otsa, odamlar uni tahlil qilish o‘rniga, unga ishonib ketishadi.
Ma’lumot manipulyasiya ekanini qanday bilish mumkin?
Ma’lumotni qabul qilganingizda, quyidagi savollarga javob izlang:
Matnda haddan tashqari ehtirosli gaplar bormi?
«Bu shok!», «Hamma bilyapti!», «Buni yashirib kelishgan!» kabi ifoda manipulyasiya belgisi bo‘lishi mumkin.
Faktlar berilganmi yoki faqat shaxsiy fikrlar?
«U shunday odam, ishonmang!» – hech qanday dalil yo‘q, shaxsiy fikr.
«U mana bu harakatni qildi, mana dalillar» – tahlil asosidagi fikr.
Ma’lumot kimga foyda keltiryapti?
Agar xabar orqali kimdir obro‘siga putur yetkazilayotgan bo‘lsa, bu manfaatli tomonning harakati bo‘lishi mumkin.
Manba ishonchlimi?
Biron xabarni qabul qilishdan avval uning manbasi kim ekanini tekshiring. Rasmiy saytlarda ham shu ma’lumot bormi?
Voqea bir tomonlama yoritilganmi?
Har bir voqeaning ikkinchi nuqtai nazarini ham o‘rganing. Agar bir taraf orqali berilgan bo‘lsa, ob’yektivlikka shubha bo‘lishi mumkin.
Manipulyasiya qurboni bo‘lmaslik uchun nima qilish kerak?
Fikrlash filtridan foydalaning – har qanday ma’lumotni qabul qilishda tanqidiy yondashing.
Manbani tekshiring – ma’lumot qayerdan kelgan? Uni kim tarqatdi? Rasmiy manbalarda ham shu ma’lumot bormi?
His-tuyg‘ularga berilib ketmang – agar xabar juda kuchli nafrat yoki g‘azab uyg‘otayotgan bo‘lsa, biroz to‘xtab, fikr qiling.
Ikkinchi tomondan ham qarang – har qanday voqeaning ikkinchi nuqtai nazarini ham o‘rganing.
Ozgina vaqt o‘tib tahlil qiling – biron xabarni o‘qiboq, uni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb qabul qilmasdan, aniqroq ma’lumotlar paydo bo‘lishini kutib tahlil qiling.
Ma’lumot orqali odamlarni boshqarish va yolg‘on tarqatish usullari ko‘paygan bir davrda yashayapmiz. Shuning uchun, har qanday xabarni ko‘r-ko‘rona qabul qilish o‘rniga, tanqidiy tahlil qilish kerak.
Har qanday xabarni tekshiring. Manipulyasiya usullarini bilib oling. Ma’lumotni qabul qilishda tafakkur filtridan foydalaning.
«Har bir qabul qilayotgan ma’lumotingiz – bu sizning ongingizga ta’sir qilayotgan ozuqa. Uni tanlashda ehtiyotkor bo‘ling, chunki noto‘g‘ri ozuqa tafakkuringizni zaharlashi mumkin.»
Faqat mana shu yo‘l bilangina siz haqiqatga yaqinroq bo‘lasiz va manipulyasiya qurboniga aylanmaysiz!
Guli To‘rayeva, psixolog, psixoterapevt
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter