Militsiya bilan qo‘rqitish... tarbiyadagi xato
Tushlikka shirinlik pishirdim. Tepa qavatdagi qo‘shnimga ham ilindim. Ochiq chehra bilan qarshilagan kelinchak, salom-aliq qilib, «Ovora bo‘libsiz-da, opa, rahmat, uyga kiring», – deya qo‘limdan likopchani oldi. Kelinchak ichkariga kirib ketdi. Shunda uyning yo‘lak devoriga suyanib, qo‘rquv aralash ko‘zlarini katta-katta ochganicha, menga tikilib turgan ikki bolakayga ko‘zim tushdi. Ularning kattasi 4-5 yoshlarda chamamda, men tomonga ikki qadam tashladi-da: «Bizni urushgani, baqirgani kelmadingizmi? Militsiyaga berib yubormaysiz-a, u meni qamab qo‘ymaydi-ya, meni jazolamaydi-ya?», – deya savol berdi. Kutilmagan bu so‘roqqa qanday javob qilishimni bilmadim. Keyin: «Bolam, nega seni militsiyaga bervoraman. Ular bolalarni olib ketmaydi, balki yomonlardan asraydi, aybi yo‘qni jazolamaydi», – deb tursam, ortga qaytgan onasi: «Opa, bunga e’tibor bermang», – deya biroz xijolat tortgan bo‘ldi. Shunda «Bolalarni militsiya bilan qo‘rqitasizlarmi?» – deya so‘radim. «Yo‘g‘-a, opa, o‘sha kuni uyimizga ovsinimning bolalari mehmonga kelgandi. Hovlida katta bo‘lishgan, bizda domchilik, keyin bola bolaga qo‘shilsa to‘polon qiladi-da. Ularning to‘polonini eshitib, yon qo‘shnimiz chiqib: «To‘polon qilsalaring, militsiyaga bervoraman, jazolaydi», – deb bolalarni qo‘rqitgandi. Shundan beri kattam eshik tiq etsa, militsiya keldimikin, deb qotib qoladi», – dedi... (Ijtimoiy tarmoqdan oqqa ko‘chirildi.)
Bilasizmi, yuqoridagi holat bolaligimizda sho‘xligimiz haddan oshganda, kattalarning bizni «Huv, ana, militsiya, kelyapti», – deya tartibga chaqirib, qo‘rqitishni eslatib yubordi. O‘shanda «militsiya»dan rosa qo‘rqardik. Aslida ichki ishlar organlari xodimlari shunchalar qo‘rqinchli odammi? Yoshimiz ulg‘ayib, ularning ham xuddi o‘zimiz singari inson ekanligini, ular davlat xizmatchisi sifatida bizga faqat yaxshilik uchun xizmat qilishni tushunib yetdik. Biroq, afsuski, bolalarni «militsiya» bilan qo‘rqitish hamon «urf»da.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy, salbiy tomonlari haqida ko‘p va xo‘p so‘z yuritiladi. Biroq ularda tarkatilayotgan yangiliklar, kundalik turmushdagi ayrim holatlar odamlarni mulohazaga, mushohadaga undayotgani ham rost. Kimlargadir ko‘zgu tutib, jamiyatimizdagi ayrim illatlarni yo‘qotishga xizmat qilayotganini ham tan olishimiz kerak. Yuqoridagi holat ham aslida shu ma’noda yozilgan. Chunki murg‘ak bolajonning sho‘xligi bir olam. Uni qanchalar to‘g‘ri jilovlash esa ota-onasining, yaqinlarining gardanida. Shunday ekan, bunga «militsiya»ning nima dahli bor. Xalqimizda «Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona» degan maqol bor. Ushbu maqol ham bolalarning to‘polonidan bezgan qo‘shnining «militsiyaga bervoraman», degan qo‘rqitishini yoqlamaydi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Bolalarning sho‘xligini nimanidir, kimnidir sabab qilib bostirish, aniqroq qilib aytganda, qo‘rqitib tarbiyalash noto‘g‘ri hisoblanmaydimi? Undan ko‘ra bolaning ichki olami, qiziqishlariga ahamiyat qaratib, uni o‘zi yoqtirgan mashg‘ulotlarga, sport turlariga berish orqali ichki g‘ayratini to‘g‘ri yo‘naltirish, hayotga qarashlari shakllantirish ma’qul emasmi? Ularni nega darrov «militsiyaga berib yuboramiz», – deya to‘xtatish kerak?
Bolalar tabiatan qo‘rqoq va ishonuvchan bo‘ladi. Ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan noto‘g‘ri qarash bilan ulg‘aygan bolalar keyinchalik ularga qanday munosabatda bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Keyin ular bolalarning tasavvurida jazolovchi bo‘lib gavdalanmaydi, deya olasizmi? Zero, bolalikda olingan bilim, tarbiya bamisoli toshga o‘yilgan naqsh. Bu yosh avlodning huquq-tartibot, huquqiy me’yorlar, qonunlar borasidagi tushunchalarini yemirmaydimi? Mavzuning o‘ylantiradigan jihati shunda.
Bugun zamon o‘zgardi. Ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos yangi usullari o‘sib kelayotgan avlodning jahonning intellektul salohiyatli yoshlari qatoriga qo‘shilishiga xizmat qilmoqda. Shunday ekan, bolalarni «Militsiyaga bervoraman», deya qo‘rqitib tarbiya qilish «usuli» ham har jihatdan eskirdi. Bu tarbiyada noto‘g‘ri yechim. Siz bolalaringizning bo‘yidan baland sho‘xligini kulol loydan ko‘za yasaganidek mohirona sayqallangki, ularning fikrati toza bo‘lib ulg‘aysin. Ichki ishlar organlari xodimlarini jazolovchi emas, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni, qonun ustuvorligini ta’minlovchi davlat xizmatchisi sifatida tanisin. Shunda ularning orasidan shaxti-shijoati baland ichki ishlar organlari xodimlari ham yetishib chiqadi.
Gulnoza Turg‘unboyeva


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter