Mirziyoyev: «gepatit S» kasalligini to‘liq davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yamiz
O‘zLiDePning navbatdagi qurultoyida kelgusi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida sog‘liqni saqlash sohasi uchun mo‘ljallangan rejalari bilan ham bo‘lishdi.
Jumladan, bemorlarning gemodializ, onko-gematologiya yordamidan foydalanishi, eshitish qobiliyati zaif, yurak nuqsoni va irsiy kasalligi bor minglab bolalarga o‘z vaqtida maxsus tibbiy yordam ko‘rsatish kabilar uchun zamonaviy shifoxonalar ham, malakali mutaxassislar va davolash uchun mablag‘ ham yetarli ekani ta’kidlandi.
«Lekin, aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun, hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak.
Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», – deydi Prezident.
Shuningdek, buning uchun, 2030 yilga qadar:
– onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish;
– onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa, 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa bo‘lishi ta’kidlandi.
Bunda 120 ming nafar onkologiya, 350 ming nafar d́iabet, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olinadi. «Gepatit S» kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi. «Tuberkulyoz» bilan kasallanish darajasini yuz ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirishga erishiladi (2016-yilda 43 nafar bo‘lgan).
«Shu bilan birga, kelgusi yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etiladi.
Bu orqali, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlari birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal bo‘ladi», – deydi Mirziyoyev.
Bundan tashqari, onkologik bemorlar uchun O‘zbekistonda ilk bor o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Ta’kidlanishicha, bu boradagi xarajatlar ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.
Sog‘liqni saqlash tizimi esa to‘liq raqamlashtiriladi va tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilinadi. 2030-yilga qadar tibbiyotga budjetdan ajratiladigan yillik mablag‘ hajmi 2 karra oshirilib, 6 milliard dollarga yetkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter