Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev Toshkentda issiqlik markazlaridan birini borib ko‘rdi

Mirziyoyev Toshkentda issiqlik markazlaridan birini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent issiqlik markazi» korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu majmua 1972-yilda qurilgan. Bu yerdagi 5 ta qozonxona umumiy qiymati 400 Gkal quvvatga ega. Jami 491 ta ko‘p qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.

«O‘tgan qishda havo keskin sovib ketishi oqibatida tabiiy gaz bosimi pasayib, iste’molchilarga issiqlik yetkazish qiyin bo‘lgan edi. Shuning uchun joriy yilda issiqlik markazida muqobil yoqilg‘idan foydalanish imkoni yaratildi. Xususan, mazut xo‘jaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Barcha qozonxonalar ta’mirlandi. Shuningdek, gaz bosimini ta’minlash maqsadida inshootga 4,6 kilometr alohida quvur tortildi. 

Bu sa’y-harakatlar natijasida kuz-qish mavsumida iste’molchilarni issiqlik bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratildi. Xususan, tarmoq 30 daraja sovuq haroratgacha barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyasiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi kamaytirilgan. Natijada aholiga 65 darajadan kam bo‘lmagan issiqlik yetkazib beriladi», – deyiladi xabarda.

Xuddi shu tartibda 5-sonli issiqlik markazi ham modernizatsiya qilingan.

– Ochig‘i, uzoq yillar davomida bu tizimga e’tibor bo‘lmagan. Issiqlik korxonalari eski resursda, eskicha uslubda ishlab kelgan. Lekin olingan issiqlik sarflangan xarajatga nisbatan o‘zini oqlamadi. Bundan odamlar ham rozi bo‘lmadi, korxonalar ham manfaat topmadi. O‘tgan yilgi sinovdan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilayapmiz. Endi issiqlikni saqlash va tejash choralarini ko‘rish kerak, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring