Navro‘z – vaqtni yenggan bayram

U uch ming yillik tarixga ega. Bugun esa 12 dan ortiq mamlakatda rasmiy bayram sifatida nishonlanadi: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Turkiya va Iroqda. Har yili 500 milliondan ortiq odam uni nishonlaydi. U shunaqa go‘zal, mayin, xushifor va barakali bayram. Lekin uning uzoq tarixi qadar ulkan dardi, orqasiga urilgan pichoqlari ham ko‘p. Shunga qaramay u biz bilan, biz u bilanmiz.
Navro‘z qachon va qayerda paydo bo‘lgan?
Navro‘z – insoniyat tarixidagi eng qadimiy va umrboqiy bayramlardan biri. Navro‘zning kelib chiqishi haqida Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk», Firdavsiyning «Shohnoma», Umar Hayyomning «Navro‘znoma» asarlarida bayon qilingan.
Xususan, Beruniy Navro‘zning tarixini Eron podshohi Jamshid nomi bilan bog‘laydi. Shoh Jamshid yer yuzidagi hayot uchun qulayliklar yaratib, odamlar hayotini yaxshilashga hissa qo‘shgan deydi. Shuning uchun ham uning nomi bilan bu bayram yuz yillar davomida nishonlab kelingan.
Avestoga ko‘ra, Navro‘zga Turon hukmdori Afrosiyob tomonidan Eron podshohi Siyovush o‘ldirilgan kun deb ta’rif beriladi. Shuningdek, bu kun yangi yilning boshlanishi sifatida alohida ahamiyat kasb etgan. Firdavsiyning «Shohnoma» eposida Navro‘zning vujudga kelishi afsonaviy podshohlar Qayumars va Jamshid obrazlariga bog‘langan.
Ba’zi tadqiqotchilar esa uning tarixi 25-30 asrga borib taqalishini qayd etadilar. Shu bilan birga, Navro‘z aslida insoniyatning tabiat, astronomiya va butun borliq haqidagi yuz minglab yillik empirik bilimlari natijasida shakllangani ham muhim jihatdir.
Xo‘rlangan va tiklangan Navro‘z
Navro‘z asrlar davomida turli davlatlar, mafkuralar, dinlar va hatto dinsizlik davrlaridan o‘tib, bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
U o‘z tarixi davomida bir necha marta taqiqlangan yoki nishonlanishi cheklangan. Bu asosan mafkuraviy, diniy va siyosiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Masalan, Islom dini Markaziy Osiyoga tarqala boshlagan davrda ba’zi xalifalar Navro‘zni «begonalar an’anasi»deb hisoblab, uni nishonlashni cheklashga harakat qilishgan. Xususan, 8-asrda Abbosiylar xalifaligida xalifa Mansur va Xarun ar-Rashid Navro‘z munosabati bilan sovg‘a berish an’anasini bekor qilishga uringan. Ammo Navro‘z xalq orasida shunchalik chuqur ildiz otgan ediki, hatto xalifalarning saroyida ham uni nishonlash davom etgan.
Chingizxon va uning o‘g‘illari Markaziy Osiyoni bosib olganidan keyin mahalliy madaniyatlarning ta’sirini kamaytirishga harakat qilishgan. 1220-yillarda Chingizxonning o‘g‘li Chig‘atayxon Navro‘zni nishonlashni cheklagan, chunki uningcha, bu an’ana turkiy va eronlik xalqlarning milliy o‘zligini kuchaytirgan. Ammo bu taqiq uzoqqa bormagan, chunki keyingi Chig‘atay xonlari bu bayramni qayta tiklashga majbur bo‘lgan.
Sovet davlati mafkurasida milliy va diniy bayramlarga qarshi kurash kuchli bo‘lgan. Navro‘zni «din bilan bog‘liq, eski zamon qoldig‘i» deb hisoblashgan. 1920-yillarda Sovet hukumati Navro‘zni rasmiy taqiqladi, biroq xalq uni yashirincha nishonlashda davom etdi. 1960-1970-yillarda Turkiston, Buxoro va Samarqandda Navro‘z nishonlangani uchun ayrim ziyolilar ta’qib qilingan. 1980-yillarga kelib, Navro‘z qayta tiklana boshladi va 1988-1989 yillarda Markaziy Osiyo respublikalarida rasman qaytib keldi.
2009 yili Navro‘z YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, 2010 yili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 21 mart «Xalqaro Navro‘z kuni» sifatida e’lon qilindi.
Ko‘rinib turibdiki, Navro‘z asrlar davomida mafkuraviy, diniy va siyosiy bosimlarga qaramay, xalq orasida saqlanib qolgan. Bu uning umuminsoniy madaniy qadriyat sifatidagi muhimligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda Navro‘zga oid davlat siyosati
O‘zbekistonda Navro‘z bayrami 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida qayta tiklandi. Xususan, malkat Mustaqillikka erishganidan so‘ng Navro‘z bayrami davlat tomonidan alohida e’tiborga olindi. 1991 yildan boshlab mamlakat miqyosida rasmiy nishonlana boshladi, 1992 yilda esa 21 mart rasmiy ravishda bayram va dam olish kuni deb e’lon qilindi.
1994 yildan boshlab Navro‘z mamlakatning asosiy milliy bayramlaridan biri sifatida davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Har yili prezident ishtirokida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilib, Navro‘zning milliy madaniyat va an’analarni mustahkamlashdagi o‘rniga e’tibor qaratiladi. Aynan 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Hamon Navro‘z bayrami davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanadi. Har yili Prezident qarori bilan Navro‘zga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha maxsus tadbirlar rejasi tasdiqlanadi. Masalan, 2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» shiori ostida nishonlanishi rejalashtirilgan.
Davlat Navro‘zni nafaqat bayram sifatida, balki milliy birlik va an’analarni tiklash vositasi deb ko‘radi. Har yili mamlakatning turli hududlarida xalq sayillari, konsert dasturlari, teatr sahnalari va milliy taomlar festivallari tashkil etiladi. Qishloq joylaridagi aholi uchun davlat tomonidan xayriya tadbirlari o‘tkazilib, kam ta’minlangan oilalarga, keksalar va imkoniyati cheklangan kishilarga moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Navro‘z nafaqat madaniy, balki ekologik ahamiyatga ega bayram sifatida ham qo‘llab-quvvatlanadi. Bayram munosabati bilan hududlarda daraxt ekish, hasharlar, obodonlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi. 2020 yildan boshlab «Yashil makon» dasturi doirasida Navro‘z arafasida millionlab daraxtlar ekilishi an’anaga aylangan. Bu tashabbus muhitni yaxshilash va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish yo‘lidagi davlat siyosatining bir qismi hisoblanadi.
Navro‘z O‘zbekistonning xalqaro imiji uchun ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Navro‘zni jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida targ‘ib etishga katta e’tibor qaratadi. 2009 yilda Navro‘z YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi jarayonida O‘zbekiston faol ishtirok etgan. Shuningdek, 2010 yilda BMT 21 martni Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilganida ham O‘zbekiston bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Mamlakatda Navro‘z bayrami doirasida turli davlatlarning madaniy va diplomatik uchrashuvlari o‘tkazilib, turkiy va forsiy madaniyatlarga mansub xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Navro‘z haqidagi statistik ma’lumotlar
Navro‘z 12 dan ortiq mamlakatda rasmiy bayram sifatida nishonlanadi, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Turkiya va Iroq.
300 milliondan ortiq odam har yili Navro‘zni nishonlaydi.
O‘zbekistonda Navro‘z
Har yili mart oyida Navro‘z munosabati bilan 10 000 dan ortiq madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.
2024 yilda Navro‘z bayramida 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik ommaviy tadbirlarda ishtirok etgan.
Iqtisodiy va sayyohlik ahamiyati
Navro‘z kunlari turizm oqimi 20-30 foizga oshib, mehmonxonalar bandligi 80-90 foizga yetadi.
Bayram munosabati bilan bozorlarda qovurilgan don, sumalak va boshqa milliy taomlarning savdosi 40-50 foizga o‘sadi.
Navro‘z davrida O‘zbekistonda 5 000 ga yaqin sayyohlik tadbirlari tashkil qilinadi.
Navro‘z va xalq an’analari
Navro‘z kunlari jahonda 100 ga yaqin turli marosimlar va an’analar amalga oshiriladi.
Sumalak pishirish an’anasi 15-20 soat davom etadi va bu jarayonda o‘rtacha 20-30 kishi qatnashadi.
Bayram munosabati bilan o‘tkaziladigan xalq sayillarida millionlab odamlar ishtirok etadi.
Shaxnoza Soatova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter