Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nukus voqealari: Oliy sudda ko‘rilgan appelyasiya ishida yana 8 kishi shartli ozod etildi

Nukus voqealari: Oliy sudda ko‘rilgan appelyasiya ishida yana 8 kishi shartli ozod etildi

Bugun, 5-iyun kuni Oliy sudda o‘tgan yilning 1-2-iyul kunlari sodir etilgan Nukus voqealaridagi ishtiroki uchun turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan 16 nafar sudlanuvchi va ularning himoyachilari tomonidan birinchi instansiya sudi hukmi ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish yakunlandi va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining ajrimi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sud sudyasi A. Bekmanov raisligida hamda sudyalar S. Mamadaliyeva va A. Utayevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi. 

Oliy sud ajrimiga muvofiq, hukmning marhum P. Shamshetovga jazo tayinlashga oid qismi bekor qilindi. Shu bilan birga vafot etgan P. Shamshetovga tegishli bo‘lgan Nukus shahridagi J. Seitova ko‘chasida joylashgan 32-uy Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47 va 65-moddalari qo‘llanilgan holda marhumning merosxo‘rlariga qaytarilishi belgilandi.

Shuningdek:

  1. B. Kadirbergenovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  2. B. Seytniyazovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  3. S. Medetovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  4. Q. Seytimovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  5. P. Nurniyazovga tayinlangan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  6. S. Kalimovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  7. N. Sultamuratovga tayinlangan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  8. A. Temirxanovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirildi.

Ularning ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan har bir kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirilib, barchasi sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

D. Djiyemuratov, N. Nayipov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, A. Tokimbetov, A. Adilbekov va ularning himoyachilarining shikoyatlari esa qisman qanoatlantirildi.

Ya’ni:

  1. D. Djiyemuratovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;
  2. A. Tokimbetovga tayinlangan 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil 6 oy;
  3. A. Adilbekovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil;
  4. N. Nayipovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil;
  5. R. Bekmuratovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;
  6. S. Kaipovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga keltirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalro birinchi instansiya sudi hukmining L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev va A. Nuratdinovga oid qismiga nisbatan keltirilgan prokuror protesti rad qilingani va ularga tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilgani hamda D. Tajimuratovning shikoyati ham qanoatlantirilmagani haqida xabar berilgan edi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring