Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan oyda o‘zbekistonliklar 12,7 foizlik inflyasiyani sezishgan

O‘tgan oyda o‘zbekistonliklar 12,7 foizlik inflyasiyani sezishgan

Markaziy bank joriy yilning mart oyi uchun aholining inflyasion kutilmalari haqidagi so‘rovnomasi natijalarini e’lon qildi.

Jami 2135 nafar respondent qatnashgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mart oyida aholi tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib qolib, 12,7 foizni tashkil etdi.

Bunda kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida valyuta kursi o‘zgarishi hamda narxlarning sun’iy oshirilishini qayd etgan respondentlar ulushi oshgan bo‘lsa, yoqilg‘i va energiya resurslari va transport xarajatlari oshishini omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaygan.

Aholining eng yuqori inflyasion kutilmalari axborot texnologiyalari sohasida qayd etilgan bo‘lsa, kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha eng past kutilmalar turizm sohasida kuzatildi.

Aholi inflyasion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (17,2 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past inflyasion kutilmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,3 foiz) hamda Jizzax viloyati (7,9 foiz)da istiqomat qiladigan aholi tomonidan qayd etildi.

Hududlarda sezilgan inflyasiya bo‘yicha farqlar kengayib, deyarli 8 foiz bandiga yetgan. Ya’ni bu farq oxirgi oylarda, jumladan, fevralda 7 foiz, yanvarda 6,2 foizni tashkil etgan edi.

Shuningdek, hisobot oyida daromadlari 7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyasion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllangan.

O‘z navbatida, daromad guruhlari o‘rtasidagi farqlar ham oshmoqda. Eng yuqori, 15 mln so‘mdan ortiq daromad egalari 19,3 foizlik inflyasiya sezishgan bo‘lishsa, 2-3 mln so‘mlik daromad egalari 11,6 foizlik inflyasiyani sezishgan.

21 foizdan baland inflyasiya sezganlar ulushi Toshkentda 31 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiyda bu ko‘rsatkich 4 foizni tashkil qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring