Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston tarixchilar jamiyati Xorazm bo‘limi faoliyati davlat budjetidan ta’minlanadi

O‘zbekiston tarixchilar jamiyati Xorazm bo‘limi faoliyati davlat budjetidan ta’minlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Yig‘ilishda mamlakatda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Lekin bu to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. O‘tgan yili faqat 1,3 million xorijiy turist kelgan va eksport 400 million dollarga ham yetmagan.

Vaholanki, mas’ullarda Xorazmni mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biriga aylantirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani qayd etildi.

Viloyatda jami 263 ta madaniy meros ob’yekti mavjud. Bundan samarali foydalanib, turizm xizmatlarini tashkil etayotgan tadbirkorlar ko‘p. Lekin, Xiva shahri, Xiva va Yangiariq tumanlari hokimlari salohiyati yuqori 14 ta ob’yektni tadbirkorlar bilan turistik maskanga aylantirish bo‘yicha ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, Xorazmdagi ko‘plab madaniy yodgorliklar hali o‘rganilmay turibdi. Hazoraspdagi «Sulaymon qal’a», Bog‘otdagi «Qalajik qal’a» kabi tarixiy maskanlar, Yangiariqdagi «Xon bog‘i», «Olma otishgan qal’a» tarixiy ob’yektlari haqida ma’lumot kam.

Shu maqsadda tashkil etilgan O‘zbekiston tarixchilar jamiyatining Xorazm bo‘limi faoliyati davlat budjetidan ta’minlanishi belgilandi.

Mutasaddilarga chet eldan tajribali arxeologlarni jalb qilib, tarixiy obidalarni aniqlash va tiklash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududidagi 8 ta qadimiy qal’alarni o‘zaro bog‘lovchi to‘rt kunlik «Qal’a tur» marshruti ishlab chiqiladi. Ushbu qal’alar atrofida master-reja asosida xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring