O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan qariyb 45 ming dollarlik qoramollar to‘xtatib qolindi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati joriy yilning 30-iyul va 1-avgust kunlari mamlakat chegarasidan jami 34 bosh qoramolning O‘zbekistonga noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 30-iyul kuni Jalolobod viloyatining Axsi tumanida yashovchi 1992-yilda tug‘ilgan fuqaro A.u.N. chegara orqali 13 bosh qoramolini noqonuniy ravishda O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, huddi shunday holat joriy yilning 1-avgust kuni ham Olabuqa tumanining Aktam qishlog‘i hududida chegarachilar Qirg‘izistondan 21 bosh qoramol O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan 1989-yilda tug‘ilgan axsilik fuqaro S.K. ni qo‘lga olishgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan qoramollarning umumiy qiymati 3 million 725 ming som ( taxminan 44 786 AQSh dollari)ni tashkil qilgan.
Qirg‘iziston MXQ matbuot xizmatiga ko‘ra, har ikki holatda ham tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi va tegishli tartibda vakolatli organlar ixtiyoriga topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 78 bosh qo‘y-echki haydab o‘tmoqchi bo‘lgan 24 yoshli jalolobodlik fuqaroning qo‘lga olingani va tutib qolingan chorva qiymati 780 ming qirg‘iz somi (taxminan 9400 AQSh dollari)ni tashkil etgani haqida xabar tarqatilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter