Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-mart kuni Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
– Kuni kecha xalqimiz bilan Navro‘z ayyomini kutib oldik. Bugun, muqaddas Ramazon oyida mana shu tabarruk joyga kelib turibmiz. Bu ulug‘ kunlarga tinchlik-xotirjamlikda yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Ilohim, hamisha yurtimiz tinch, elimiz farovon bo‘lsin, hamma xayrli niyatlarimiz amalga oshsin. Bu majmuani Imom Buxoriy bobomizga munosib tarzda qurayapmiz. U ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Imom Buxoriy maqbarasi butun islom olamida e’zozli maskan. Ko‘p ming sonli ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda.
Majmuaning umumiy maydonli 44 gektar. Bugungi kunda mahobatli maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurib bitkazilgan. Balandligi 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Shuningdek, muzey, ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilgan.
Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bunda milliy an’analar va issiq ranglardan foydalanilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga «Sahihi Buxoriy»dan hadislar bitiladi.
Bundan tashqari, hududda ikki ming o‘rinli yigirmadan ortiq mehmonxona, xiyobonlar, to‘rtta tahoratxona barpo etiladi.
Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Shu haqdagi Prezident qarorida kalom ilmi sultonining Samarqand shahridagi majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish belgilangan.
Tashrif chog‘ida Prezidentimizga ushbu loyiha taqdimot qilindi.
Qayd etilganidek, Moturidiy majmuasida 1 ming 500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi.
Imom Abu Mansur Moturidiy islom olamida ixtiloflar avj olib, har xil firqalar ko‘paygan paytda yashagan, butun hayotini islomiy aqiydani himoya qilish va ma’rifatini yoyishga bag‘ishlagan. U zotning moturidiylik ta’limoti, «Ta’vilotul Qur’on», «Kitob at-Tavhid» kabi asarlari bag‘rikenglik va mo‘’tadillik tamoyillari bilan ahli sunna val-jamoaning ma’naviy asoslariga aylangan.
Davlatimiz rahbari bu tamoyillar bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidlab, alloma bobomizning merosini yanada keng o‘rganish va jahonga targ‘ib etish, majmuaga keluvchilarga sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yana bir xayrli loyiha – Oqdaryo tumanidagi Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga qaratilgan. Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridani biri bo‘lgan. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng, Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.
Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli avtoturargoh, tahoratxona qurilishi rejalashtirilmoqda.
Samarqand zaminidan yetishib chiqqan boshqa olim va mutafakkirlar, aziz avliyolarning qadamjolari ham bosqichma-bosqich ta’mirlanib, obod qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter