Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda 7 oylik chaqaloqqa sirka ichirildi

Qashqadaryoda 7 oylik chaqaloqqa sirka ichirildi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida 7 oylik chaqaloq ehtiyotsizlik natijasida sirka ichib, reanimatsiyaga tushib qoldi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7 fevralda tug‘ilgan bemor I. X. RShTYoIM Qashqadaryo filiali reanimatsiya bo‘limiga 2023 yil 9 sentyabr kuni soat 15:32 da og‘ir ahvolda olib kelingan.

Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, shu kuni soat 12:00 lar atrofida nazoratsizlik va ehtiyotsizlik oqibatida go‘dakka suvda eritilmagan yuqori konsentratsiyali sirka kislotasi ichirilgan. Oqibatda ahvoli og‘irlashgan go‘dak, dastlab Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasi bolalar shifoxonasiga keltirilgan. So‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialga yuborilgan.

Bemorga: «Sirka kislotasidan o‘tkir zaharlanish. Og‘iz bo‘shlig‘i, lablari, halqum, hiqildoq va qizilo‘ngach shilliq qavatlarining 1-2 darajali kimyoviy kuyishi, toksik nefrit, toksik miokardit, toksik pnevmoniya» tashxisi qo‘yilib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«Kasallikning ikkinchi sutkasida yuqori nafas yo‘llari kuyishi natijasida yuqori nafas yo‘llari stenozi va shishi rivojlanib, bemorda nafas yetishmovchiligi  3-darajasi  va yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida to‘satdan yurak to‘xtashi kuzatilgan. Intensiv reanimatsion choralar ko‘rilganidan so‘ng yurak urishi tiklandi va bemor sun’iy nafas apparatiga o‘tkazildi. Bemorda standart asosida to‘liq reanimatsion chora-tadbirlar davom ettirilmoqda», – deyiladi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.

Ma’lum qilinishicha, hozirda vaziyat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan. Bemorning ahvoli kasallikni kechishi va yuzaga kelgan asoratlar sababli og‘ir ahvolda.

«Ta’kidlash zarurki, 7 oylik chaqaloq uchun ushbu holat o‘ta og‘ir hisoblanadi. Bola organizmi hali bunday jarohatni ko‘tarishi qiyin. Bemor tana haroratining ko‘tarilishi toksik pnevmoniya bilan bog‘liq», – deyilgan xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring