Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bodring va uzum narxi oshganiga izoh berdi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bodring va uzum narxi oshganiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bodring narxi 9 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha, uzum esa 45 ming so‘mdan 90 ming so‘mgacha oshganligi haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Ichki bozordagi ushbu holat bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi izoh berdi.

Vazirlikka ko‘ra, bugungi kunda ochiq dalalarda yetishtirilgan bodring hosili  yig‘ishtirib bo‘lingan va ularning narxi mavsumda 1 kg uchun o‘rtacha 1,5- 2 ming so‘mni tashkil qilgan.

Tahlillarga ko‘ra, oldingi yillarda ham noyabr oyi o‘rtalariga kelib bodring narxi o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, 2021-yilda oldingi oylarga nisbatan noyabrda 1,3 barobarga, 2022-yilda esa 1,9 barobarga oshgan.

«Shu bilan birga, bugungi kunda dunyo bozorlarida ham narxlar sezilarli ko‘tarilgan, masalan 1 kg bodring Rossiyada 1,1-1,7 dollar, Qozog‘istonda 1,5 dollar, Polshada 1,6 dollarni tashkil etmoqda», – deyiladi vazirlik axbortida.

Ta’kidlanishcha, issiqxonlarda yetishtiriladigan mahsulotlar ichki bozor va eksport uchun chiqarilgan.

«Issiqxonalarda yetishtiriladigan bodring asosan avgust-sentyabr oylarida ekilib, noyabr oyining uchinchi dekadasi va dekabr oyining boshlarida terish davri boshlanadi.

Joriy yil mavsum boshida, ya’ni sentyabr oylarida tabiiy gaz ta’minoti masalasi to‘liq hal etilmagani uchun issiqxonalarda sabzavot ekinlarini ekish ishlari to‘xtab qolgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar noyabr oyi 3-dekadasi va dekabr oyi boshidan terimi boshlanishi bilan ichki bozorda narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda.

Vazirlik axborot xizmati uzum narxlari ko‘tarilishiga to‘xtalar ekan, ko‘p yillik monitoring kuzatishlarga ko‘ra, noyabr-dekabr oylarida uzum mahsulotlari saqlash uchun joylashtiriladi va bu narxlarning oshishiga olib kelgan.

«Xususan, 2022-yilning noyabr oyi narxi oktyabrga nisbatan 111,5 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yilda mos ravishda bu ko‘rsatkich 119 foizga o‘sgan. Jumladan, mahsulot navi bo‘yicha «Husayni» 15 - 25 ming so‘m, «toyfi» 15-20 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan «Rizamat ota», «Mersedes» kabi navlariga talab oshgan (1 kg uchun 90 ming so‘m atrofida).

Bundan tashqari, joriy yilda anomal sovuq ta’sirida, tokzorlarda 18 foiz mahsulot yo‘qotilgan. Bu holat Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham kuzatilgan. Bu eksport hajmi tushishiga ham ta’sir etib, yanvar-oktyabr oylarida ho‘l holdagi uzum mahsuloti eksporti 113 ming tonna (2022-yilga nisbatan 49 foiz yoki -123 ming tonna kam)ni tashkil etdi», – deya tushuntirish beradi vazirlik.

Ma’lumot uchun, tashqi bozorda uzumga bo‘lgan talabning oshishi hamda narxlarning yuqorilashi ichki bozorga ham ta’sir etgan. Xususan, 1 kg uzum narxi Rossiyada 2-6 dollar, Polshada 2,9 dollar, Tojikistonda 2,2 dollarni tashkil etyapti.

Shu bilan birga, joriy yil noyabr oyidan komunnikatsiya va logistika xarajatlari (xususan, elektr energiyasi narxi 3 barobar) ham oshishi uzum narxiga ta’sir ko‘rsatgan.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari oshishi bilan bog‘liq vaziyat tabiiy holat bo‘lib, bu qish mavsumi uchun issiqxonalarda bir muddat tayyorgarlik ishlari natijasida yuzaga kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring