Rossiya, AQSh va Xitoy yetakchilari Prezident Mirziyoyevni Navro‘z bilan tabrikladi

Rossiya, AQSh va Xitoy prezidentlari nomidan Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llandi.
Yetakchilar o‘z tabriklarida Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z munosabati bilan samimiy tabriklagan va o‘zaro munosabatlar hamda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar e’tirof etiladi.
«Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni bundan buyon ham do‘st xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida faol rivojlantiramiz, deb ishonaman», – deyiladi RF prezidenti Vladimir Putin tabrigida.
Donald Tramp esa ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilayotgan mustahkam rishtalarni qadrlashini bildirgan.
«Sizning izchil islohotlar dasturingizni olqishlayman. Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman.
Buyuk davlatlarimiz ravnaq sari intilayotgan bir paytda, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashga sodiq bo‘lib qoladi», – deb yozadi Tramp.
Xitoy hukumati rahbari Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni bayram bilan tabriklab, jumladan, o‘tgan yil iyul oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti doirasidagi do‘stona uchrashuvda Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgani, ikki tomonlama aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab olingani xususida to‘xtaladi.
«Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin do‘stligimizni yuksak qadrlayman.
Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va O‘zbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman», – deya o‘z tabrigini yakunlagan Si Szinpin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter