Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ro‘zigul Safarova: «Ekologiya sohasida ayol rahbar bo‘lsa tabiatni o‘z farzandidek himoya qiladi»

Ro‘zigul Safarova: «Ekologiya sohasida ayol rahbar bo‘lsa tabiatni o‘z farzandidek himoya qiladi»

Jamiyatimizda tabiat muhofazasi tizimida ayollar juda ham kam. Chunki o‘rmonchilik, ekologiya sohasiga «erkaklarning ishi», deb qaraladi. Ekologiya fanlari nomzodi Ro‘zigul Safarova ana shunday kam sonli fidoyi ekolog ayollardan biri hisoblanadi, ya’ni Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga rahbarlik qilib kelmoqda. Tabiatan intiluvchan, qattiqqo‘l rahbar, ammo mehribon ona Ro‘zigul Safarova ona tabiatimizga ziyon yetkazayotgan insonlarga nisbatan shafqatsizdir. Ana shunday insonlar borligi uchun ham bugun ekologik muammolar qisman bo‘lsa-da o‘z yechimini topmoqda.

– Ro‘zigul opa, nega bu sohani tanlagansiz?

– Tomirimda oqayotgan qonim, har bir olayotgan nafasimda ekologiya mujassam. 1988-yili Qishloq xo‘jaligi institutining o‘rmon xo‘jaligi fakultetini bitirib O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida ilk faoliyatimni boshladim. Bu yo‘nalishni tanlashimdan maqsad o‘rmon qo‘ynida ulg‘aydim. U yerdagi sokinlik, tabiatning go‘zal manzarasi doimo meni maftun etgan. O‘rmon xo‘jaligi fakultetiga hujjat topshirmoqchi bo‘lganimda, otam «Bu qiz bolaning ishi emas, doimo tog‘ma-tog‘ ot minib yurmaysan, turmush qurishing kerak, undan ko‘ra shifokor bo‘l, qiz bolaga shu kasb ma’qul», deganlarida «men fikrimdan qaytmayman, o‘rmonchi bo‘laman» deb, so‘zimda qat’iy turdim. Maktabni bitirib, Toshkentda qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirib qaytdim. Otam «Medinstitutga hujjat topshirdingmi?», deganlarida, jim turavergandim. Chunki yolg‘on gapirsam, aybimni bilib qoladi, yolg‘on gapirmasam «hujjatlaringni qaytarib ol», deydi. So‘ng yurak yutib, «Qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirdim» deganimda, otam: «Eh, qaysarsan, baribir bilganingdan qolmabsan-da» degan. Inson o‘zi tanlagan kasbini egallayman desa, hech narsa unga to‘siq bo‘la olmaydi.

Yoshligimizdan otam bizga ot minishni o‘rgatgani uchun, amaliyotda ham bemalol toqqa chiqib ketaverar edim. Chunki o‘zim holatni ko‘zim bilan ko‘rmasam, ishonmasdim. Ekologiya sohasiga birinchi marta kelganimda laboratoriyada ishimni boshlaganman. Aynan laboratoriyada ishlash, tahlillarni amalga oshirish menga ekologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish imkonini berdi. Laboratoriyadan bo‘lim, keyin inspeksiya boshlig‘i vazifalarida ishladim. 1994-yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish, ilmiy ishimni davom ettirish uchun Toshkent viloyati ekologiya qo‘mitasiga ishga kirdim. Boshqarma boshlig‘i meni ishga qabul qilayotganida «Qizim farzandlaringni qoldirib, shu yerga kelibsan, maqsading nima?» degan. Men:«avvalo, ilmiy ishimni yakunlashim kerak. Surxondaryo viloyati ekologiya qo‘mitasiga rais bo‘lib borishim kerak», deganman. Yillar o‘tdi. Toshkent viloyati ekologiya qo‘mitasining rahbari Turg‘un aka bir kuni «Surxondaryo viloyati ekologiya boshqarmasi raisi ishdan bo‘shabdi, ketasanmi?», deb qoldi. Men «ketaman» dedim. «Bu ayol kishining ishi emas», deya qaytardi. Ammo men qarorimda qat’iy edim. Sakkiz oylik chaqalog‘im bilan Surxondaryo viloyati ekologiya boshqarmasiga rais bo‘lib kelishim uchun buyruqqa ilk marotaba ustozim Xalilulla Sherimbetov imzo chekkan. Keyin ularning tavsiyalari bilan 2001-yili rahbar bo‘ldim. O‘sha paytlari Surxondaryoda Baxtiyor Olimjonov hokim edi. Baxtiyor aka meni e’tiborsiz qabul qildi – oriqqina qizga qarab, «Sen eplaysanmi?», dedi. «Eplayman», dedim. So‘ng «osmonda nechta qush uchadi?», deb so‘radi. Men:«Sanab ko‘rib, aytaman», dedim. «Surxondaryoda nechta daraxt bor? Hisob-kitobing bormi? »deb so‘radi. Men «Ish boshlasam hisobini olaman, hozir bilmayman», deb javob berdim. «Javob qoniqarli», dedi. «Boshqa savollaringiz bo‘lmasa, ketsam bo‘ladimi?», deganman. O‘sha paytlari hokimlar bilan qanday muomala qilish kerakligini ham bilmaganman. U «keting yoki ketmang» ham demadi. Darvozadan chiqayotganimda, eshik oldida turgan posbonlar: «Opa orqangizga qayting, hokim so‘rayapti» dedi...Hokim qo‘l berib: «Men siz bilan ishlayman», dedi.

– Yurtimizda aholining tabiatga munosabati afsuski yaxshi emas. Ushbu sohada yana qanday kamchiliklar bor va ularga qanday qilib yechim topish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Kadrlar masalasiga keladigan bo‘lsak, albatta 90 nafar xodim bu hududiy jihatdan katta viloyat uchun aslida kam. Hozirda 1 ta tumanda 1 yo‘nalish bo‘yicha atigi 1 nafar inspektor faoliyat olib boradi. O‘simlik dunyosining bioxilma-xilligi yo‘nalishida tuman miqyosida 1 nafar, viloyat boshqarmasida 2 nafar inspektor ishlaydi. Agar 1 tumanning o‘rtacha 40-60 ming gektar yer maydoni bo‘lsa, birgina inspektor «Yashil makon» loyihasi bo‘yicha o‘tqazilgan daraxtlar sonini ham aniqlashi, ham ularning parvarishini nazorat qilishi hamda sug‘orish tizimini ko‘zdan kechirishi kerak. Men har doim xodimlarni ishga olayotganda bir qoidaga amal qilaman. Ularni darrov biror lavozimga tayinlab qo‘ymayman, aksincha dastlab har bir yo‘nalish bo‘yicha yaxshi tayyorgarlikdan o‘tkazib boraman. Suv, chiqindi bilan ishlash, o‘simlik va hayvonot dunyosi kabi yo‘nalishlarni yaxshi o‘rganib, professional mutaxassis bo‘lgandan so‘ng ish lavozimiga tayinlayman. Natijada 1 tumanda 4-5 ta inspektor faoliyat olib boradigan bo‘lsa, ularning barchasi turli yo‘nalishlarda muammosiz ishlay oladi.

– So‘nggi vaqtlarda o‘simlik va hayvonot dunyosiga insoniyatning zarari tobora ortib, buning ortidan ularning turlari ham kamayib bormoqda. Aynan Surxondaryo viloyatida sanoqligina sirtlon yashaydi. Cho‘ponlar tomonidan ularni qirib yuborish holatlari ham sodir bo‘lmoqda. Aynan sirtlon «Qizil kitob»ga kiritilgan, ammo uni muhofaza qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar qoniqarli darajada emas. Noyob turdagi o‘simlik va hayvonlarni asrab qolish uchun qanday usullardan foydalanish to‘g‘ri bo‘lardi?

– «Qizil kitob»ga kiritilgan noyob turlarni asrab qolish hozirgi kunda eng og‘riqli nuqtalardan biri. Birinchi galda xalqning o‘simlik va hayvonot dunyosiga bo‘lgan munosabatini, madaniyatini o‘zgartirishimiz kerak. Lekin faqat bu orqali ijobiy natija kutish qiyin, bu uslub yillar davomida o‘z samarasini deyarli bermay keldi. Bugun Surxondaryo davlat qo‘riqxonasi ikkita yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda. Birinchisi flora va faunani asrash bo‘lsa, ikkinchisi grantlar bilan ishlash. Bioxilma-xillik borasida tadqiqotlar o‘tkazayotgan olimlar soni juda ham kam. Bu borada ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish zarur. Endi cho‘ponlar ichida tabiatga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotganlari kam emas. Ularga nisbatan qonuniy choralarni kuchaytirish lozim. Zero, tabiatga zarar yetkazayotgan inson, albatta qonun oldida javob berishi kerak.

Mana bugungi kunda brakonerlar ko‘payib ketdi. Ovchilik yo‘llanmasini qo‘liga oladi-da, ammo unga rioya etmay, amalda tabiatga ziyon yetkazadi, jonivorlarni qiradi. Bu muammoli masalaga yechim topish uchun bir brakonerning orqasidan u nima qilayotganini kuzatib yurish qiyin ish. Shu bois men tajribamga tayangan holda ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan va juda ko‘p insonlar qo‘llab-quvvatlagan ishga qo‘l urdim. 2001–2010 yillarda ikki yuz nafar jamoatchi inspektorim bo‘lardi. U paytlar birorta viloyatda yo‘q edi, bu kabi jamoatchi inspektorlarni faoliyatga jalb qilish tajribasi. Fondimizga o‘zimiz ega bo‘lganimiz sababli jamoatchi inspektorlar hatto shtatdagi inspektordan ko‘proq oylik maosh olgan paytlar bo‘lgan. Chunki jamoatchilar aniq bajargan ishi, keltirgan nafi uchun pul olardi. Masalan, g‘alla o‘rim-yig‘imi paytida don yig‘ishtirib olingan maydondagi somonga olov qo‘yilsa, ishonch telefonlarimiz orqali bizga xabar berishardi va biz hokim yoki fermerdan oldin voqeadan xabar topib, olovni o‘chirishga kirishardik. Maqsadimiz yong‘in uchun fermerga jarima solish emas, balki ana shunday yong‘inlarning oldini olish bo‘lgan.

Hozir men jamoatchilik inspektorlar faoliyatini qayta tiklashga kirishdim. Noyabr oyidan beri asosan jamoatchi inspektorlar bilan ishlayapman. Yaqinda, Muzrabod tumanidan bir guruh ovchilar hayvonlarni ovlayotgani haqida xabar keldi. Kechqurun tezkor guruhni jo‘natdim. Milliy gvardiya bizga yordam berdi. Kamida 7 nafar ovchi-brakonerlarni ushladik. Ov mavsumi boshlanishidan oldin televideniye, radio, gazeta va saytlar orqali to‘liq tushuncha va ma’lumotlarni beramiz, nima mumkinu, nima taqiqlanishini tushuntiramiz. Ovchilarga «noqonuniy xatti-harakat qilmang, ruxsatnoma bilan ishlang, aksincha, ertaga chora ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi. Keling, bir-birimizni hurmat qilaylik va qo‘llab-quvvatlaylik, jonzotlarni asraylik», deb murojaat qilamiz. Lekin, tan olish kerak, murojaatlarimiz hammaga ham birdek yetib bormayapti yoki boshqacha aytadigan bo‘lsak, hamma ham kuyunishimizning mag‘zini chaqmayapti.

Mana ov mavsumi boshlanishi bilan tabiatga, jonzotlarga zarar yetkazilgani bo‘yicha 7-8 ta holat aniqlanib turibdi. «Qonun-qoidalar men uchun emas, bemalol ularni buza olaman va menga hech narsa bo‘lmaydi», deb hisoblaydigan ayrim ashaddiy huquqbuzarlarning aybi bo‘yniga qo‘yilgach, qilmishini televideniye orqali xalqqa ko‘rsatamiz. Qavm-qarindosh, mahalla-ko‘y, eng asosiysi, farzandlari oldida yuzi shuvut bo‘lgan odam ikkinchi marta qonun-qoidalarni mensimaslik ko‘chasiga kirmaydi. Masalan, ana shunday qilmishi uchun hatto farzandlaridan ham tanbeh eshitgan bir yigit yaqinda jamoatchi inspektorlarimiz safiga qo‘shildi.

– Ro‘zigul opa, Surxondaryodagi Payg‘ambar oroli bioxilma-xilikka boy, ammo ekologuz telegram kanalimiz botiga kelgan xabarga ko‘ra, ichki ishlar va boshqa kuch tuzilmalari xodimlari «Qizil kitob»ga kiritilgan Buxoro xongulini ovlashayotgan holatlari kuzatilayapti. Aytingchi, huquq-tartibot organlari bilan ham kurashishga kuchingiz yetadimi?

– Payg‘ambar oroli chegara hududi hisoblanadi. Orolning naryog‘i Afg‘oniston. U yerga borsangiz, naryoqdagilar tandir yoqyaptimi, ovqat pishirayaptimi shundoq ko‘rinib turadi. Chegara hududi bo‘lgani uchun bizga u yerga kirishga ruxsat yo‘q, biz u hududda ishlay olmaymiz. Agar harbiy prokuratura bizdan mutaxassis so‘rasa, kirishimiz mumkin.

– Harbiy prokuraturaga brakonerlik holatlari bo‘yicha ariza bersangiz bo‘lmaydimi?

– Buning uchun qo‘limizda aniq fakt bo‘lishi kerak, fakt bo‘lmasa arizamiz qabul qilinmaydi. Fakt bo‘lishi uchun esa, biz avval, ichkariga kirib ko‘rishimiz kerak. Masalan, orolda 860 ta xongul bor. U yerda sodir bo‘layotgan brakonerlik holatlarining oldini olish uchun harbiy prokuratura tarkibida kichik ekologik guruh, ya’ni o‘sha joyning hayvonot olamiga ham, o‘simlik dunyosiga ham mas’ul bo‘lgan jamoa shakllantirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ya’ni, bizga axborot berishmasa ham, o‘sha joyni saqlab qolish uchun o‘zlari harakat qilsin, degan masala bilan chiqqan edik. Ammo natija bo‘lmadi. Agar ruxsat berish imkoniyati bo‘lsa, bir oyda bir martami, bir yilda ikki martami inspektorlarimiz orol hududiga kirsin. Shu orqali hayvonot va o‘simlik dunyosi saqlanib qolgan bo‘lardi.

– Bu bergan taklifingizga javob keldimi?

– Yo‘q, hali javob kelmadi. Chegara qo‘shinlarigayam bu bo‘yicha xat chiqardik, o‘sha siz eshitgan xabarlar bizning ham qulog‘imizga chalinib turadi-da, lekin fakt yo‘q. Agar bo‘lsa, biz uni chegara qo‘shinlariga yuboramiz, chegara qo‘shinlari baribir bizdan mutaxassis so‘raydi, chunki o‘zlarida mutaxassis yo‘q. Shunda biz kira olamiz, holatni o‘rganib chiqamiz. Har qanday holatdayam, ularning tarkibida ekologiya bo‘yicha guruh ochilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

– Fikrimcha, O‘zbekistonning hayvonot dunyosini saqlab qolish uchun hech bo‘lmasa uch yilga moratoriy joriy qilish lozim, chunki ayni paytda hayvonlarimiz qirib tashlanayapti. Bu borada siz qanday fikrdasiz?

– Ko‘nglimdagi gapni aytdingiz, hayvonot dunyosiga ham, o‘simlik dunyosiga ham uzluksiz moratoriy berish kerak, deb hisoblayman. Agar moratoriy bo‘lsa, otiladigan hayvonmi, otilmaydigan hayvonmi, qanchasini asrab qolamiz.

– Jamoangizda erkaklar ko‘p, ularni boshqarishga qiynalmaysizmi?

– Jamoamizda men bilan birgalikda 14 nafar ayol bor. Ular asosan kadrlar bo‘limida, yordamchi yoki farrosh bo‘lib ishlashadi. Men ayollar rahbar bo‘lishini juda istayman. Chunki ayol ichmaydi, chekmaydi, qolaversa, o‘zimdan qiyos, bolalarimni qanchalik yaxshi ko‘rsam, qanday munosabatda bo‘lsam, ekologiyaga, hayvonot dunyosiga ham shunday muomalada bo‘laman. Men ularni asrash uchun hamma narsaga tayyorman. Bitta daraxt kesilsa, ayamayman, zarur bo‘lsa prokuraturagacha olib boraman. Qo‘l ostimdagi odamlarga nisbatan juda ham qattiqqo‘lman. Albatta, bu narsa ko‘pchilikka yoqmaydi.

– Boshqarmaning tuman bo‘limlarida boshqa ayol rahbarlar bormi?

– Yo‘q, agar, yaxshi ayol rahbar bo‘lsa, jon deb olardim ishga. Bir yig‘ilishda, oldingi hokimimiz bilan «Yashil makon» bo‘yicha sal kelishmovchilik bo‘ldi. Oldiga kirmoqchi bo‘lsam, opa siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q, dedi. Yurib ketayotganida, shunday oldiga chiqdim-da, «gaplashasiz, siz hokim bo‘lsangiz, men boshqarma boshlig‘iman, mening ham muammolarim bor, mening ham siz bilan hal qiladigan ishlarim bor. Hokim bo‘lsangiz, vazifangizni bajaring», dedim. Aytmoqchimanki, ba’zida ayollarning shartakiligi biron masalaning hal bo‘lishida asqotadi.

– Ayni paytda ekoinspektorlarga berilishi kerak bo‘lgan vakolatni ichki ishlarga berishdi. Ular hozir o‘zlarining vazifalarini to‘liq bajara olmayapti, faqatgina jarima undirishayapti.

– Ko‘pchilik, shunday deb o‘ylaydi, lekin shu sohaning boshida yurganim uchun aytaman, maqsad jarima undirish emas bizda. Shunday tizim yaratyapmizki, daraxt kesilib, jarima undiradigan holat bo‘lishini kutmaymiz. Jamoatchilik inspektorlarimiz yaxshi ishlashadi, masalan, siz borib daraxtni kesmoqchisiz, shubha ostiga olib, nazorat qilishadi. Bu yerga ishga kelganimdan buyon, yuqoridan ham bunday topshiriq bo‘lgani yo‘q.

– Ammo boshqa viloyatlarda inspektorlar bilan gaplashganimizda «shuncha jarima olib kelasan», deb ularning zimmalariga qo‘yishlarini aytishgan.

– Ularda shunday bo‘layotgandir, lekin bizning tizimda bu narsa yo‘q. Masalan, oldimdan chiqindi chiqib qolsa, uni ko‘rib turib, ko‘rmaslikka ololmayman. Inspektorlarni shunga tayyorlayman. Ammo jarima ko‘plab solinmoqda, chunki daraxt kesilish holatlari juda ko‘p. Biz tinimsiz OAV bilan ishlaymiz. Aynan ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlar ortida muvaffaqiyat yotadi. Chunki ular bizning mehnatimizni xalqqa ko‘rsatib berishadi.

– Ekoinspektorlarning vakolatlarini kengaytirish kerakmi?

– Albatta. Ekopatrul joriy etildi, ammo ular hozircha deyarli ish qilishgani yo‘q, nazoratni ham, jarimani ham o‘zimiz qilamiz. Ekologiyani asrashga fidoyi insonlar kerak. Ichki ishlar boshqa narsaga jon kuydirishi mumkin, ammo ekologiyani asrash uchun jon qayg‘uradiganlari kam. Buning uchun tabiatni sevish shart. Bizning uchta migratsiya zonamiz bor. Har yili u yerga qushlar kelib, bolalab, uchib ketadi. Hozir shularga don sochib chiqyapmiz, chunki sovuqda ularni asrashimiz lozim.

– Inspektorlar ichida xotin-qizlar ham bormi? Ularning sonini ko‘paytirish tarafdorimizsiz, ko‘paytirishga harakat qilyapsizmi?

– Bor, uch nafar ayol ekoinspektorimiz bor. Ayollar o‘z oilasidagi yumushlarni bajarish, farzandining tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham ulgurishi lozim. Men oilamdagi vazifalarimni ado etib, shu bilan birga, juda katta jamoani ham boshqarishim kerak. Ayollarni ham bir joyga ishga olish uchun shu masalani o‘rtaga qo‘yaman. Ro‘zg‘oring, oilang senga birinchimi, yoki ishingmi? Agar ikkalasini teng qilaman desang, baribir bittasini yo‘qotasan. Yo‘q, ulguraman, desang, sen kechasi bir soat uxlashing kerak. Shunga tayyormisan qizim, deyman. O‘ylanib qolishadi. Bir harakatchan, chaqqon qizni bo‘limga rahbar qilmoqchi bo‘ldim. Chaqirtirdim. «Qizim, oilalimisiz, nechta bolangiz bor, ering ishingizga xayrixohmi», dedim. Jim qoldi. «Sizni bir bo‘limga rahbar qilmoqchi edim», desam: «Opajon, yo‘q, turmush o‘rtog‘im qo‘ymaydi, kechasi borsam, janjal boshlanadi», deydi. Ayollarni rahbar qilib tayinlashda aynan qiyinchilik ana shu yerda. Ularni oilasi qo‘llab-quvvatlamaslikda. Agarda men ularni rahbar qilib qo‘ysam, oilasini yo‘qotishini xohlamayman. Shuning uchun ham ayol rahbarlar kam. Men ayollardan rahbarlar bo‘lishini juda ham xohlayman. Ammo rahbarlikka kelganda, ularning ikki tomonni ham birdek olib borish qiyin kechadi, chunki jamiyatimizda uy-ro‘zg‘or tashvishlari barchasi ayollar zimmasiga yuklatilgan. Aksariyat holatda esa ishdan kech qolsa, boshi tashvishdan chiqmaydi. Ayol rahbarlar, ayniqsa, tabiatni muhofaza qilish tizimida juda ham zarur. Chunki ular tabiatga mehribon bo‘lishadi. Azaldan ayoldagi onalik, ya’ni farzandi, oilasini himoya qilish instikti aynan tabiatga ham ko‘chadi. Bular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq masala.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Nargis Qosimova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring