Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqda teng imkoniyat: Davlat tibbiy sug‘urtasi nimani o‘zgartiradi?

Sog‘liqda teng imkoniyat: Davlat tibbiy sug‘urtasi nimani o‘zgartiradi?


Bosqichma-bosqich joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi aholini sifatli va barcha uchun teng tibbiy xizmat bilan ta’minlashni maqsad qilgan.
Kecha Toshkent shahridagi 54-oilaviy poliklinikada shu mavzuda ochiq seminar-trening tashkil etildi. Unda tibbiyot xodimlari, soha mutaxassislari va jurnalistlar qatnashib, davlat tibbiy sug‘urtasining nazariy asoslaridan tortib, amaliy muammolarigacha ochiq muhokama qilindi.


Asosiy g‘oya: bemorning ortida davlat turadi
Seminarda ta’kidlanganidek, davlat tibbiy sug‘urtasi orqali endi har bir tuman shifoxonasi natijaga qarab mablag‘ oladi. Bemorga qanchalik sifatli xizmat ko‘rsatilsa muassasa shuncha ko‘p mablag‘ bilan ta’minlanadi. Bu shifokorni bemor manfaatiga ishlashga undaydi.
Fuqarolar uchun esa eng katta o‘zgarish «o‘z cho‘ntagidan» chiqadigan xarajatlarning qisqarishi va qaysi kasalxonada, qaysi shifokorda davolanishni tanlash huquqi. Ayniqsa, gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, 2-tur qandli diabet, bronxial astma va XOBL bo‘yicha bemorlarga dori vositalari davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.
Bu – «Reimbursatsiya» deb ataladi
Poliklinikada navbatda turgan 52 yoshli Alisher Rahimov o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi:
– Menda gipertoniya bor. Uch yildan beri har oy reimbursatsiya dasturi bo‘yicha tekin dori olayapman. Ilgari doriga pul topolmay, ba’zan tanaffus qilib qo‘yardim. Endi esa hech qanday tashvish yo‘q. Shifokor elektron retsept yozadi, men dorixonadan borib olaman. Bu narsa hayotimni yengil qildi...
Aslida «reimbursatsiya» dori vositalarining qiymatini davlat o‘z zimmasiga oladigan tizimdir. 2021-2025 yillarda 82 726 nafar bemorga 211 782 ta elektron retsept orqali xizmat ko‘rsatilgan, 816 ta dorixona reimbursatsiya tizimiga jalb qilingan, jami 4,79 trln so‘mlik dori vositalari davlat tomonidan qoplab berilgan.
Imkoniyat faqat poytaxtda emas
Seminarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning o‘zida Toshkent shahrida 19 127 bemor 1,4 mlrd so‘mlik dori bilan ta’minlangan, Sirdaryo viloyatida 22 036 bemor 4,9 mlrd so‘mlik yordam olgan. 2025- yilning 4 oyida 27 104 nafar bemor 223,1 mlrd so‘mlik bepul, yuqori texnologiyali jarrohlik xizmatlaridan foydalangan. Ularning orasida yurak, miya qon-tomir operatsiyalari, buyrak va jigar transplantatsiyasi, endoprotezlash kabi murakkab jarrohlik ishlari ham bor.
Bunday murakkab jarrohlik orderlari «mis2.ssv.uz» elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
«mis2.ssv.uz» tizimi qanday ishlaydi?
– Bu sog‘liqni saqlash vazirligining ichki elektron yo‘llanmalar va murojaatlar tizimi, – deydi poliklinika bosh shifokori Dilfuza Abdurahimova. – Har bir order, jarrohlik tavsiyasi, bemor ma’lumoti aynan shu platformadan o‘tadi. Biz hozir 43 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatayapmiz. Va har bir bemor uchun to‘g‘ri elektron yo‘llanma berish, sug‘urta nizomi asosida kerakli ma’lumotlarni tizimga kiritish – bizning mas’uliyatimiz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu platformadan foydalanish barcha shifokorlarning hisobot berish, bemorni adolatli tarzda navbatga qo‘yish va xizmatni to‘g‘ri tashkil etishdagi mas’uliyatini kuchaytiradi.
Kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi – bu nima?
Shuningdek, bosh shifokor ta’kidlashicha: davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida aholiga «kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi» taklif qilinadi. Bu paket shunday xizmatlar to‘plami: fuqaro u yoki bu imtiyozli toifaga kirishiga qaramasdan, barchaga teng va bepul asosda taqdim etiladi. Masalan, birlamchi tibbiy yordam (qon bosimini o‘lchatish, qon tahlili, EKG, shifokor qabullari), eng zarur diagnostika va tahlillar, muddatli va davriy dispanser kuzatuvlari, ayrim ehtiyojlarga asoslangan holda kasallikni erta aniqlash tadbirlari. Bu paket, aholining keng qatlamiga kafolatlangan, bepul xizmatlarni taqdim etib, ularni kasallikning og‘ir bosqichlarigacha borib qolishdan saqlashga xizmat qiladi.
Demak, sug‘urta faqat davolash emas, balki kasallikni oldini olish hamdir.
Nodavlat muassasalar ham tizimga qo‘shilyapti
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi nafaqat davlat, balki xususiy tibbiyot muassasalari bilan ham hamkorlik qilmoqda. 2025-yilning 4 oyida 46 ta xususiy tashkilot orqali 924 bemorga 18,1 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan. 2024-yilda esa 3 508 bemor xususiy muassasalar orqali 70,2 mlrd so‘mlik jarrohlik va diagnostika xizmatlarini olgan.
Seminarda jurnalistlardan biri hayotiy savolni o‘rtaga tashladi:
– Bir bemor order oldi, lekin kasalxonaga borganda «siz uchun mablag‘ to‘lanmagan» degan javob oldi. Bu holatda kim javobgar?
Davlat tibbiy sug‘urtasi mutaxassisi M.Ergashevaning javobi shunday bo‘ldi:
– Ha, bunday holatlar bo‘lgan. Ayniqsa, raqamlashtirish to‘liq joriy qilinmagan hududlarda. Lekin bemor ham o‘zining qaysi xizmatlarga imtiyozli ekanini, qanday shartlar asosida bepul jarrohlikka yoki dori vositalariga ega ekanini aniq bilishi kerak. Chunki order olish uchun belgilangan talablar bor va ularga javob berish lozim.
Elektron tizim joriy etilgani sababli endilikda hech qanday ko‘zbo‘yamachilikka hojat qolmaydi. Har bir bemor elektron hisobotda ko‘rinadi va shifokorlar bemorga xizmat ko‘rsatgani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatdan mablag‘ oladi. Bu esa ularni bemor bilan jiddiy shug‘ullanishga majbur qiladi.


Sug‘urta tizimi haqida aholining xabardorlik darajasi qanday?
– Bu tizimda fuqarolarni xabardor qilish asosan oilaviy shifokorlar zimmasiga yuklangan, – deydi ijro etuvchi direktor o‘rinbosari Ulug‘bek Qandimov. – Qolaversa, 1149 qisqa raqamli koll markazimiz ishlab turibdi. Har bir shifokor o‘z hududida kim qaysi imtiyozga ega, kimda qanday xastalik borligini aniqlab, tizim orqali elektron yo‘llanma tayyorlaydi. Masalan, hozir bosh shifokor poliklinikaga qancha aholi murojaat qilishini raqamini to‘liq aytdi, chunki har bir bemor ortida mablag‘ turibdi va shu mablag‘lar to‘g‘ri taqsimlansagina shifoxona ham o‘sha mablag‘ga ega bo‘la oladi. Bemor esa qaysi kasalxonada davolanishni o‘zi tanlaydi. Agar raqamlashtirish to‘liq joriy etilsa, ishimiz yanada yengillashadi. Tizimning kelajagi bor – faqat to‘liq va shaffof ishlashi kerak. Davlat tibbiy sug‘urtasi bu islohot va har qanday islohot singari, u ham vaqt talab qiladi. Bugungi holatda tizim to‘liq ideal ishlayapti, deb bo‘lmaydi, oldinda hali tizimni to‘liq raqamlashtirishdek vazifalar turibdi. Ammo eng muhimi, uning shaffoflik va tenglik tamoyillariga asoslangani. Ushbu sug‘urta tizimi Toshkent, Sirdaryo, Qoraqalpog‘iston aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari kesimida yo‘lga qo‘yilmoqda, undan keyin esa qolgan barcha viloyatlarni qamrab oladi. Umuman olganda, bu tizimning asosiy maqsadi tibbiy muassasalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish.
Davlat tibbiy sug‘urtasi har bir inson hayotini yengillashtirishga qaratilgan insonparvar g‘oya. Elektron hujjatlar, hisobotlar, resurslarni maqsadli yo‘naltirish va bemor huquqlarini ta’minlash yo‘lida aniq qadamlar qo‘yilyapti. Tizimdagi muvaffaqiyatlar bilan birga, joylardagi ayrim amaliy muammolar ham ochiq muhokama qilinmoqda.
Ishonch va shaffoflikka asoslangan yondashuvni davom ettirish orqali, sog‘liqni saqlash xizmatlarini yanada samarali, barcha uchun teng qilib yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu yo‘lda bemorning xabardorligi, shifokorning mas’uliyati va davlatning yetarli qo‘llab-quvvatlashi teng darajada muhim.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring