Tailand o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim muddatini qisqartirmoqda
Tailand hukumati 90 dan ortiq davlat fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar uchun mamlakatda vizasiz bo‘lish muddatini keskin qisqartirmoqda. Maqsad — xorijliklar ishtirokidagi jinoyatlarni cheklash.
«The Guardian» nashrining yozishicha, turizm Tailanddagi ish o‘rinlarining muhim manbai. Shunga qaramay, hukumat sayyohlar tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklar sabab immigratsiya qoidalarini kuchaytirishga majbur bo‘ldi.
Hukumat vakiliga ko‘ra, sayyohlar iqtisodiyotga foyda keltirmoqda, ammo amaldagi tizim ayrim shaxslarga uni suiiste’mol qilish imkonini beryapti.
Sayyohlar o‘rtasida do‘kondan o‘g‘irlik qilishdan tortib jamoat joylarida axloqsiz xatti-harakatlargacha bo‘lgan qonunbuzarliklar keng tarqalgan. Shuningdek, ayrim xorijliklar mamlakatda belgilangan muddatdan ortiq qolib ketishi va turistik hududlarda ruxsatnomasiz biznes yuritishi holatlari ko‘paygan. Transmilliy jinoiy guruhlar ham yengil immigratsiya qonunlaridan foydalanmoqda.
Tashqi ishlar vaziri Sixasak Pxuangketkeu Tailand muayyan bir davlatni nishonga olmayotganini, balki viza tizimidan foydalanib jinoyat sodir etayotgan shaxslarga qarshi chora ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 93 ta davlat, jumladan O‘zbekiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropaning Shengen hududi va Avstraliya kabi davlatlar uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilindi.
Endi sayyohlar mamlakatda vizasiz 30 kun qolishlari mumkin. Biroq bunday imtiyozdan foydalanuvchi davlat va hududlar soni ham 57 tadan 54 taga qisqartiriladi. Qaysi davlatlar ro‘yxatdan chiqarilishi hozircha noma’lum.
Hukumat vakilining ma’lum qilishicha, sayyohlar immigratsiya idorasiga murojaat qilib, vizani bir marta uzaytirish imkoniga ega bo‘ladi.
«60 kunlik muddat avtomatik tarzda berilgan edi. Endi esa uzaytirish masalasini immigratsiya xodimi hal qiladi va sayyoh nega uzoqroq qolmoqchi ekanini tushuntirishi kerak bo‘ladi», — dedi u.
Tailand 2024 yilda turizm sohasini koronavirus pandemiyasidan keyin tiklash maqsadida vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar sonini ko‘paytirgan va mamlakatda qolish muddatini 60 kungacha uzaytirgan edi.
Turizm mamlakat YaIMining 10-20 foizini tashkil qiladi. Biroq sayyohlar soni hali pandemiyadan oldingi darajaga qaytmagan. Bunga AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida aviayoqilg‘i va aviachiptalar narxi oshgani ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Bangkok Post» nashrining yozishicha, 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida Tailandga kelgan xorijliklar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,45 foizga kamaygan. Bu yilgi sayyohlar oqimi bo‘yicha prognoz ham pasaytirilgan — 35 million o‘rniga endilikda 32 million sayyoh kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter