Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi

Prezidentning joriy yil 20-apreldagi tegishli qarori bilan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi.
Hujjatga muvofiq, Respublika markazi, jumladan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi.
Respublika markazi faoliyatiga umumiy rahbarlik Prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, vakolatli davlat organlari maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni Respublika markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter